14:05 / 20.01.2021
1 999

Navalniy «Putinning qasri» haqidagi surishtiruvni e’lon qildi (video)

Navalniy «Putinning qasri» haqidagi surishtiruvni e’lon qildi (video)
Foto: BBC
Asoschisi muxolifatchi Aleksey Navalniy bo‘lgan Korrupsiya qarshi kurash fondi 19 yanvar kuni «Putin uchun qurilgan qasr» haqida katta tadqiqotni e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

Materialning bir qismi Germaniyada tayyorlangan, Navalniy zaharlanganidan keyin o‘sha yerda davolangan edi. 17 yanvar kuni Moskvaga yetib kelganidan keyin u aeroportda qo‘lga olingan. Ertasi kuni politsiya bo‘limida majlis o‘tkazgan sud uni 30 sutkaga qamoqqa oldi. Muxolifatchining o‘zi sudni «qonunbuzarlikning eng yuqori darajasi» deb atadi.

Aleksey Navalniy iddao qilishicha, Rossiya prezidenti Gelenjik yaqinida, Qora dengiz sohilida «butun boshli qirollik»ga egalik qiladi, uning hajmi «Monakodagi 39 ta knyazlikka teng».

Fond xabar berishicha, majmuaning qurilishini bir qator kompaniyalar, shu jumladan, «Rosneft» va «Transneft» davlat kompaniyalari qalbaki ijara to‘lovlari va boshqa korrupsiyaviy sxemalar yordamida moliyalashtirgan.

Tadqiqot mualliflari bu sxemani «dunyodagi eng katta pora» deb atab, qasr va uzumzorlarga sarflangan jami pul qiymatini kamida 100 milliard rubl (1,35 milliard dollar)ga baholamoqda.

«Rossiyadagi eng maxfiy hamda eng qattiq qo‘riqlanadigan ob’ekt, hech qanday mubolag‘asiz. Bu shahar tashqarisidagi uy emas, dala hovli emas, qarorgoh emas — butun boshli shahar, aniqrog‘i esa qirollik. Bu yerning mustahkam devorlari, o‘z porti, o‘z qo‘riqlash xizmati, cherkovi, o‘z o‘tkazish rejimi, uchish taqiqlangan hududi va hatto o‘z chegara punkti ham bor», — deyiladi videoda.

Hujjatlarga tayangan holda Aleksey Navalniy ma’lum qilishicha, «qasr»ning maydoni — 17 691 metr² ga teng bo‘lib, bu mamlakatdagi eng katta shaxsiy turar joydir.

Qasr haqida birinchi marta 2010 yildayoq ma’lum bo‘lgan — u haqda biznesmen Sergey Kolesnikov gapirib bergan, u qurilish loyihasiga jalb qilinganini aytgandi. Biznesmen qurilish bilan bog‘liq smetalar, shartnomalar va boshqa hujjatlarni e’lon qilib, loyihaga biznesmen Nikolay Shamalov Vladimir Putinning manfaatlari yo‘lida rahbarlik qilganini bildirdi. Bu OAVda katta shov-shuvga olib keldi va bir necha oydan keyin Shamalov qasrni biznesmen Aleksandr Ponomarenkoga sotdi, u esa loyihani mehmonxona majmuasi sifatida qurib bitkazishini ma’lum qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash fondi da’vo qilishicha, oldi-sotdi soxtalashtirilgan — Ponomarenko qasr uchun bor-yo‘g‘i 350 ming dollar (OAVlarda aytilgan narxdan ming marta pastroq). Shamalovning firmalaridan biri tez orada ob’ektda boshqaruvchi kompaniyaga aylandi.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Navalniyning tadqiqotini shunday izohladi: «Plastinka juda chaynalib ketdi. Ko‘p yillar oldin biz Putinning hech qanaqa qasri yo‘qligini tushuntirib bo‘lganmiz».

Aleksey Navalniy 2020 yil avgustdan beri Germaniyada edi. U Tomsk—Moskva samolyotida o‘zini yomon his qilgani sababli davolanish uchun olib ketilgan. Tahlillar natijasiga ko‘ra, Navalniy «Novichok» guruhidagi modda bilan zaharlangani ma’lum bo‘ldi. Dekabr oyida Bellingcat va The Insider siyosatchini Federal xavfsizlik xizmatining sakkiz nafar xodimidan iborat maxsus guruh zaharlagani ta’kidlangan tekshiruv natijalarini e’lon qildi.

14 yanvar kuni Jazolarni ijro etish federal xizmati siyosatchi 29 dekabr kuni departament tashabbusi bilan qidiruvga berilganini xabar qildi. Xizmat uni «Iv Roshe» ishi bo‘yicha rejimni buzgan, unga muvofiq Navalniy oyda ikki marta Jazolarni ijro etish federal xizmati organlariga borib, ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘lgan. Davolanishdan keyingi reabilitatsiya, xizmatning fikricha, ro‘yxatga olishga kelmaslik uchun asos bo‘lolmaydi.

Navalniy 17 yanvar kuni kechqurun Berlindan Moskvaga qaytib keldi. Sheremetevo aeroportida siyosatchi «Iv Roshe» ishi doirasida hibsga olindi va Ximki shahridagi politsiya bo‘limiga olib ketildi. Ximki shahar sudi Aleksey Navalniyni 15 fevralga qadar qamoqqa olish bo‘yicha hukm chiqardi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Navalniy «Putinning qasri» haqidagi surishtiruvni e’lon qildi (video)