20:14 / 09.01.2021
2 382

Kapitoliyning bosib olinishi – AQSH tarixidagi eng qora kunlardan biri

Kapitoliyning bosib olinishi – AQSH tarixidagi eng qora kunlardan biri
Foto: Google Photos
Eng yangi AQSH tarixida misli ko‘rilmagan voqea sodir bo‘ldi. Prezident Donald Tramp tarafdorlari poytaxt Vashingtonda dunyo jamoatchiligini larzaga kelishiga sabab bo‘lgan harakatni sodir etdi va Kapitoliy binosini kuch bilan egallab oldi. Aksar mamlakatlarning o‘ng va so‘l siyosiy guruhlariga mansub bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bu harakatni demokratiyaga hujum sifatida baholadi. Tramp esa katta siyosiy xatolikka yo‘l qo‘ydi, deb yozadi The Times nashriga tayanib "Daryo" nashri.

The Times gazetasi tarixga murojaat qilgan holatda butun jamoatchilikka AQSHning birinchi prezidenti Jorj Vashington ham ikki muddat prezident bo‘lgach, hokimiyat tepasida qolishi mumkin bo‘lsa-da, o‘z ixtiyori bilan prezidentlikdan ketganini yodga solib qo‘ydi. Vaholanki, 1951 yilda AQSHda prezidentlikni ikki martadan ko‘p egallash mumkin emas, degan cheklov borasida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilgan. Bu cheklovga amerikaliklar konstitutsiyaga kiritilgan 22 o‘zgartirish deb nom bergan edi.

Gazetada keltirilgan maqolada Jorj Vashington monarx bo‘lib qolishni istamagani uchun va ko‘plab tanqidlarga qaramasdan prezidentlik lavozimini boshqa shaxsga o‘z ixtiyori bilan topshirgani yoziladi. Shu davrdan beri AQSHda siyosiy jarayonlarda zo‘rlikka asoslangan namoyishlar emas, aksincha, qonun ustuvor bo‘lishi amalda bo‘lib keldi.

Donald Tramp esa prezidentlikning birinchi muddatidayoq rahbarlik testidan o‘ta olmadi. Qolaversa, kuchga asoslangan norozilik isyonini qanot yoyishiga turtki ham berdi. Tramp isyonchilarga qarata video murojaat yo‘llagan bo‘lsa-da, bu chiqish anchayin kechikib sodir bo‘ldi. Jorj Vashingtonni haqiqiy rahbarlik va yetakchilik salohiyati uchun eslab qolishgan bo‘lsa, Trampni o‘z majburiyatlarini buzgan shaxs sifatida eslab qoladigan bo‘lishdi, deb yozadi The Times.

The Guardian nashri esa Tramp davlat to‘ntarishi uyushtirishga urinib ko‘rdi, deb yozdi. Gazetadagi maqola muallifining fikricha, Tramp Baydenga o‘z vakolatini egallashiga qarshi harakat qildi va uning yangi ma’muriyatini zaiflashtirishga urindi.

Demokratiya bu siyosiy kelishuv bo‘lib, natija qanday bo‘lishidan qat’iy nazar demokratik tizimda qaror birgalikda qabul qilinadi. Kapitoliy tepaligida yuz bergan zo‘ravonlik avtoritar rejimlarga xos bo‘lgan jihatdir. Gazetada bayon qilingan fikrga ko‘ra, Vashingtonda bo‘lgan mudhish voqealar bu ko‘pchilikning irodasini ozchilikka bo‘ysundirish harakatidir.

The Independent nashri Kapitoliydagi voqealar haqida so‘z yuritar ekan, Trampning bir vaqtlar men Amerikani uchinchi dunyo davlatiga aylantiraman, degan fikrlarini esga solib qo‘ydi. Trampning o‘zi endilikda omma ehtirosi bilan o‘ynashib, siyosiy barqarorlik mavjud bo‘lmagan davlatlarda yuz beradigan voqeaning AQSHda yuz berishida bosh aybdor bo‘lib qoldi.

