00:04 / 30.11.2020
2 862

Trampdan yangi saylangan prezident Baydenga kutilmagan «sovg‘a» (foto)

Trampdan yangi saylangan prezident Baydenga kutilmagan «sovg‘a» (foto)
Foto: «AFP 2020 / IRIB NEWS AGENCY»
Joriy yil 27 noyabr kuni Tehron shahri yaqinidagi qasabada eronlik taniqli fizik olim Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishiga doir yangi tafsilotlar ma’lum bo‘lmoqda.

Ismi oshkor etilmagan Amerika hukumati vakili hamda maxsus xizmatning ikki xodimi olimning o‘ldirilishi ortida Isroil turganini ma’lum qilgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu devonxonasi suiqasd borasida izoh berishdan bosh tortgan. AQSH mudofaa vazirligi ham ushbu hodisaga munosabat bildirishdan tiyilgan. Ammo kuzatuvchilar, qotillik ortida Isroil maxsus xizmati turgani ehtimoli juda yuqori degan fikrda.

Isroil hukumati rahbari B.Netanyahu 2018 yili Eron yadro dasturiga doir maxfiy ma’lumotlarni oshkor etar ekan, professorning suratini ko‘rsatib, «Ushbu ismni eslab qolinglar: Muhsin Faxrizoda!» deya xitob qilgan edi. Qolaversa, bunga qadar, 2010-2012 yillarda mazkur davlat maxsus xizmati tomonidan Eronning yana to‘rt nafar yadro sohasi mutaxassisi o‘ldirilgan edi.

Eron mudofaa vazirligining innovatsiya va tadqiqotlar bo‘limi rahbari, Imom Husayn nomidagi universitet professori sanalgan Muhsin Faxrizoda ko‘p yillar davomida mamlakatning yadro sohasidagi tadqiqotlariga boshchilik qilgan. Ayrim G‘arb nashrlari Faxrizodani Ikkinchi jahon urushida AQSHda yadro qurolini yaratish loyihasiga boshchilik qilgan Robert Oppengeymga muqoyasa etishadi. Faxrizoda «Eron yadro sohasining otasi» deb ham atalishi ham bejiz emas. Eron bilan murosasiz muxolifatda bo‘lgan qo‘shni davlat maxsus xizmati Faxrizodani avval ham o‘ldirishga uringan, ammo suiqasd muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Professor Muhsin Faxrizodaga qadar, 2010-2012 yillarda Eronning yadro fizikasi bo‘yicha yana to‘rt olimi ham o‘ldirilgan. Foto: «AP»
Shanba kuni davlat televideniyesi orqali bayonot bergan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy ham suiqasdda Isroilni aybladi. Ayni choqda, olim vafot etgan bo‘lsa-da, yadro bo‘yicha tadqiqotlar davom etishini ta’kidladi. Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif esa qotillikni «davlat terrorchilik harakati» deb atadi.

Qayd etilishicha, Muhsin Faxrizoda ketayotgan mashinaga bir guruh jangarilar qurolli hujum uyushtirgan. Jangarilar va qo‘riqchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvda olim og‘ir jarohatlangan. Shifokorlarning urinishlariga qaramay, u shifoxonada vafot etgan.

AQSH milliy xavfsizlik kengashi qoshidagi qurollanishga qarshi tuzilmaning sobiq rahbari Erik Bryuerga ko‘ra, professor Faxrizodaning o‘ldirilishi u boshchilik qilayotgan loyihalarning to‘xtab qolishiga olib keladi. Bu hodisa Eron siyosiy va ilmiy doiralari ruhiyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mudofaa sohasi eksperti Muhammad Marandi esa olimning o‘ldirilishi ilmiy izlanishlarga u qadar ta’sir etmaydi deb hisoblaydi. Uning qayd etishicha, so‘nggi 10 yil davomida Eronda Faxrizodaning ishini davom ettiruvchi olimlar avlodi shakllandi va ular marhum mutaxassisning tadqiqotlarini munosib davom ettira oladi.

Binyamin Netanyahu 2018 yilda Eronning maxfiy mudofaa dasturi haqida ma’lumot berar ekan, «Faxrizoda ismini eslab qoling!» degan edi. Foto: «Reuters»
Tahlilchilar ushbu hodisani Oq uyni tark etayotgan Donald Trampning yangi saylangan prezident Jo Baydenga kutilmagan sovg‘asi deb atamoqda.

Donald Tramp boshqaruvi davrida (2016-2020) Vashingtonning Tehronga nisbatan bosimi favqulodda kuchaydi. Tramp ma’muriyati hatto prezident Barak Obama davrida Eron bilan imzolangan bitimdan ham bir tomonlama chiqdi. Ushbu hujjatda Eron yadro dasturidan voz kechishi, buning evaziga G‘arb davlatlari iqtisodiy jazo choralarini bekor qilishi ko‘zda tutilgan.

AQSHning yangi saylangan prezidenti Jo Bayden esa rasman davlat rahbari faoliyatini bajarishga kirishgach, Eron bilan yadro bitimini qayta tiklashini ma’lum qilgan edi.

Jorjtaun universiteti qoshidagi tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Pol Pillarga ko‘ra, eronlik taniqli olimni o‘ldirish orqali Baydenning Eron bilan yaqin oylardagi muzokaralarini murakkablashtirish, ta’bir joiz bo‘lsa, boshi berk ko‘chaga tiqish maqsad qilingan. Ya’ni Tramp qaltis harakatlar orqali Baydenning qo‘lini bog‘lab qo‘yishga urinmoqda.

Eron rahbariyati yadro dasturi faqat tinchlik maqsadlarida ishlatilishini aytib keladi. Foto: «Reuters»
Joriy yil boshida Eronning yuqori martabali generali Qosim Sulaymoniyning AQSH harbiylari tomonidan o‘ldirilishi ikki mamlakat o‘rtasida tarang munosabatlarni battar murakkablashtirgan edi.

Mazkur qotillik alami sovimasdan turib, Eronning mudofaa sohasidagi yana bir arbobi o‘ldirildi. Bu esa, yangi prezident Jo Bayden ma’muriyati uchun Vashington hamda Tehron o‘rtasidagi chigallikni yechish oson bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.

S.Salim
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)