11:23 / 22.01.2021
1 171

Bayden ishni Trampning xatolarini tuzatishdan boshladi

Bayden ishni Trampning xatolarini tuzatishdan boshladi
Foto: Reuters
Time jurnali Jo Bayden AQSH prezidenti bo‘lganidan keyin chiqargan ilk soniga ajoyib muqova tanladi. Unda to‘zib yotgan oval kabinet va o‘ychan Bayden tasvirlangan. Ya’ni, muqovada Baydenga Trampdan chinakam tartibsizlik uyasi meros qolgani hikoya qilingan. Aslida ham shunday. Shu sabab Bayden ishni Trampning qarorlarini bekor qilishdan boshladi.

Demokrat Jo Baydenning prezidentlik saylovidagi g‘alabasini butun dunyo xursandchilik bilan kutib oldi. Chunki Tramp prezidentligi davrida dunyo xuddi porox ustida turgandek edi. Dunyo siyosatida hal qiluvchi bo‘lgan mamlakat rahbarining bu qadar tushunarsiz va ehtiyotsizlik bilan harakat qilishi barchani xavf ostida qoldirayotgandi. Yangi prezident Jo Bayden ishni Trampning g‘alati qarorlarini bekor qilishdan boshlashi kutilayotgandi. Chindan shunday bo‘ldi. Demokrat nimalarni bekor qilishga ulgurdi?

«Hoziroq ishga kirishaman»
Bayden prezident sifatida qasamyod qilgach, ko‘p gapirishga vaqt yo‘qligini, tezda ishga kirishishini aytdi. Oval kabinetga borishi bilan ishga kirishgan demokrat ishni musulmon davlat fuqarolariga kiritilgan cheklovni bekor qilishdan boshladi. Trampning tashabbusi bilan kiritilgan cheklovga ko‘ra, ko‘plab musulmon davlatlar fuqarolariga AQSHga kirish taqiqlangandi. Bayden bu cheklovni bo‘lmag‘ur deb atadi. Endilikda AQSHga kirish uchun hech qanday ortiqcha cheklov bo‘lmaydi va kirib-chiqish odatiy viza asosida amalga oshiriladi. Bayden musulmon davlat fuqarolariga AQSHga kirishni taqiqlash mamlakat milliy vijdoniga zid ekanini, xavfsizlik iddaosi bilan odamlarning e’tiqodini kamsitish to‘g‘ri emasligini ham aytdi.

Meksika bilan chegarada devor qurilmaydi
Trampning eng g‘alati qarorlaridan biri Meksika bilan chegarada devor qurish edi. U saylovoldi kampaniyasi doirasida migrantlardan bezor bo‘lgan odamlar ko‘nglini olish uchun Meksika bilan o‘rtada devor qurish taklifini bergandi. Keyinchalik bu qaror hukumat orasida ham ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Kongress bir necha marta devor qurilishiga pul ajratishni rad etgandi. Bayden birinchi ish kunida Meksika bilan o‘rtada devor qurilishini ham bekor qildi. Tramp prezidentlik davrida bu devor qurilishi boshlab yuborilgandi.

Parij kelishuviga qaytish
Trampning yana bir shov-shuvli qarori AQSHning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi edi. 2017 yilda Tramp sensatsion tarzda shunday qaror qabul qilgandi. Dunyoning katta davlatlari imzo chekkan bu kelishuvga ko‘ra, mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rishi kerak. Tramp esa shartlar AQSH uchun Xitoydan keskinroq bo‘lgani sabab mamlakat undan chiqib ketishini ma’lum qilgandi. «Meni Parij emas, Pittsburg fuqarolari nomidan gapirish uchun saylashgan», degandi bu haqda Tramp.

AQSHda 3 noyabr kuni prezidentlik saylovlari o‘tkazilgan va 4 noyabr kuni mamlakat Parij kelishuvidan chiqib ketgandi. Bayden o‘sha kuni Tvitterda AQSH u prezident bo‘lgach, tezda kelishuvga qaytishini ma’lum qilgandi va bu bo‘yicha farmonga birinchi ish kunidanoq imzo qo‘ydi.

Bu qanday kelishuv edi?
2020 yildan amalga kirajak Parij kelishuviga ko‘ra, hujjatni ratifikatsiya qilgan davlatlar global iqlim isishiga qarshi amaliy harakatlarni amalga oshirishi kerak. Ya’ni, energotejamkorlikka e’tibor berish, qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishga e’tiborni oshirish, elektrda yuruvchi transportlar sonini ko‘paytirish kabi ishlar bilan global iqlim isishiga qarshi kurashish kerak. Amerikada iqlim o‘zgarishiga olib keluvchi chiqindi hajmi butun boshli Yevropa Ittifoqidagidan bir necha marta ko‘pligi inobatga olinsa, AQSH kelishuvda bo‘lmasligi mantiqsizlik. Shu sabab Bayden birinchi ish kunidayoq mamlakatning Parij kelishuviga qaytishi bo‘yicha farmon imzoladi.

