16:18 / 03.02.2021
3 490

Navalniy musulmonlarga do‘stmi yoki dushman?

Navalniy musulmonlarga do‘stmi yoki dushman?
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hamyurtlarimizning qo‘shni davlatlar, xususan Rossiya siyosatida yuz berayotgan voqealarga katta e’tibor berayotganlari, qizg‘in bahslarga kirishib ketayotganlarini ko‘rib hayron bo‘laman. To‘g‘ri, yuz yildan ortiq muddat mustamlakasi bo‘lganimiz, hozir ham millionlab hamyurtlarimizning o‘sha mamlakatda ishlayotgani qandaydir sabab bo‘lishi mumkin.

Ammo, boshqa davlatning ichki ishlariga bunchalik diqqatni qaratish unchalik ham to‘g‘ri ish emas. Undan ko‘ra, o‘zimizning qalashib yotgan muammolarimizga yechim izlaganimiz yaxshiroq emasmi?

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari hozirgi prezident Putinga xayrixohligini bildirsa, boshqalari Navalniyga tarafini olishadi. Putinning sobiq imperiyani qo‘msashi, qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham sobiq mustamlakalarni “katta og‘a” qanoti ostiga to‘plashga harakat qilishi hech kimga sir emas.

Xo‘sh, Navalniy-chi? Agar u hokimiyat tepasiga kelsa, musulmonlar, ayniqsa, Rossiya musulmonlarining ahvoli qanday bo‘ladi? Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar yaxshilanadimi? Shu sababli Aleksey Navalniyning hozirgacha faoliyati davomida musulmonlar va Islom diniga bo‘lgan munosabati haqida ozgina xabardor bo‘lib qo‘yish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Navalniy bosib olingan Qrim yarimoroli "Rossiyaning bir qismi bo‘lib qolishi va endi hech qachon Ukrainaning tarkibiga aylanmasligini" ta’kidlagani uchun qrimliklarning ko‘z o‘ngida dushman sifatida qabul qilinadi.

2011 yil sentabr oyida Aleksey Navalniy Rossiya millatchi tashkilotlarining "Kavkazni boqishni to‘xtatish" shiori ostida o‘tkazilgan umummilliy kampaniyasini qo‘llab-quvvatlagan edi.

Navalniy Shimoliy Kavkaz respublikalarini moliyalashtirishning noto‘g‘ri siyosati bilan Kavkaz va Rossiyaning janubiy mintaqalarida terrorizm muammosini bog‘laydi. Navalniy davlat muassasalari va davlat idoralarida musulmon ayollarning ro‘mol o‘rashini noo‘rin deb aytgan edi. U hijobni "ayolni kamsitish", "yovvoyilik" va "o‘rta asr vahshiyligi" deb atagan. Qodirovning chechen armiyasiga munosabat bildirgan Navalniy bir necha bor Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Moskvaning moliyaviy ko‘magi bilan aslida o‘zining “shariat qo‘shini”ni yaratganini aytgan.

2000 yillarning oxirlarida millatchilarning "Rossiya marshida" qatnashgan Aleksey Navalniy Rossiyaga ommaviy migratsiya manbalari bo‘lgan barcha mamlakatlar bilan viza rejimini joriy etish tarafdori. Ular orasida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz ham bor.

"Biz ishonamiz, Kavkazda orzusi hijobga o‘ralib olib, 25 farzand ko‘rishni emas, balki normal va odam kabi yashashni orzu qiladigan qizlar ham bor. Biz bilamiz, u yerda o‘qishni va ishlashni xohlaydigan, hayotdagi ideali “Porsh Kayen” yoki mana bunday barmoq ko‘tarish bo‘lmagan yoshlar ham bor", degan edi Navalniy minbarda shahodat timsoli bo‘lgan ko‘rsatkich barmog‘ini tepaga ko‘tarib.

Janubiy Osetiya va Abxaziyaning mustaqilligi masalasiga kelsak. 2008 yil avgustda Aleksey Navalniy mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilishni yoqlagan va shu bilan Moskvaning Tbilisiga nisbatan siyosatini qo‘llab-quvvatladi. Biroq, rus qo‘shinlari Gruziyaga kirib kelganida, Navalniy to‘satdan, jangovar harakatlarni to‘xtatishga va rus askarlarini olib chiqib ketishga chaqirdi.

2017 yilda Navalniy feysbukda Qurbon hayiti munosabati bilan o‘qilgan namozdan keyin Moskvadagi jome masjididagi namozxonlar tasvirlangan videoni joylashtirgan. Siyosatchi videoni kinoyali tarzda izohlab shunday degan: "Muhojirlar hujumi va islomlashtirishga qarshi tura olmaydigan Yevropaning o‘limi haqidagi Rossiya televideniye tok-shousining yangi kadrlari tarmoqqa joylandi".

U videodagi hodisalar Parij va Londonda bo‘lib o‘tgani va ular yovvoyilar zarbasi ostida qolganini yozgan. Navalniy millatchilik va ksenofobiya, ayniqsa “Yabloko” partiyasi a’zosi bo‘lgan, ozarbayjon millatiga mansub Saodat Qodirovani haqorat qilib, “uning joyi bozorda ekani”ni aytgan va bu ham yetmaganday uyat so‘zlar bilan haqorat qilgan. Bu qilig‘i uchun Navalniy “Yabloko” partiyasidan quvg‘in qilingan.

Musulmonlarning Navalniyga yana bir e’tirozi – uning "yangi masjidlar ko‘proq noqonuniy migratsiya masalasidir" deb Moskvada yangi masjidlar qurilishiga qarshi chiqqani edi.

Ba’zi bir musulmonlar tomonidan Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlanishi, bu odamning millatchilik va islomofobik qarashlarga sodiqligini hisobga olsak, katta aldanishdir.

Muxolifatchi, shuningdek, axloqan buzuq LGBT hamjamiyati vakillarining huquqlarini kengaytirishni talab qilmoqda. Shu munosabat bilan dog‘istonlik blogger dindoshlarini bu odamni qo‘llamaslikka chaqirgan.

Savol tug‘iladi: musulmonlar ularning diniga qarshi fikrlar bildirayotgan "siyosatchi" Navalniydan nimani kutishlari mumkin?

Yoqub Umar tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Navalniy musulmonlarga do‘stmi yoki dushman?