11:30 / 19.12.2020
4 168

Gitlerning muvaffaqiyatsiz Barbarossa rejasi tarixi

Gitlerning muvaffaqiyatsiz Barbarossa rejasi tarixi
Foto: Google Photos
Natsist Germaniyasi dohiysi Adolf Gitlerning Barbarossa harbiy amaliyoti №21 buyruq nomi bilan ishlab chiqildi. Mazkur harbiy amaliyot Germaniya qiroli va Muqaddas Rim imperiyasining imperatori Barbarossa taxallusli nemis hukmdori Fridrix I Shtaufen nomi bilan bog‘liq edi. Barbarossa rejasini amalda tatbiq etish bilan Gitler Sovet Ittifoqiga qaqshatqich zarba berishni va bosib olishni maqsad qildi. «Daryo» 1940 yilning dekabr va 1941 yilning iyun oylarida ishlab chiqilgan, Gitlerni mag‘lubiyatga uchratgan Barbarossa rejasi tarixi haqida hikoya qiladi.

Barbarossa rejasi Gitler ikki frontda urush qilgani bilan, oxir oqibat, urushda mag‘lubiyatga olib keluvchi reja sifatida tarixda qoldi. Gitler Barbarossa harbiy amaliyotini ishlab chiqar ekan, shiddatli urush olib borish orqali Sovet Ittifoqini qisqa fursatda mag‘lub qilishni nazarda tutardi, ammo u urushning cho‘zilib ketishini inobatga olmagan edi.

Sovet Ittifoqiga hujumdan oldingi siyosiy vaziyat
Nemis milliy sotsialist ishchilar partiyasi boshida turgan Gitlerning 1933 yilda hokimiyat tepasiga kelishi bilan Germaniyada Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatdan larzaga kelgan Gitler qasos olish maqsadida harakat qila boshlaydi. 1930 yilning o‘rtalaridan boshlab Germaniyada Sovet Ittifoqi bilan bo‘lg‘usi urush muqarrarligi haqida hech kim inkor qilmasdi. 1939 yilda Germaniya sharqdagi xavfning oldini olish va Polshaga bostirib kirish maqsadida Stalin bilan shu yilning avgust oyida hujum qilmaslik borasida bitim imzoladi.

Bu bitimdan maqsad Germaniya g‘arbni bosib olishni ko‘zlagan edi. 1939 yilning 1 sentabrida Germaniya va 17 sentabrda Sovet Ittifoqi Polshaga bostirib kirdi va g‘arbiy Ukraina va g‘arbiy Belorussiyani bosib oldi. Natijada Germaniya va Sovet Ittifoqi o‘rtasida chegara belgilandi. Bu voqealar Polsha davlatining parchalanishiga va o‘z mustaqilligini yo‘qotishiga olib keldi.

Buyuk reja va yolg‘on axborot
Harbiy tarixchi Yuriy Knutov «Gitler Sovet Ittifoqiga zarba berishni ancha oldin – hokimiyat tepasiga kelmasdan avval tuzib qo‘ygan va bu uning «Mening yurishim» kitobida ham aks etgan», degan fikrni berdi. 1938 yildagi Myunxen bitimidan keyin Gitler g‘arb davlatlarining yumshoq siyosati va Germaniya kuchini Sovet Ittifoqiga qaratish istagi natijasida Chexoslovakiyani bosib oldi.

Chexoslovakiyaning bosib olinishi esa Germaniyaga o‘z sanoatini va harbiy salohiyatini oshirish imkonini berdi. 1940 yilga kelib Germaniya g‘arbdagi ko‘plab mamlakatlarni: Daniya, Norvegiya, Belgiya, Niderlandiya, Fransiya va Luksemburgni bosib oldi, Buyuk Britaniyaga bostirib kirishga shoshilmadi. Nemis tarixchisi Erix fon Manshteyn nazarida, Gitler Buyuk Britaniyaga bostirib kirishga emas, aksincha, bor diqqatini sharqni egallashga qaratgan, degan fikrda. Sharq Gitler uchun Germaniya uchun hayotiy makon ochishi hamda nemis irqiga mansub bo‘lmaganlar uchun surgun makoni bo‘lishi kerak edi.

