11:47 / 07.01.2021
2 690

Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan namoyish Kapitoliy shturmi bilan tugadi

Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan namoyish Kapitoliy shturmi bilan tugadi
Foto: Meduza
Donald Tramp tarafdorlari 6 yanvar kuni Vashingtondagi Kongress binosiga bostirib kirdi. Ular Senat va Vakillar palatasi a’zolarining prezident saylovi yakunlarini tasdiqlash bo‘yicha o‘tkazayotgan qo‘shma majlisini to‘xtatib qo‘ydi. Prezident saylovida demokratlar nomzodi Jo Bayden g‘alaba qozongan edi.

Belgilangan (odatda rasmiyatchi) jarayonga ko‘ra, shtatlar vakillari alifbo tartibida chiqib, tanlovchilarning ovoz berish yakunlarini o‘qib eshittirayotgan edi. Biroq majlisning boshidayoq, navbat endigina Arizonaga kelganida, Respublikachilar partiyasi vakillari tomonidan bildirilgan norozilik sabab majlisni to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan edi. Majlis ishtirokchilari ushbu noroziliklarni muhokama qilish uchun o‘z palatalariga tarqab ketgan edi, deb yozadi Meduza.

Xuddi shu vaqtda Vashingtonda Tramp tarafdorlarining ko‘p ming kishilik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tayotgan edi. Namoyish «Amerikani qutqarish marshi» deb nomlangan. Mitingda chiqish qilarkan, AQSHning amaldagi prezidenti shunday dedi: «Biz hech qachon taslim bo‘lmaymiz, biz hech qachon mag‘lubiyatni tan olmaymiz», shuningdek, o‘z tarafdorlarini Kongressga borib, «bizning jasur senatorlarimiz,kongressmen va kongressvumenlarimizni olqishlash»ga chaqirdi. Natijada Kapitoliyga bir necha ming kishi keldi va ko‘p o‘tmay ular binoga bostirib kirdi. Ularning ayrimlari, ko‘rinishidan, qurollangan edi. Kongress a’zolari darhol evakuatsiya qilindi.

To‘qnashuvlar vaqtida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida Kapitoliy binosida o‘qotar quroldan yaralangan ayol ham bor. Ushbu ma’lumot Vashington shahar politsiya departamenti tomonidan tasdiqlandi. Yana bir necha kishi, jumladan, politsiyachilar tan jarohati olgan. Jabrlanuvchilardan birining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda — u Kapitoliy devoriga chiqishga uringan vaqti 10 metr balandlikdan tushib ketgan.

Kapitoliyni egallab olgan odamlar maxsus kuchlar tomonidan tarqatib yuborildi. Kamida 52 kishi qo‘lga olingan. Oradan bir necha soat o‘tib, tartib qayta tiklangach, senator va kongressmenlarning qo‘shma majlisi qaytadan boshlandi.

Tramp Twitter’dagi sahifasida video e’lon qildi, unda prezident «saylovlar o‘g‘irlangani», uning natijalari «firibgarlik» ekanini yana bir bor ta’kidlagan. Ayni vaqtda u o‘z tarafdorlarini tarqalishga, zo‘ravonlikka qo‘l urmaslikka va tartibni saqlashga chaqirdi. Ko‘p o‘tmay Twitter Trampning bu xabarini ijtimoiy tarmoq qoidalariga zid deb topib, o‘chirib tashladi va AQSH prezidenti akkauntini 12 soatga bloklab qo‘ydi. Kompaniya navbatdagi qoidabuzarliklardan so‘ng Tramp akkauntidan butunlay ayrilib qolishi mumkinligidan ogohlantirdi. Trampnnig Facebook’dagi akkaunti ham 24 soatga bloklangan.

AQSHning saylangan prezidenti Jo Bayden Tramp tarafdorlarining harakatlarini isyonga qiyosladi. «Demokratiyamiz qiyosi yo‘q hujumga uchradi. So‘nggi vaqtlarda biz hech bunday voqeaga guvohi bo‘lmagandik. Bu ozodlik qo‘rg‘oni, Kapitoliyning o‘ziga qilingan hujumdir... Biz qonunbuzarlikka qo‘l urgan ekstremistlarning katta bo‘lmagan guruhini ko‘rib turibmiz. Bu kelishmovchilik emas, bu tartibsizlik. Bu xaos. Bu isyonga yaqin narsa. Bunga hoziroq barham berish kerak», — dedi Bayden.

Kolumbiya okrugida komendantlik soati e’lon qilindi – u mahalliy vaqt bilan 6 yanvar soat 18:00 dan boshlab 12 soat amal qiladi. Vashington merii Myuriel Bauzerning iltimosiga ko‘ra, Milliy gvardiyaning mingdan ortiq harbiy xizmatchisi tartibni saqlash uchun jalb qilingan.

Demokratik partiyadan saylangan kongressmenlar Trampni impichment qilishga chaqirdi. Ularning fikricha, Tramp egallab turgan lavozimidan zudlik bilan chetlatilishi lozim — vaholanki, Tramp bor-yo‘g‘i yana ikki hafta, Jo Baydenning inauguratsiyasiga qadar prezidentlik qiladi, xolos. Massachuses shtatidan Vakillar palatasiga saylangan Ketrin Klark Trampni mamlakat va Amerika xalqini xavf ostida qoldirayotgan xoin deb atadi. Nyu-York shtati vakili Aleksandriya Okasio-Kortes shunday tvit qoldirdi: «Impichment e’lon qilish kerak».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan namoyish Kapitoliy shturmi bilan tugadi