16:06 / 13.12.2020
3 921

AQSHda “Zodiak” taxallusli ommaviy qotilning shifrlangan maktubini o‘qishga muvaffaq bo‘lindi

AQSHda “Zodiak” taxallusli ommaviy qotilning shifrlangan maktubini o‘qishga muvaffaq bo‘lindi
Foto: Eric Risberg/Associated Press
AQSHda 1960-yillarda qotilliklar sodir etgan, “Zodiak” taxallusli ommaviy qotilning yana bir shifrlangan maktubini o‘qishga muvaffaq bo‘lindi. 340 ta belgidan iborat bo‘lgan va “Shifr 340” kabi ma’lum bo‘lgan maktub 51 yil avval qotil tomonidan “San-Fransisko Kronikl” nashriga yuborilgan.

“Bi-bi-si”ning FQBga tayanib xabar berishicha, hanuzgacha shaxsi o‘rnatilmagan ommaviy qotilning shifrini AQSH, Belgiya va Avstraliyadan uch havaskor deshifrlovchi ochishga muvaffaq bo‘lgan.

Zodiak 1960-yillar oxirida San-Fransiskoda 5 kishini o‘ldirgan, biroq uni topishning uddasidan chiqilmagan. Qotil San-Fransisko aholisini bir necha yillar davomida qo‘rquvda ushlab turgan jinoyatlari davomida o‘qotar va sovuq quroldan foydalangan. U, shuningdek, gazetalarga shifrlangan maktublar yo‘llagan. Qotil yo‘llagan yana ikkita maktubni hanuzgacha o‘qishning uddasidan chiqilmagan. Ta’kidlanishicha, ular mazmuni jinoyatchining shaxsini o‘rnatishga yordam berishi mumkin.

Shifrlangan maktubni ochiqlashda ishtirok etgan amerikalik veb-dizayner Devid Oranchakning ta’kidlashicha, u sheriklari - belgiyalik dasturchi Yarl Van Eyke va avstraliyalik matematik Sem Bleyk bilan birga maxsus dasturlar va insonga xos topqirlik yordamida shifrni aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan. Uning aytishicha, maktubda o‘ziga diqqat-e’tiborni qaratishni istagan Zodiakning safsatasidan bo‘lak uning shaxsini o‘rnatishga yordam beradigan biror foydali ma’lumot yo‘q.

Umid qilamanki, siz meni ushlashga urinib vaqtingizni chog‘ o‘tkazasiz. Men gaz kamerasidan qo‘rqmayman, chunki bu meni jannatga tezroq jo‘natadi. Chunki endi menda u yerda men uchun ishlaydigan qullar talaygina. Qolganlarda esa jannatga tushganida hech narsa bo‘lmaydi, shu sababli ular o‘limdan qo‘rqadilar. Men esa qo‘rqmayman, chunki jannatdagi hayotim yengil bo‘ladi”, deb yozgan qotil o‘z maktubida. Ta’kidlanishicha, u “qullar” deganda o‘z qurbonlarini nazarda tutgan.

FQBda maktub mazmuni ochiqlangani va qurbonlar xotirasi uchun adolat qaror topishi maqsadida qotilni qidirish davom etayotgani tasdiqlangan.

Zodiak o‘z jinoyatlarini 1968 yil dekabrda sodir etishni boshlagan. O‘shanda erkak va ayol o‘z mashinasida otib o‘ldirilgan. 1969 yil iyulda qotil yana bir erkak va ayolni o‘qqa tutgan, biroq erkak tirik qolgan. O‘sha yili yana bir juftlikka pichoq bilan hujum qilingan va bunda ham erkak tirik qolgan. Oktabrda esa taksi haydovchisi otib ketilgan.

Zodiakning o‘zi matbuotga yo‘llagan maktublarida 37 kishini o‘ldirganini ta’kidlagan va 1970-yillar boshigacha maktublarni jo‘natishni davom ettirgan. Ayni vaqtda uning ikkita maktubi jumboq bo‘lib qolmoqda. Ta’kidlanishicha, ulardan birida qotil o‘z nomini shifrlagan.

Zodiakning kim ekanligi bo‘yicha ko‘plab taxminlar mavjud bo‘lib, biroq u sodir etgan qotilliklar bo‘yicha hech kimga ayblov bildirilmagan. Jumladan, yosh bolalarni nomusiga tekkanlik uchun sudlangan Artur Li Allen Zodiak bo‘lishi mumkin deb taxmin qilingan va uning uyida bir necha marta tintuv o‘tkazilgan. Gumonlanuvchi 1992 yilda 58 yoshida yurak xurujidan vafot etgan.

Kaliforniya shtatining adliya vazirligida Zodiakka ochilgan ish hali ham ochiq qolmoqda.
AQSHda qotil haqida ko‘plab filmlar suratga olingan va kitoblar nashr etilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda “Zodiak” taxallusli ommaviy qotilning shifrlangan maktubini o‘qishga muvaffaq bo‘lindi