1940 yilga kelib Gitler qat’iy bir qarorga keldi. U bir paytning o‘zida ham inglizlarga, ham ruslarga qarshi jang olib borish imkoni borligiga ishonch hosil qildi. 21 iyul sanasida Germaniya quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonligi Gitlerdan Sovet Ittifoqiga qarshi jang rejasini tuzish topshirig‘ini oldi. General feldmarshal Valter fon Brauxich vermaxt SSSRga qarshi urush rejasini 1940 yilning oxiriga qadar ishlab chiqishi borasida va’da berdi.

Foto: Google Photos
Gitler urushni keyinroq boshlash aqlli qaror ekanini aytdi. 1940 yilning avgust oyiga kelib, Gitler nemis qo‘shinlarini sharqda Sovet Ittifoqi chegaralarida to‘plash bilan bog‘liq «Aufbau Ost» rejasini boshlab yubordi. 1940 yilning sentabr oyiga kelib esa taqdirning hazilimi, Gitler Sovet Ittifoqiga qarshi jang rejasi tayyorlashni general leytenant Paulyusga topshirdi. Paulyus Stalingrad janglarida asirga olingan eng birinchi nemis feldmarshali sifatida tarixda qoldi. 1940 yilning 18 dekabrida Gitlerning Sovet Ittifoqiga qarshi «Barbarossa harbiy amaliyoti» rejasi qabul qilindi.

Barbarossa rejasi tayyorlanar ekan, Germaniya imkon qadar Sovet Ittifoqini «ruslar bilan urush qilmaslik tamoyiliga asoslanishida» ishontirishga harakat qilar, Sovet Ittifoqi bilan turli bitim va kelishuvlarni imzolash orqali yaxshi qo‘shnichilik aloqalari muhimligini isbotlashga va bu bilan rus tarafini dog‘da qoldirishga urinardi. Gebbels o‘z kundaligida «Fyurer sovetlarga qarshi yurishini shu darajada yashirishga muvaffaq bo‘ldiki, bu manyovr misli ko‘rilmagan darajada muvaffaqiyatli amalga oshdi», deb yozib o‘tdi. Aslida ham shundaymidi?

1940 yilda Moskva Tokiodagi josusidan Gitler Sovet Ittifoqiga qarshi kutilmagan urush boshlashi haqida xabar qildi, ammo Stalin o‘z josusi tarafidan yuborilgan radiogrammaga befarqlik bilan qaradi. Stalin nazarida, 1939 yilda imzolangan maxfiy bitimning mavjudligi ikki mamlakat o‘rtasida urush chiqmasligiga kafolat edi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan Tokiodan SSSRning «Ramzay» maxfiy kodi bilan ataladigan yana bir josusi Rixard Zorgedan nemis qo‘shinlarining Britaniyaga bostirib kirishi aslida yolg‘onligi, nemislar nemis-sovet chegarasida o‘zlarining 80 ta diviziyasini to‘playotgani va urush Xarkov—Leningrad—Moskva yo‘nalishida olib borilishi borasida asosli manbaga tayanib radiogramma yubordi.

Stalin bu xabarga ham urush qilmaslik haqidagi paktga, o‘z ishonchiga tayanib katta xatoga yo‘l qo‘ygani keyin ma’lum bo‘ldi. Rixard Zorge esa o‘z ma’lumotlarini Germaniyaning Yaponiyadagi elchisi Ottdan va boshqa yuqori martabali nemis harbiylaridan olayotgani ham Stalinni o‘z fikrini o‘zgartirishga qodir emasdi.

Gitlerning sharqiy yurishi esa «blitskrig – shiddatli urush» jang strategiyasiga asoslangandi. Reyx o‘z urushini Qizil armiyaning kuchlarini shiddatli jang olib borish evaziga mag‘lub qilishni istagandi. Shu tariqa, 1940 yilning 18 dekabrida Gitler SSSRga qarshi jang qilish uchun Barbarossa rejasini ma’qulladi.

Foto: Google Photos
Sovet Ittifoqiga qarshi bo‘lajak urushning rejasi hattoki Vermaxtning shaxsiy tarkibiga ham ma’lum qilmaslikka qaror qilindi. Nemis askarlariga sharqqa ko‘chish borasida «dam olishga yoki Britaniyaga qarshi kurash uchun kuch to‘plash kerak», degan ma’noda tushuntirish berildi. Germaniya sharq tarafga o‘z kuchlarini safarbar qilarkan, Sovet Ittifoqiga bu reja asosan Britaniyaning Bolqondagi harakatlariga qarshi tayyorgarlikdan boshqa narsa emas, deb ma’lumot beradi. Germaniyada esa Buyuk Britaniyaning jo‘g‘rofiy xaritasi chop etildi. Bu ham o‘ziga xos ko‘zni shamg‘alat qilish siyosati edi. Biroq rus tarixchisi Knutov aytishicha, sovet razvedkasini chalg‘itishga Gitler muvaffaq bo‘lmadi.

