12:50 / 24.12.2020
2 144

«Kovid yili»da sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi

«Kovid yili»da sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi
Jahonda koronavirus pandemiyasi hukm surgan 2020 yilda sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘lgani haqida «Forbes» yozmoqda.

«Vaksinalar tayyorlovchi yoki tibbiyot uskunalari yetkazib beruvchi kompaniyalarning aksiyalari qimmatlashuvi bu insonlarni yanada boyitdi», — deyiladi maqolada.

Nashr aniqlik kiritishicha, tilga olingan milliarderlarning aksariyatida Xitoyda — koronavirus infeksiyasi birinchi bo‘lib qayd etilgan mamlakatda yashashadi.

Stefan Bansel, Serjio Stevanato va Ugur Shahin (chapdan o‘ngga). Foto: BERTRAND GUAY/AFP/GETTY IMAGES; STEVANATO GROUP; ANDREAS ARNOLD/GETTY IMAGES
«Forbes» tilga olgan «kovid-milliarderlar»ning ayrimlari:

Ugur Shahin — Germaniyaning «BioNTech» biotexnologiya kompaniyasi bosh direktori. Kompaniya AQSHning «Pfizer» kompaniyasi bilan ishlab chiqqan koronavirusga qarshi vaksina samaradorligi 95 foizga baholangan. Nemis kompaniyasi aksiyalari qiymati yil boshidan beri 160 foizga o‘sdi. Buning ortidan «BioNTech»ning 17 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Shahinning boyligi 4,2 milliard dollarga yetdi, yozadi nashr.

Stefan Bansel — Amerikaning «Moderna» kompaniyasi rahbari. Kompaniya ishlab chiqqan vaksinaga ham, xuddi «Pfizer»niki kabi, AQSHda ruxsat berishdi. «Forbes» Banselning boyligini $4,1 mlrd.ga baholadi. Mart oyida u kompaniyadagi ulushini 9 foizdan 6 foizga kamaytirgandi. «Moderna» aksiyalari qiymati esa yil boshiga nisbatan 550 foizga o‘sdi.

Yuan Lipin — «Shenzhen Kangtai Biological» boshqaruvi raisi Du Veyminning sobiq xotini. Ajrashishganidan so‘ng ayol Xitoydagi eng yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan birining 24 foiz aksiyalarini qo‘lga kiritdi. «AstraZeneca» vaksinalarini Xitoyda ishlab chiqaruvchi yagona kompaniya ham shu. Yil boshidan beri «Shenzhen Kangtai Biological» aksiyalari qiymati o‘sishi 90 foizni tashkil etib, Yuanning boyligi $4,1 mlrd.ga yetgan.

Xu Kun — tibbiyot uskunalari, xususan, nebulayzerlar, stetoskoplar va tonometrlar ishlab chiqaruvchi «Contec Medical Systems» (Xitoy) kompaniyasi rahbari. Avgust oyida u kompaniyani birjaga olib chiqdi. Xu — «Contec Medical Systems» aksiyalarining yarmiga egalik qiladi. IPOdan so‘ng kompaniya aksiyalari qiymati qariyb 150 foizga o‘sdi. Xu esa hozir $3,9 mlrd. egasi.

Karl Xansen — Kanadaning «AbCellera» kompaniyasi rahbari. Kompaniya sun’iy intellekt va mashina o‘qitish texnologiyalari yordamida, antinachalardan foydalangan holda kasalliklarni davolashning eng istiqbolli yo‘nalishlarini qidirish bilan shug‘ullanadi. Nashr Xansenning boyligini $2,9 mlrd. deya baholadi.

Timoti Springer — «Moderna» asoschilaridan biri ($2 mlrd). Uning kompaniyadagi ulushi 3,5 foiz ($1,6 mlrd. atrofida). Springer pullarini boshqa biotexnologiya kompaniyalariga ham faol tikish bilan shug‘ullanadi, yozmoqda nashr.

Serjio Stevanato — shisha flakonlar ishlab chiqarishda dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi «Stevanato Group» (Italiya) kompaniyasi rahbari. «Forbes»ga ko‘ra, 40 dan ortiq turdagi vaksinalar aynan Stevanato shishalarida qadoqlanadi. Serjio Stevanatoning boyligi $1,8 mlrd.ga baholangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Kovid yili»da sog‘liqni saqlash sohasida 50 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi