19:39 / 14.01.2021
1 998

2021 yilda kutilayotgan ilmiy voqealar: iqlim o‘zgarishi, vaksinalar, Mars nihoyat zabt etiladimi?

2021 yilda kutilayotgan ilmiy voqealar: iqlim o‘zgarishi, vaksinalar, Mars nihoyat zabt etiladimi?
Foto: Getty Images
2021 yil kirib kelganiga ham o‘n kundan oshdi, jahon ilmiy dargohlarida esa allaqachon tadqiqotlarning bu yilgi qismi boshlab yuborildi. Bizga 2021 yilda ham ilm-fan qator yangilik va yutuqlarni taqdim etishi kutilmoqda. Xo‘sh, ushbu yildan qanday ilmiy natijalar kutilyapti va nima voqealar sodir bo‘ladi? Shu haqda nature.com nashrida qisqacha ma’lumot berildi. «Daryo» maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

Albatta, yuzaga kelgan sharoit taqozosi sabab 2021 yilda ham asosiy ilmiy salohiyat COVID-19’ga qarshi vaksina va dorilar yaratishga yo‘naltiriladi. Qolaversa, dolzarb bo‘lib turgan iqlim o‘zgarishlari masalasi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.

Iqlim o‘zgarishlari masalasi
2021 yil iqlim o‘zgarishlari masalasida tub burilish yili bo‘lishi kutilmoqda. AQSHning saylangan prezidenti Jo Bayden iqlim o‘zgarishlari masalasida mamlakatni yana jahonda yetakchi maqomga qaytarish va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash borasidagi Parij kelishuviga qayta qo‘shilishga va’da berdi (Prezident Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarni kelishuvdan olib chiqib ketgan edi, AQSH 2020 yilgi saylovlarning ertasi kuni rasman kelishuvdan chiqqan edi).

Iqlim o‘zgarishlari masalasidagi asosiy yil voqeasi noyabr oyida Glazgoda o‘tkaziladigan BMT iqlim konferensiyasi bo‘lishi kutilmoqda. Unda turli mamlakatlar, 2015 yildagi Parij kelishuvlaridan buyon ilk bora issiqxona gazlarining tashlanishini kamaytirish borasidagi yangi majburiyatlarni qabul qilishi kerak. Xitoy va Yevropa Ittifoqi atmosferaga chiqariladigan uglerod miqdorini kamaytirish borasida 2050–2060 yillargacha mo‘ljallangan yirik rejalarga ega bo‘lib, olimlar endilikda «Jo Bayden ham AQSH uchun shunday rejalar qo‘ya oladimi?» degan savol bilan qiziqmoqda.

COVID-19 izquvarlari
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tuzilgan ishchi guruh 2021 yilning yanvar oyi ichida Xitoyda bo‘ladi va COVID-19 pandemiyasining ilk manbasini aniqlashga harakat qiladi. Epidemiolog, virusolog, jamoat salomatligi bo‘yicha mutaxassis hamda veterinarlardan iborat olimlar guruhi 2019 yilda ilk bora SARS-CoV-2 koronavirusi bilan bog‘liq infeksiya aniqlangan Uxan shahrida izlanish olib boradi.

Tekshiruvning boshlang‘ich qismida guruh COVID-19 aniqlangan eng birinchi bemorlar tashrif buyurgan Xuanan bozoridagi go‘sht va hayvon mahsulotlarini tekshiradi. Virus manbasini aniqlash uchun yillar kerak bo‘lishi mumkin, lekin ekspertlar yil oxirigacha yangi ma’lumotlar olishga umid qilmoqda.