Maqsadga eltuvchi strategiya
Nemis qo‘mondonligi SSSRga qarshi urush olib borishning o‘ndan ziyod rejalarini ishlab chiqdi. Shunga qaramay, bu rejalarning hech birida nemis rejasi ish bermagan taqdirda qanday harakat qilish kerakligi borasida «B» reja ishlab chiqilmagan edi. Gitler rejasiga ko‘ra, nemis qo‘shinlari Leningrad, Moskva va Kiyev yo‘nalishida harakat qilishi va nemis tank qo‘shinlari Qizil armiya kuchini bo‘lib tashlagan holda Dnepr va Dvina daryosidan g‘arb tarafdagi kuchlarini yakson qilishi kerak edi.

1941 yilning iyun oyiga kelib, Gitler Sovet Ittifoqi chegaralarida to‘rt million askarini va 19 ta tank diviziyasini jamladi. Bularning barchasi Germaniyaga qisqa fursatda Sovet Ittifoqini mag‘lub qilishga imkon beradigan tayyorgarlik sifatida ko‘ringandi.

Rus tarixchisi Knutov yozishicha, Sovet Ittifoqi Boltiqbo‘yi, Moldova va Ukrainada urushga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa-da, hujum aynan Belorussiyadan boshlanishiga umid qilmagan va natijada ruslar ko‘p talafot ko‘rgan edi. Knutov urushning dastlabki bosqichlarida Xalxin Gol, Finlyandiyada urush nima ekanini bilgan tajribali askarlar samarali ravishda gitlerchilarga qarshi urush olib bora olgan, degan fikrni ilgari surdi.

Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi Andrey Koshkin keltirishicha, «Gitler 1941 yilning iyul oyiga kelib, ruslarni uzog‘i olti hafta ichida tor-mor qilishni ko‘zlagan, ammo urushning dastlabki 1–2-haftasida nemis qo‘mondonligi hech qayerda bunday qarshilikka duch kelmaganini» yozma ravishda rasmiy Berlinga yuborgan edi.

Foto: Google Photos
1941 yil avgustida nemislar Leningrad ostonasiga yetib bordi va sentabr oyida Gitler bor kuchini Sovet Ittifoqiga qarshi yuborishga qaror qildi. Janubiy yo‘nalishda gitlerchi qo‘shinlar Odessani bosib olishga erishdi. Qrimni bosib olish borasida esa ruslarning keskin qarshiligi natijasida muvaffaqiyatsiz harakat qildi. Sababi ruslar Qrimning turli nuqtalarida desant qo‘shinlari yordamida gitlerchilarning harakatlariga to‘sqinlik qilib turdi.

Barbarossa rejasiga ko‘ra, nemislar avgust oyigacha Moskvaga yaqinlashishi, oktabrda Volgani kesib o‘tishi, noyabrda esa Kavkaz ortini egallashi kerak edi. Vermaxt bu vazifalarni o‘z vaqtida bajara olmadi, bu esa urush yanada cho‘zilishidan darak edi. 1941 yilga kelib nemis qo‘shinlarining Moskva sari siljishi to‘xtatib qoldi va rus qo‘shinlari qarshi hujumga o‘ta boshladi. 1942 yilda Barbarossa rejasining omadsiz yakunlangan davri boshlandi.

Barbarossa rejasining muvaffaqiyatsizlik sabablari
Barbarossa rejasining omadsiz yakunlanishiga sabab qilib bir nechta omillarni keltirish mumkin. Avvalo, Gitler rus qo‘shinlarining kuchi va qo‘shin zaxirasini inobatga olmagani, ruslarning qattiq qarshilik ko‘rsatishi mumkinligi, ikkinchidan, rus harbiy qo‘mondonligi ilg‘or josuslik strategiyalaridan foydalangan holda nemis harbiy rejalaridan oldinroq harakat qila olgani, uchinchidan, rus o‘lkasi xaritasini belgilashda nemislar qo‘l ostida aniq ma’lumotlarning mavjud emasligi (botqoqliklar, suv kechuvlari, o‘rmonzorlar) kabi sabablar nemis qo‘shinlarining mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gitlerning muvaffaqiyatsiz Barbarossa rejasi tarixi