11:51 / 27.01.2021
2 475

Putin va Bayden birinchi marta telefon orqali muloqot qildi. Ular nimalarni muhokama qilishdi?

Putin va Bayden birinchi marta telefon orqali muloqot qildi. Ular nimalarni muhokama qilishdi?
Foto: Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqot qildi, deb yozadi Meduza. Bu ikki mamlakat rahbarlarining AQSHdagi saylovlardan keyingi birinchi suhbatidir. Kreml xabariga ko‘ra, u «ish yuzasidan va ochiqchasiga» bo‘lgan.

«Vladimir Putin Jo Baydenni AQSH prezidenti lavozimida ish boshlagani bilan tabrikladi. Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning normallashuvi ikkala mamlakat va — ularning dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni saqlash uchun alohida mas’uliyatini hisobga olganda — butun xalqaro hamjamiyat manfaatlariga javob bergan bo‘lishini qayd etdi», — deyiladi xabarda.

Putin va Bayden Strategik hujum qurollari to‘g‘risidagi shartnomani uzaytirish, Ochiq osmon shartnomasidan chiqish, Eron bilan yadro shartnomasi va Ukrainadagi nizo masalalarini muhokama qildi, deyiladi Kreml xabarida.

Oq uy xabariga ko‘ra, Bayden va Putin rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishini, Moskvaning AQSH davlat idoralariga kiberhujumdagi ehtimoliy ishtirokini, shuningdek, Rossiyaning Amerikadagi 2020 yilgi saylovlarga aralashish bo‘yicha ehtimoliy urinishlarini va Afg‘onistonda «Tolibon» harakati bilan amerikaliklarga qarshi ehtimoliy til biriktiruvlarni muhokama qilgan.

«Prezident Bayden Rossiyaning Amerika yoki uning ittifoqdoshlariga zarar yetkazadigan xatti-harakatlariga javoban, AQSH o‘z milliy manfaatlarini qat’iyan himoya qilishini ochiq-oydin bildirdi», — deyiladi Oq uy xabarida.

Muloqotdan keyin Jo Bayden jurnalistning Putin bilan telefon suhbati nima haqda bo‘lgani haqidagi savoliga javoban hazil qildi. «Siz haqingizda bo‘ldi. U sizga eng yaxshi tilaklarini bildirdi», — dedi Bayden.

AQSHda prezident saylovlari 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Uch kundan keyin Amerikaning eng yirik OAVlari o‘z hisob-kitoblariga tayanib, Jo Baydenning g‘alabasi haqida e’lon qildi. Ko‘pchilik dunyo yetakchilari uni shu zahoti tabrikladi, ammo Kreml rasmiy natijalar e’lon qilinmagunicha, uni qutlashdan bosh tortdi. Putin Baydenga 15 dekabr kuni tabriknoma jo‘natdi.

Avvalroq Oq uy Rossiya bilan AQSH milliy manfaatlariga oid masalalarda hamkorlik qilishini, biroq Moskvaning «tajovuzkor harakatlari»ga ko‘nikmoqchi emasligini bildirgan edi. The Washington Post manbalariga ko‘ra, Bayden undan avvalgi ko‘pchilik Amerika prezidentlari kabi Rossiya bilan aloqalarni qaytadan boshlamoqchi emas.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin va Bayden birinchi marta telefon orqali muloqot qildi. Ular nimalarni muhokama qilishdi?