Pandemiya va vaksinalar
2020 yilda COVID-19’ga qarshi qo‘llashga ruxsat etilgan ilk vaksinalar paydo bo‘ldi. Ushbu yangi vaksinalarning samarasi borasida 2021 yilning birinchi qismida to‘liqroq tasavvur hosil bo‘lishi kerak. Ayniqsa, Amerikaning Novavax hamda Johnson & Johnson farmatsevtik kompaniyalari chiqargan vaksinalarning III bosqich klinik sinovlar katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Bu vaksinalarni Pfizer va Moderna chiqargan va hozirda III bosqich sinovlaridan o‘tib bo‘ldi, lekin juda past harorat saqlash talab etiladigan, RNK asosidagi vaksinalarni tashish va tarqatishdan ko‘ra osonroq bo‘ladi. Pfizer vaksinasini kechiktirib bo‘lmas tibbiy yordam maqsadlarida qo‘llash uchun ayrim mamlakatlarda allaqachon ruxsat berildi.

Foto: AFP
O‘tgan yil oxirida Novavax Birlashgan Qirollik va Qo‘shma Shtatlarda o‘z vaksinasini sinab ko‘rish uchun ikki yirik tadqiqotni boshladi va uning natijalari 2021 yil boshida e’lon qilinadi. Kompaniya yiliga ikki milliardga yaqin vaksina ishlab chiqarishi mumkin. Ikki marta yuboriladigan Pfizer va Moderna vaksinasidan farqli o‘laroq, Johnson & Johnson vaksinasi bir martada yuboriladigan turdagi bo‘lib, u ham sinovdan o‘tmoqda.

Ochiq ilmiy maqolalar
Ilmiy tadqiqotlarga homiylik qiladigan bir necha yirik kompaniyalar tomonidan so‘nggi ikki yil mobaynida tashkillashga harakat qilingan loyiha – ochiq ilmiy maqolalar loyihasi 2021 yilda va nihoyat ishga tushadi. 20 ga yaqin yirik tashkilotlar, xususan, Londondagi Welcome tashkilot, Sietldagi Milenda va Bill Geytslar fondi hamda Niderlandiyaning NWO milliy homiylik tashkiloti singarilar 2021 yilning yanvar oyidan boshlab o‘zlari homiylik qilgan ilmiy tadqiqotlarga oid maqolalarning erkin holatda bo‘lishini va e’lon qilingan zahotiyoq mutolaa uchun tekin tarzda ochiq e’lon qilinishini talab qildi.

Plan S deb nom olgan ushbu tashabbus turli ilmiy jurnallarga pullik obuna bo‘lish amaliyotiga chek qo‘yishi va ilmiy maqolalarni istalgan odam olib o‘qiy oladigan bo‘lishini ta’minlashi maqsad qilindi. Plan S bu borada bir necha nashrlarni yo‘lga solib bo‘ldi, jumladan, Nature ham birinchi marta maqolalarni ochiq tarzda e’lon qilmoqda.

O‘zak hujayralar bo‘yicha yangi yo‘riqnoma
O‘zak hujayralarga ixtisoslashgan tadqiqotlar yurituvchi olimlar o‘zak hujayralarni tadqiq qilish bo‘yicha Xalqaro Jamiyatning (ISSCR) yangi yo‘riqnomalari chiqarilishini sabrsizlik bilan kutmoqda. ISSCR bunday yo‘riqnomani so‘nggi bor to‘rt yil oldin chiqargan edi. Yangi yo‘riqnomada «14 kun» qoidasining istisno qilinishi kutilmoqda.

Foto: Google Photos
Unga ko‘ra, tadqiqotchilar in vitro olingan odam embrioni bilan ishlashga haqli emas. Yangi yo‘riqnomada esa o‘zak hujayralardan shakllantirilgan odam embrioniga o‘xshash strukturalarni tadqiq qilishga ruxsat berilishi mumkin. Bu orqali esa olimlar homiladorlikning erta bosqichlaridagi bola tushishiga sabab bo‘luvchi bir necha kasalliklarni yanada yaxshiroq tushunishiga imkon beradi, deb umid qilmoqda.

