23:16 / 09.12.2020
3 287

Geyts bahorda COVID-19’ga qarshi oltita vaksina tayyor bo‘lishini taxmin qildi

Geyts bahorda COVID-19’ga qarshi oltita vaksina tayyor bo‘lishini taxmin qildi
Foto: AFP
2021 yilning bahoriga kelib oltita kompaniyaning koronavirusga qarshi vaksinasi foydalanishga tayyor bo‘lishi mumkin. «RBK»ning yozishicha, bu haqda Singapur FinTech festivalida Microsoft asoschilaridan biri, milliarder Bill Geyts ma’lum qildi. Uning so‘zlarini CNBC telekanali efirga uzatgan.

«Menimcha, 2021 yilning birinchi choragiga qadar oltita vaksina ma’qullanadi», — degan Geyts yaqin kelajakdagi vaksinatsiya to‘g‘risidagi savolga javoban. Uning so‘zlariga ko‘ra, AstraZeneca, Johnson & Johnson, Novavax, Pfizer/BioNTech va Moderna kompaniyalarining vaksinalari tez orada tasdiqlanishi mumkin. Oltinchi kompaniya nomini esa keltirmagan.

Bill Geytsning ta’kidlashicha, vaksinalar tayyor bo‘lgandan so‘ng jahon hamjamiyatining muhim vazifasi ularni rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda teng taqsimlash bo‘ladi. «Biz adolatli ravishda tarqatishimiz va vaksinadan foydalanish boylik darajasiga bog‘liq emasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak», — degan u. U keyingi yilda vaksina paydo bo‘lishi 2022 yilda COVID-19 pandemiyasini yengib o‘tishga yordam berishiga umid bildirdi.

CNBC’ning qayd etishicha, Geyts va uning rafiqasi Melinda fondi Hindistonning Serum instituti bilan hamkorlikda AstraZeneca koronavirusga qarshi vaksinasini ishlab chiqarish va tarqatish ustida ish olib bormoqda.

Avvalroq Bill Geyts koronavirusga qarshi dastlabki vaksinalar samaradorligi ideal bo‘lmasligi mumkinligini aytgandi. «Agar omad kulib boqsa, bizda hozir uchinchi bosqich sinovida bo‘lgan olti preparatdan ikki yoki uchtasi bo‘ladi. Pfizer’da birinchi bo‘lish imkoniyati bor. U vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha juda tajribali kompaniya va u o‘z tadqiqotini juda puxta rejalashtirgan», — degan edi Geyts.

Ayni paytda Bill Geyts sanab o‘tgan vaksinalardan Pfizer/BioNTech konserni tomonidan ishlab chiqilgan vaksina tasdiqlandi. Hozircha faqat Buyuk Britaniyada undan foydalanishga ruxsat berilgan.

Noyabr oyining boshida Pfizer va BioNTech o‘zlarining BNT162b2 vaksinasi uchinchi bosqich sinovlarida 90 foiz samara ko‘rsatganini e’lon qildi. Bir hafta o‘tgach, kompaniyalar vaksinaning samaradorligi 95 foiz ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, Moderna ham vaksina samaradorligini dastlabki tahlilda 94,1 foiz, kasallikning og‘ir holatlarida esa 100 foiz deb baholadi.

8 dekabr kuni Pfizer va BioNTech vaksina sinovlarini o‘tkazish chog‘ida olti kishi (vaksina olinayotgan guruhda ikki kishi, platsebo guruhida esa to‘rt kishi) vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Vaksina olayotganlar guruhidagi birinchi qurbon ateroskleroz va semizlikdan azob chekkan. Ko‘ngilli dorining birinchi dozasi yuborilganidan keyin uch kun o‘tib vafot etgan. Vaksina olayotganlar guruhida vafot etgan ikkinchi ishtirokchida esa ikkinchi doza kiritilganidan keyin 60 kun o‘tib, yurak to‘xtab qolgan, yana uch kundan keyin uning o‘limi qayd etilgan.

FDA 10 dekabr kungi majlisida Pfizer va BioNTech kompaniyalari vaksinasidan foydalanishni ma’qullash-ma’qullamaslik masalasini hal qiladi. Moderna kompaniyasi ishlab chiqqan yana bir vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi esa kelasi hafta, 17 dekabr kuni ko‘rib chiqiladi.

Jons Hopkins universitetining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 68 milliondan ortiq kishi koronavirus bilan kasallangan, ularning 1,5 milliondan ortig‘i vafot etgan. Kasallanganlari soni bo‘yicha AQSH yetakchilik qilmoqda (15,1 million nafar). Undan keyingi o‘rinlarda Hindiston (9,7 million) va Braziliya turibdi (6,6 million).

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Geyts bahorda COVID-19’ga qarshi oltita vaksina tayyor bo‘lishini taxmin qildi