Muhojirlar haydalmaydi
Bayden birinchi ish kunida Tramp sabab yuzaga kelgan yana bir muammoni hal qilishga majbur bo‘ldi. Sobiq prezident administratsiyasi 4 yil davomida AQSHga bolaligida noqonuniy migrant ota-onasi bilan kelib qolgan odamlarni mamlakatdan haydab chiqarishga harakat qildi. Vaholanki, Obama davrida bunday muhojirlarga o‘ziga xos amnitsiya orqali hujjat berilgan yoki mamlakatdan chiqib ketishga majburlanmagan. Bayden aynan Obama qo‘llagan usulni tikladi va bu borada maxsus farmon imzoladi.

Niqob taqish shart, AQSH JSSTdan chiqmaydi
Tramp o‘tgan yili koronavirus keskin tarqala boshlagan bir vaqtda o‘z manziliga yog‘dirilayotgan tanqidlar fonida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini «Xitoy virusi» haqida ma’lumotlarni yashirganlikda ayblab, AQSH tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatishini ma’lum qildi. Asosiy moliyalashtiruvchi davlat AQSH bo‘lgan JSST esa tarixda o‘zi eng kerak bo‘lgan davrda juda qiyin holatda qoldi. Bir tomondan Xitoy virus haqidagi ma’lumotlarni yashirmoqda, ikkinchi tomondan moliyaviy qiyinchilik.

Albatta, Trampning arazlashi sabab AQSH madadidan quruq qolgan JSSTga yordam beradigan davlatlar topildi. Bayden AQSH JSSTdan chiqmasligini kafolatlaydigan farmonga imzo chekdi va endilikda JSSTni moliyalashtirish oldingidek davom etadi.

Tibbiyot sohasida farmonda butun mamlakat bo‘ylab jamoat joylarida niqobda yurish va oraliq masofani saqlash ham majburiy qilib qo‘yildi.

Birinchi ish kuni haqida Bayden Tvitterdagi sahifasida shunday yozdi: «Prezidentlik vakolatini qaytarib olgach, quyidagi ishlarga kirishdim: pandemiya ustidan nazorat, iqtisodiy yordam ko‘rsatish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, irqiy notenglikka qarshi kurash», deb yozdi demokrat.

Baydenning matbuot kotibi Jen Psakining aytishicha, Bayden Trampning yana bir qator qarorlarini bekor qilishi kerak va shu sabab dastlabki ish kunlarida ko‘plab farmonlar imzolanadi. Xususan, abortga qarshi bo‘lmagan xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirishni taqiqlovchi cheklov ham bekor bo‘lishi kutilmoqda. Bayden uzoq yillardan buyon ekologlar tabiat ifloslanishidan xavotirlanib, mahalliy indeyslar tarixiy yodgorliklari yo‘qolishidan xavfsirab qarshi chiqayotgan Kanada hamda AQSHni bog‘lovchi Keystone XL neft yo‘nalishi qurilishiga ruxsat berishni rejalashtirgan. Bu qaror Bayden Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bilan telefonda gaplashgach, imzolanishi kutilmoqda. Darvoqe, Bayden prezident bo‘lgach, ilk telefon suhbatini aynan Tryudo bilan o‘tkazadi.

Juda tez start
Bayden prezidentlikka kelgach, juda tez farmonlar imzolashga kirishib ketdi. U prezidentligining birinchi 24 soatida 15 ta farmon imzoladi. Taqqoslash uchun rahbarlikka kirishgach, dastlabki ikki haftada Tramp 8 ta, Obama 9 ta, Bush 2 ta va Klinton 3 ta farmon imzolagan. Chunki Tramp shu qadar ko‘p xatoliklarni Baydenga meros qoldirgandiki, ularni tuzatishni birinchi kundan boshlash shart edi.

Albatta, Bayden jamoasi bir kun ichida buncha narsani tayyorlashga ulgurmasdi, ular saylov natijasini bilgach, 3 oy davomida demokratning siyosiy yo‘lini belgilab beruvchi bu farmonlarni tayyorlab qo‘yishgan. Bayden esa ularni faqatgina imzolash bilan cheklandi, xolos. Biroq farmonlar bilan Tramp oyog‘ini osmondan qilib ketgan tizimni tiklash imkonsiz. Keyingi rahbarlar ham o‘zgarish qila olmasligi uchun Bayden yuqoridagi masalalar bo‘yicha Kongressga qonun loyihasini taklif qilishi kerak.

Bayden Tramp oshirib tashlagan turli xil bojlarni bekor qilish, jinoyat kodeksini o‘zgartirish yoki talabalarning ta’lim kreditini kechishga esa shoshilmayapti. Vakillar palatasida demokratlar ko‘p ekani Baydenga qonuniy o‘zgarishlar qilishga yordam berishi mumkin, lekin respublikachilar ham unga qonuniy to‘siqlar qo‘yishga intilishi tabiiy. Aynan mana shu holatda Baydenga qonun chiqaruvchi vazifasidagi uzoq yillik tajribasi qo‘l kelishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)