09:36 / 31.12.2020
2 280

Argentina parlamenti abortni qonuniylashtirdi

Argentina parlamenti abortni qonuniylashtirdi
Foto: Reuters
Argentina Senati homiladorlikning 14-haftasigacha abort qilishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilishga ovoz berdi. Qonunni 38 senator qo‘llab-quvvatladi, 29 nafari qarshi ovoz berdi, yana biri betaraf qoldi, deb xabar bermoqda Meduza, BBC News’ga tayanib.

Ovoz berish paytida qonun qabul qilinishi tarafdorlari va unga qarshi chiqqanlar Argentina Milliy Kongressi binosi oldiga yig‘ilib, parlament binosi tashqarisida o‘rnatilgan katta ekranda Senatdagi munozarani kuzatib turgan. Abortni qo‘llab-quvvatlovchilar senatorlar qarorini xursandchilik bilan qarshi olgan.

Avvalroq, dekabr oyi boshida Argentina parlamentining quyi palatasi abortni qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi. Shu bilan birga, saylovoldi tashviqoti paytida abortga ruxsat berilishini yoqlab chiqqan mamlakat prezidenti Alberto Fernandes ham buni qo‘llab-quvvatlagan. Fernandes Twitter’dagi sahifasida Senat qaroriga munosabat bildirib, «xavfsiz, qonuniy va bepul abort qilish — bu qonun» deb yozgan.

2018 yilda senatorlar abortni qonuniylashtirishga qarshi ovoz bergandi, ammo bu yil qonunni Argentina so‘l markazchi hukumati qo‘llab-quvvatladi, deb qayd etgan Associated Press.

Argentinada dunyodagi eng keskin abort qonunlaridan biri amal qilgandi — homiladorlikni faqat zo‘rlash holatida yoki homiladorlik onaning yoki homilaning hayotiga tahdid solgan taqdirdagina, to‘xtatishga ruxsat berilgandi.

Abortni qonuniylashtirish tarafdorlarining fikricha, qonunning qabul qilinishi noqonuniy abortga chek qo‘yadi. 2018 yilda Argentina Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda har yili kamida 350 mingta noqonuniy abort amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan, huquq himoyachilari esa bundan-da ko‘proq abort qilinayotganiga ishonchi komil. 1983 yildan buyon bunday abort oqibatida uch mingdan ortiq ayol vafot etgan.

Abort Salvador, Nikaragua va Dominikan respublikasida butunlay taqiqlangan, Kuba, Gayana va Urugvayda esa butunlay qonuniylashtirilgan. Lotin Amerikasining aksariyat davlatlarida homiladorlikni to‘xtatishga ma’lum sabablardagina ruxsat berilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Argentina parlamenti abortni qonuniylashtirdi