18:26 / 03.12.2020
2 805

Ozarboyjon ilk marta Qorabog‘ urushidagi yo‘qotishlarini ochiqladi

Ozarboyjon ilk marta Qorabog‘ urushidagi yo‘qotishlarini ochiqladi
Foto: BBC Russian
Ozarboyjon mudofaa vazirligi Qorabog‘da 27 sentyabr kuni boshlangan urush davomida 2 ming 783 nafar ozarboyjonlik askar halok bo‘lgani haqida e’lon qildi. Yana yuzdan ortiq harbiy bedarak ketgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, shuningdek, 1 ming 245 nafar ozarboyjonlik harbiy xizmatchi jarohatlanib, davolanmoqda.

Urush vaqtida Ozarboyjon mudofaa vazirligi Qorabog‘dagi yo‘qotishlari haqida ma’lumot bermayotgandi. Ozarboyjon bosh prokuraturasi faqat tinch aholi vakillari orasidagi yo‘qotishlarni ma’lum qilib turgan.

Armaniston sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urushda mamlakat qurolli kuchlari safida 2718 nafar harbiy qurbon bo‘lgan. Ikki tomon ham jasadlarning shaxsini aniqlashtirish ishlarini davom ettirmoqda.

Qorabog‘dagi urush 27 sentyabr kuni boshlanib, 9 noyabrdan 10 noyabrga o‘tar kechasi yakunlangandi. O‘shanda Ozarboyjon va Armaniston rahbarlari Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishgandi.

Tinchlik sulhi shartlariga ko‘ra Ozarboyjon 1990-yillar boshidagi birinchi Qorabog‘ urushi vaqtida arman harbiylari tomonidan egallab olingan 7 tumanini hamda ikkinchi urush vaqtida ozar harbiylari Tog‘li Qorabog‘da egallagan hududlarni, shu jumladan, Shusha va Gadrutni qaytarib oldi.

Armaniston harbiylarini hududdan olib ketish jarayoni grafik bo‘yicha olib borildi. 1 dekabr kuni ular so‘nggi hudud — Lochin tumanini ham tark etishdi.

Ozarboyjon urushning bunday yakun topishini g‘alaba sifatida qabul qildi va prezident Ilhom Aliyevning qaroriga ko‘ra, 8 noyabr kuni Ozarboyjonda G‘alaba kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Armanistonda esa ko‘pchilik tinchlik kelishuvini taslim bo‘lish sifatida baholadi va ushbu kelishuvga rozilik bergan bosh vazir Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qila boshlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarboyjon ilk marta Qorabog‘ urushidagi yo‘qotishlarini ochiqladi