08:18 / 22.12.2020
3 039

«Men o‘z qotilimga telefon qildim. U tan oldi» — Aleksey Navalniy

«Men o‘z qotilimga telefon qildim. U tan oldi» — Aleksey Navalniy
Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy «Men o‘z qotilimga telefon qildim. U tan oldi» nomli videorolikni e’lon qildi. Videoda Navalniyning aytishicha, u o‘zining zaharlanishi ortida Federal xavfsizlik xizmatining guruhi turgani haqidagi surishtiruvni e’lon qilishdan oldin, guruh a’zolaridan biri — Konstantin Kudryavsev bilan gaplashgan va Kudryavsev Navalniyni o‘ldirishga harakat qilinganini tasdiqlagan. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Navalniyning qayd etishicha, qo‘ng‘iroq 14 dekabr kuni ertalab — surishtiruv e’lon qilinishidan bir necha soat avval amalga oshirilgan. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u «telefon prankerlari foydalanadigan eng oddiy dastur» yordamida o‘z raqamini yashirgan hamda uning o‘rniga FXX xodimlari bir-biriga qo‘ng‘iroqlarni amalga oshiradigan kommutator raqamini qo‘ygan. «Hisob-kitob oddiy. Ertalab soat yettida qo‘ng‘iroq, sen tanish xizmat raqamini ko‘rasan, go‘shakni ko‘tarasan va gaplashishni boshlaysan. Men qo‘ng‘iroq qilganlarning deyarli barchasi javob berdi, deyarli barchasi tezda go‘shakni qo‘ydi. Keyin esa bizni katta omad kutib turgandi», — deya hikoya qildi Navalniy. Siyosatchining aytishicha, u Konstantin Kudryatsev bilan 45 daqiqa gaplashishga muvaffaq bo‘lgan.

To‘liq matni va audioyozuvi The Insider tomonidan e’lon qilingan suhbatda Navalniy o‘zini Xavfsizlik kengashining kotibi Nikolay Patrushevning yordamchisi deb tanishtirgan hamda rahbariyatga hisobot tayyorlash uchun operatsiyaning ba’zi tafsilotlarini aniqlashtirmoqchi ekanligini aytgan.

Surishtiruvda ishtirok etgan CNN telekanalining xabar berishicha, dastlab Navalniy telefon so‘zlashuvlarida o‘zini haqiqiy ismi bilan tanishtirgan va faqat Kudryavsev bilan suhbatda o‘zini Patrushevning yordamchisi sifatida ko‘rsatgan.

Xususan, Navalniy nima sababdan operatsiya uning o‘limi bilan tugamaganini so‘ragan. Kudryavsevga tegishliligi Navalniy tomonidan ta’kidlanayotgan ovoz operatsiyani yaxshi rejalashtirilgan deb hisoblashini ma’lum qilgan, uning muvaffaqiyatsizligini esa vaziyatning o‘zgarishi bilan bog‘lagan. Ovozning taxmin qilishicha, muvaffaqiyatsizlik samolyotning Omskka juda tez qo‘ngani hamda aeroportdagi tez yordam guruhining tezkor harakati sababli yuz bergan.

Shuningdek, Navalniyning suhbatdoshi siyosatchining olib qo‘yilgan kiyimlarini «Novichok»dan qanday tozalaganini aytib bergan. «Kalta ishton (trusik) ustida, ichki qismda ishlashni aytishdi», — degan telefondagi ovoz. Aniqlashtiruvchi savolga javoban Kudryavsev bunday ko‘rsatma FXX xodimi Stanislav Makshakov tomonidan berilganini aytgan. Makshakov operatsiyani amalga oshirgan guruhning rahbari ekanligi taxmin qilinmoqda.

Shuningdek, Kudryavsev operatsiyada qatnashgan yana bir FXX xodimi — Vasiliy Kalashnikovning familiyasini tilga olgan. The Insider’ning yozishicha, Kalashnikov biologik namunalardagi nervni falaj qiladigan agentlarning metabolitlarini aniqlash sohasida ekspert hisoblanadi. Ma’lum bo‘lishicha, Navalniy komaga tushganidan keyin Stanislav Makshakov Kalashnikovga qo‘ng‘iroq qilgan.

Navalniy yana bir suhbatni e’lon qilgan, unda suhbatdosh qandaydir «Mixail» — Kudryavsevning so‘zlariga ko‘ra, Mixail unga tozalash uchun kiyimlarni bergan (The Insider’ning yozishicha, u FXXning terrorizm bilan kurash bo‘yicha hududiy boshqarmasi boshlig‘i Mixail Yevdokimov hisoblanadi). U Navalniy bilan operatsiyani himoyalanmagan telefon tarmog‘i orqali batafsil muhokama qilishdan bosh tortgan, biroq siyosatchining kiyimlarini Kudryavsevga berganini tasdiqlagan.

«Novichok»ni yaratgan olimlardan biri Vladimir Uglev sentabr oyida Navalniy ichki kiyim orqali zaharlanganini taxmin qilgandi. «Vaqt va dinamikaga (katta ehtimol) ko‘ra, Navalniy ertalab soat oltida o‘rnidan turgan, dush qabul qilgan, tanasini bug‘da yumshatgan, zaharlangan kalta ishtonni kiygan, samolyotda esa zaharlanishning jiddiy belgilari boshlangan», — deya gapirgan mutaxassis.

Navalniyning yangi videosidan keyin Vladimir Uglev o‘z taxminining mantig‘ini tushuntirib bergan. «Men zaharlovchi modda aynan kalta ishtonlarga surilganligini taxmin qilgandim, chunki bu eng intim narsa bo‘lib, unga egasidan boshqa odam tega olmaydi. Boshqa odamlarning zararlanish xavfi ham yo‘q. Albatta, paypoqlar ham bor, biroq kalta ishton ostida yumshoq va qabul qiluvchan teri bor, masalan, tovon terisi unday emas», — deya ma’lum qilgan Uglev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Men o‘z qotilimga telefon qildim. U tan oldi» — Aleksey Navalniy