Alsgeymer kasalligiga qarshi dori borasida yangi burilish
AQSHning dori vositalari bo‘yicha nazorat organlari Alsgeymer xastaligini sekinlashtirishi aytilayotgan ilk dori vositasini foydalanish uchun qabul qilishga ruxsat berishi kerak. Biogen nomli farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan adukanumab nomli preparat ko‘plab olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu kasallikning miyadagi triggeri deb hisoblanuvchi yopishqoq oqsilga borib tutashadigan antitana ko‘rinishida bo‘ladi.

Preparat haqiqatan ham samarali ta’sir qilayotganligi haqidagi tasdiqlar borasida yakdillik mavjud emas. III-bosqich klinik sinovlari bo‘yicha o‘tkazilgan ikkita tadqiqot bir-biriga zid natija bergan va AQSH sanitar nazorat va oziq-ovqat hamda dori vositalari sifatini nazorat qilish Boshqarmasi tomonidan jalb qilingan mustaqil maslahat guruhining xulosalariga ko‘ra, preparatni foydalanish uchun tasdiqlanishi mumkin. Alsgeymer kasalligiga qarshi hozirgacha ishlab chiqarilgan va tasdiqlangan preparatlarning barchasi uning rivojlanishining oldini olmaydi, balki, xotira yo‘qolishi singari, kognitiv simptomlarni davolaydi xolos.

Marsni zabt etish
Xitoyning kosmik dasturlari borasidagi yirik maqsadlari yo‘lidagi harakatlari 2021 yilda ham davom etadi. Xitoyning Marsga yo‘llagan zondi fevral oyida qizil sayyoraga qo‘nishi rejalashtirildi. Tianwen-1 missiyasi 13 xil uskuna, shu jumladan, kameralar, radarlar hamda zarracha analizatorlari orqali Marsda suv va hayot alomatlarini qidiradi. Missiya muvaffaqiyatli chiqsa, bu qizil sayyorani tadqiq qilish borasidagi Xitoyning dastlabki yutug‘iga aylanadi va bu birinchi marta orbital apparat, qo‘nish moduli va marskezarning birgalikda Marsga qo‘nishini uddalangani bo‘ladi.

Foto: NASA
Uzoq kutilgan teleskopning koinotga chiqarilishi
Oktabrda anchadan beri kutilayotgan kosmik teleskop – Jeyms Uebb teleskopining uchirilishi kutilmoqda va uni ishlab chiqqan NASA mutaxassislari «eng katta, eng kuchli va murakkab kosmik teleskop» deb e’tirof etmoqda. Qiymati 8,8 milliard dollarga teng bo‘lgan Jeyms Uebb teleskopi, 1990 yildan beri koinotda ishlab turgan va 1,3 milliondan ziyod kuzatishlarni amalga oshirgan holda astronomiya sohasida inqilob yasagan Xabbl teleskopining muvaffaqiyatini takrorlashga urinib ko‘radi.

Jeyms Uebb teleskopi Xabbl teleskopidan ko‘ra kengroq to‘lqin uzunliklari diapazonini qamrab oladi va bu koinot qa’riga chuqurroq nazar tashlash imkonini beradi.

To‘lqin effekti
Radioastronomlar pulslanuvchi neytron yulduzlardan mayoq sifatida foydalangan tarzda gravitatsiya to‘lqinlarini tutish borasidagi yangi usulni ochishi mumkin. Ushbu pulslardan kelayotgan signallarni aniq sinxronlagan holda Yevropa, Shimoliy Amerika hamda Avstraliyadan joy olgan ilmiy guruhlar, olis galaktikalar markazida bir-birining atrofida aylanayotgan o‘ta massiv qora tuynuklar juftligi tomonidan chiqarilayotgan uzun to‘lqinli gravitatsion mavjlanishlarni qayd etishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 2021 yilda kutilayotgan ilmiy voqealar: iqlim o‘zgarishi, vaksinalar, Mars nihoyat zabt etiladimi?