Kapitoliy binosidagi qonunshunoslar 1876 yildagi voqeani sinchiklab tahlil qilib, AQSHning asoschi otalari nimani nazarda tutganini tahlil qilayotgan paytda, tashqarida bir to‘da bolsheviklar ixlosmandlari «Qishki saroy»ni egallab olishga urinayotgandi. 1917 yildagi Petrogradda yuz bergan voqealardan farqli ravishda, Kapitoliydagi inqilobchilar marmar ustunlar yonida selfi qilish bilan ovora edi. Kapitoliyda yuz bergan voqealar amerikaliklarga endilikda nima uchun Trampni hokimiyatga qayta yaqinlashtirib bo‘lmasligi haqida esga solib turishi kerak.

The Daily Telegraph nashri esa AQSH poytaxtida yuz bergan voqealar haqida yozar ekan, Tramp va respublikachilar partiyasi o‘rtasidagi munosabat endilikda qanday bo‘lishi haqida fikr yuritdi. Yuqori martabali respublikachilar Trampni qo‘llab qanday balo sandig‘ini ochib qo‘ygani haqida bosh qotirayotgan bo‘lsa ajab emas. Ular o‘z savollariga bugun konstitutsiyani nazarga ilmaydigan qanday qilib bo‘lsa-da, hokimiyatda qolishni maqsad qilgan shaxs misolida aniq bilib oldi.

Kapitoliydagi noxush voqea esa «trampizm» hali yo‘q bo‘lmaganini bildiradi va Tramp keyinda ham oz sonli trampchilar bilan hali ko‘p muammo tug‘dirishi tayin. Ehtimol, Tramp «Men Oq uyni qisqa muddatga tark etyapman», degan xayolda yurgan ham bo‘lishi mumkin. Respublikachi senator Mitch Makkonel esa AQSHda demokratiya hali zo‘ravonlikka kuch bergan qonli iskanjaga tushishi mumkinligidan ogohlantiradi, deb yozadi The Daily Telegraph.

The New York Times nashri esa Trampning hokimiyat tepasiga kelishi alam, ayirmachilik va fitnalar bilan boshlangan bo‘lsa, uning ketishi ham mag‘lubiyatga uchragan alamzada olomonning Kapitoliyni egallashi bilan yakun topmoqda deb yozdi. Ular nazarida, AQSH go‘yoki qandaydir bir avtoritar mamlakat.

2021 yilning 6 yanvarda AQSH tarixidagi eng qora kunlardan biri sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi. Mazkur sana hokimiyat almashinuvining tinchlik yo‘li bilan amalga oshishi o‘rniga prezident Trampning isyonga chaqiriqlari bilan olomonning vakillar palatasi derazalarini sindirilishi kuni sifatida tarixda qoladigan bo‘ldi.

Vashingtonda – demokratiya o‘zagi bo‘lgan Kapitoliyda bunday voqeaning sodir bo‘lishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Politsiyachilar o‘z to‘pponchalarini norozilik namoyishchilariga qarata ularning binoga kirishlari uchun to‘sqinlik qilmoqda. Binoda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ham ishlatilmoqda. Qonunshunoslar esa bino ichkarisida quturgan olomon qo‘liga tushmaslik uchun berkinishga majbur. Isyonchilar senatdagi vitse-prezident va vakillar palatasi spikeri o‘rindig‘ida o‘tirib olib ko‘ngli tusagan ishni qilmoqda. Mazkur voqea sabab AQSHni «banan respublika» bilan mengzamoqda.

Tramp tarafdori bo‘lgan The Fox News telekanali ham Kapitoliyning ishg‘ol qilinishini bu safar hazm qila olmadi. The Fox News sharhlovchisi Deroy Merdok ishg‘olni sabotajning eng oliy cho‘qqisi sifatida baholar ekan, «Bu ahmoqlar Trampning tashqi va ichki siyosatda erishgan yutuqlarini bir tiyin qilmoqda», deb fikr bildirdi.

Amerikalik o‘rta tabaqa vakillarining eng yuqori daromadga ega bo‘lib turgani, qisqa fursatda ikkita koronavirusga qarshi vaksina yaratilgani, qashshoqlik darajasi eng past bo‘lgan davrdagi prezident haqida gap ketganda, endilikda «Anavi yaramasmi tarafdorlari Kapitoliyni ishg‘ol qilgan?» deb eslashadigan bo‘ldi, deb yozadi Deroy Merdok.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kapitoliyning bosib olinishi – AQSH tarixidagi eng qora kunlardan biri