19:23 / 26.01.2021
2 515

Olimlar koronavirusni davolashda «Remdesivir»dan 30 marta samaraliroq dorini aniqladi

Olimlar koronavirusni davolashda «Remdesivir»dan 30 marta samaraliroq dorini aniqladi
Foto: Getty Images
Saratonga qarshi dori sifatida o‘rganilayotgan plitidepsin ba’zi mamlakatlarda qo‘llanilayotgan «Remdesivir» dorisiga nisbatan SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi 27,5 marta samaraliroq virusga qarshi vosita bo‘lib chiqdi. Ushbu tadqiqot natijalarini Nyu-York va San-Fransisko olimlari Science jurnalida e’lon qildi, deb yozadi «RBK».

«Aplidin» savdo belgisi ostida ko‘proq mashhur bo‘lgan plitidepsin 2000 yillarda cheklangan tarzda tarqalgan edi. U assidiya dengiz jonivori tomonidan ishlab chiqariladi. Birinchi marta u Ibitsa oroli sohilbo‘yi yaqinida, O‘rtayer dengizida aniqlangan Aplidium albicans turidagi assidiyadan ajratib olingan. Ushbu dori uchun huquq Ispaniyaning PharmaMar kompaniyasiga tegishli.

2004 yilda bu dori Yevropa dori vositalari agentligi tomonidan saratonni davolashda yordam beradigan dori sifatida ro‘yxatga olingan. 2017 yilda dori vositalari bo‘yicha EMA qo‘mitasi uni ko‘p sonli ikkilamchi ta’sirlari va isbotlanmagan davolovchi ta’siri tufayli ko‘p miqdordagi miyelomani davolash uchun dori sifatida sotishga ruxsat berishdan bosh tortdi. 2020 yil oktabrda sud bu qarorni bekor qildi. Avstraliyada plitidepsin 2018 yil dekabrida ma’qullangan bo‘lib, u yerda miyelomaning ba’zi turlarini davolash uchun deksametazon bilan birgalikda qo‘llaniladi.

2020 yilda AQSH, Buyuk Britaniya va Ispaniyada boshqa bir qator eksperimental dorilar bilan birga, plitidepsinning virusga qarshi ta’sirini o‘rganish boshlandi. Olimlarning bir nechta guruhi u haqiqatan ham COVID-19’ni davolashda ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keldi. Tadqiqotga muvofiq, plitidepsin virusning hayot siklida muhim rolni o‘ynaydigan alohida oqsillarga ta’sir o‘tkazib, inson hujayralarida SARS-CoV-2 faolligini «Remdesivir»ga nisbatan 27,5 marta samaraliroq tushiradi.

San Francisco Chronicle aniqlik kiritishicha, boshqa dorilardan farqli o‘laroq, plitidepsin virusning o‘zidagi oqsillarga emas, virus replikatsiya uchun foydalanadigan hujayralarning oqsillariga ta’sir qiladi. Tadqiqotlar maymunlar va sichqonlar ishtirokida, Ispaniyada esa ikkinchi bosqich doirasida odamlar ishtirokida ham o‘tkazildi. Dori COVID-19’ga chalingan 45 bemorga yuborilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u bemorlarning kasalxonada yotish muddatini 47 foizga qisqartirgan: bemorlarning 81 foiziga 15 kun ichida javob berilgan.

«Remdesivir» Yevropa Ittifoqida ruxsat olish uchun tavsiya qilingan koronavirusga qarshi ilk dori vositasi hisoblanadi. Janubiy Koreya ham 1 iyuldan boshlab «Remdesivir» dori vositasini sotib olishni boshlagandi. O‘zbekistonda ham profilaktika, kasallikning yuqishini oldini olish maqsadida ishlatish mumkin bo‘lgan dorilar qatorida «Remdesivir» bor. JSST «Remdesivir»ni koronavirusga qarshi kurashda «umid uyg‘otuvchi» dori vositasi deb atagan. Preparat koronavirus ko‘payishini bloklash xususiyatiga ega ekani kanadalik olimlar tomonidan aprel oyida aniqlangandi. AQSH «Remdesivir» preparatining deyarli barcha zaxirasini sotib olayotganini ma’lum qilgandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) esa COVID-19’ni davolash uchun «Remdesivir»ni qo‘llashga qarshi chiqdi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilot mutaxassislari ayni paytda «ushbu dori bemorlarda yashovchanlikni yaxshilashi va boshqa xususiyatlari isbotlanmagani» sababli doridan foydalanishga qarshi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar koronavirusni davolashda «Remdesivir»dan 30 marta samaraliroq dorini aniqladi