12:00 / 27.12.2020
6 230

26 dekabr – SSSR qulagan sana. Gigant davlat halokatiga nima sabab bo‘lgan edi?

26 dekabr – SSSR qulagan sana. Gigant davlat halokatiga nima sabab bo‘lgan edi?
Foto: Google Photos
Bundan 29 yil avval, 26 dekabr kuni dunyoning eng yirik geografik hududini egallab turgan SSSR davlat sifatida mavjud bo‘lishdan to‘xtadi va uning o‘rniga yangi mustaqil davlatlar vujudga keldi. «Daryo» sana munosabati bilan SSSRning xotimasiga olib kelgan sabablar haqida to‘xtalib o‘tadi.

SSSRning xotimasi 1980 yillarning o‘rtalaridan boshlandi. Ko‘pchilik tahlilchilar «perestroyka»ning boshlanishini SSSR yakunining boshlanishi sifatida ko‘rdi va SSSRning so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyov islohotlarini asosiy faktor sifatida keltirdi. Lekin bu asosiy faktor emas. Sovet Ittifoqining qulashi, yuqorida aytganimizdek, 80 yillar o‘rtalaridan boshlangan bo‘lsa, bu jarayon 1990 yilga kelib tezlashib ketdi.

Dastlab, Boltiqbo‘yi respublikalari, keyin Markaziy Osiyo respublikalari ajralib chiqdi. 1991 yilning dekabr oyi yakuniy bosqich bo‘ldi. Shu yili 8 dekabrda Belovej shartnomasi, 21 dekabrda Olmaota deklaratsiyasi qabul qilindi. 25 dekabr kuni SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov o‘z vakolatlarini tugatganini e’lon qildi va 26 dekabr kuni SSSR Oliy kengashi SSSR davlatining tugatilgani haqidagi deklaratsiyani qabul qilishi bilan bu jarayon nihoyasiga yetdi.

Endi uning qulashiga olib kelgan faktorlarga diqqat qilaylik. Russia Beyond tahlilchisi Aleksey Timofeychev bu borada uchta yirik faktorni keltirib o‘tdi. Bular neft narxi va iqtisodiy samarasizlik, etnik nizolar va Gorbachyov islohotlari.

1985 yil 13 sentabr kuni Saudiya Arabistoni neft vaziri Ahmad Yamaniy Saudiya Arabistonining neft ishlab chiqarishni cheklash haqidagi shartnomadan chiqishini va neft qazib olishni ko‘paytirishini e’lon qildi. Shundan keyin mamlakat neft qazib chiqarishni 5,5 baravar ko‘paytirdi. Bu esa neft narxi pasayishiga olib keldi. Neft mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi asosiy davlatlardan biri bo‘lgan SSSR uchun bu kuchli zarba bo‘ldi, deya hisoblaydi ekspert.

SSSR iqtisodiyotining samarasizligi 80 yillarga kelib o‘zini ko‘rsata boshlagani ham muhim rol o‘ynagan, deb hisoblaydi tahlilchilar. Amerikalik sotsiolog Vladimir Shlapentoxga ko‘ra, oxirgi o‘n yillikda iqtisodiy o‘sish suratlari keskin pasaydi, mahsulotlar sifati yomonlashdi, texnologik jarayonlar sekinlashdi. Shunga qaramay, uning fikricha, bu jarayon tadrijiy xarakterga ega edi va unchalik ham halokatli emas edi. Sababi, xuddi biror kasallik bilan uzoq yashaydigan odamdek, nuqsonlari bor davlat va jamiyat ham uzoq yashashi mumkin. Bunga qo‘shimcha, rasmiy statistik ma’lumotlar YAIMning pasayishini ilk bor 1990 yilda qayd etdi.

Foto: Google Photos
SSSR va Rossiya bo‘yicha ekspert, belgiyalik jurnalist va essechi Jan Mari Shove SSSR qulashining boshini Gorbachyovdan oldin yoki uning 1988 yilgacha bo‘lgan boshqaruv davri deb emas, balki 1990—1991 yillar deb hisoblaydi. U 1989 yilgacha milliy daromad o‘sib borganini va bu ko‘rsatgich 1988 yilda besh foizga o‘sganini qayd etib o‘tadi. Uning fikricha, aynan 1990—1991 yillarda mamlakat iqtisodiy, demografik va ijtimoiy tanazzulga uchrashni boshladi.

Gorbachyov islohotlari haqida gap ketganda, ayniqsa, «perestroyka» vaqtlarini ayrimlar Katastroyka deb ham ataydi. Bunga sabab esa fitna nazariyalaridir. Ularga ko‘ra, Gorbachyov ataylab, ya’ni davlatni bo‘lib yuborish va tugatish uchun xorijdan yollangan bir «qo‘g‘irchoq» sifatida keraksiz islohotlarni amalga oshirdi va buning natijasida davlat inqirozga yuz tutdi. KGB rahbarlaridan biri 1991 yilda Gorbachyov va Yakovlevlarni MRB (CIA) tomonidan boshqarilgan mafiyalar deya baholadi. Eduard Limonovning fikricha esa «perestroyka» sovet burjuaziyasining hukumatni qo‘lga olish maqsadida amalga oshirgan ishi.

Hatto 2016 yili Rossiya kommunistik partiyasining Dumadagi fraksiyasi Gorbachyovni sotqin deya iddao qildi va uni tribunalga chaqirishga da’vat etdi. Bunday konspirologik qarashlar Boris Yelsinga nisbatan ham ilgari surildi. Bunga sabab qilib, AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti bo‘lgan katta Jorj Bush bilan telefon qo‘ng‘iroqlarini keltirdi.

SSSRda bo‘lib o‘tgan 1989—1990 yilardagi milliy respublikalardagi xalq noroziliklari, etnik nizolar, mustaqillik chaqiriqlari ham SSSR qulashida katta faktorlardan biri bo‘ldi. Ayniqsa, 1989—1990 yillardagi iqtisodiy cho‘kish yillari yuz bergan xalq noroziliklari fonida ozodlik uchun harakatlar ham jadallashib ketdi. Bu jarayon Boltiqbo‘yi davlatlari va Gruziyada ayniqsa kuchli kechdi. Ana shu davlatlar dastlab mustaqillik e’lon qildi va hududlarning SSSR tomonidan bosib olinishini noqonuniy deb topdi.

Foto: Google Photos
SSSR qulashini faqatgina bir davlatning qulashi sifatida emas, balki kommunistik blokning qulashi sifatida ham qarash kerak. Chunki Berlin devorining qulashi kommunistik blok uchun katta zarba bo‘ldi va shu davrdan boshlab sharqiy Yevropadagi kommunistik rejimlar qulay boshladi. SSSRning qulashi ham aynan ana shu fonda kechdi. SSSRning parchalanishi 1945 yildan buyon davom etgan bir davrning ham yakuni bo‘ldi. Bu sovuq urush davri edi.

SSSR parchalanishi oqibatida 15 ta mustaqil respublika vujudga keldi. Mustaqillikning dastlabki yillari bir qator iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy mojarolar ostida o‘tdi. Ko‘pchilikning o‘limiga sabab bo‘lgan etnik mojarolar esa SSSRning yillar davomida yuritgan «bo‘lib tashla, hukmronlik qil» siyosatining natijasi bo‘ldi. Bular haqida esa keyingi maqolalarda so‘z yuritishga harakat qilamiz.

Jahongir Ostonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 26 dekabr – SSSR qulagan sana. Gigant davlat halokatiga nima sabab bo‘lgan edi?