18:16 / 14.01.2021
2 132

Olimlar koronavirusning ikkita yangi mutatsiyasini aniqladi

Olimlar koronavirusning ikkita yangi mutatsiyasini aniqladi
Foto: iStock
AQSHning Ogayo universiteti olimlari koronavirusning ikkita yangi shtammini aniqladi. «RIA Novosti»ning yozishicha, ulardan biri «britancha» shtammga o‘xshash, ikkinchisi virusning yanada yuqumli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Avvalroq bir nechta OAVlar Oq uyning COVID-19 muammosi bilan shug‘ullanadigan ishchi guruhining hisobotiga tayanib, AQSHda koronavirusning yangi, yuqumliroq turi paydo bo‘lishi va u dastlabki nusxasidan bir yarim baravar faolroq tarqalishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Biroq AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) ushbu ma’lumotni rad etdi.

Ogayo universiteti bayonotida aytilishicha, birinchi mutatsiya «britancha»ga o‘xshash bo‘lsa-da, lekin katta ehtimol bilan AQSHning o‘zida paydo bo‘lgan. Boshqa bir shtamm SARS-CoV-2’da birgalikda uchramagan uchta genetik mutatsiyaga ega.

Birinchi shtamm Ogayo shtatidagi bemorda topilgan va olimlar uning qanchalik keng tarqalganini hozircha ayta olmaydi. Shtammning ikkinchi varianti Kolumbus shahrida 2020 yil dekabr oyi oxiri — 2021 yil boshlarida ko‘paya boshlagan.

Olimlarning fikriga ko‘ra, ikkinchi shtammdagi mutatsiyalar virusni yuqumliroq qilishi mumkin va shu tariqa kasallikning odamdan odamga yuqishini kuchaytiradi. Tadqiqotchilar bu vaksinalar samaradorligiga ta’sir qiladi, deb o‘ylash uchun hozircha asos yo‘qligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi o‘rtalarida Buyuk Britaniyada SARS-CoV-2 koronavirusining yangi mutatsiyasi aniqlangani ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik Briyaniya hukumati mamlakatda aniqlangan shtammning tez tarqalayotganini inobatga olib, aholidan ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgandi. Yangi shtamm dastlabki baholovlarga ko‘ra odatdagidan 70 foizga yuqumli bo‘lishi mumkin deb topilgan bo‘lsa ham, u qanchalik xavfli ekanligi haqida hali hech qanday ma’lumot yo‘q.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar koronavirusning ikkita yangi mutatsiyasini aniqladi