16:00 / 07.02.2021
2 303

Telegram asoschisi Pavel Durov Dubay valiahd shahzodasi bilan uchrashdi

Telegram asoschisi Pavel Durov Dubay valiahd shahzodasi bilan uchrashdi
Foto: Instagram / @dubaimediaoffice
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Dubay valiahd shahzodasi Hamdan ibn Muhammad ibn Rashid al-Maktum bilan uchrashdi, deb yozadi Meduza Dubay hukumati matbuot xizmatiga tayanib.

Uchrashuvda shayxning ma’lum qilishicha, Dubayda yaratilgan va biznes uchun qulay bo‘lgan sharoit ko‘plab texnologik startaplarning rivojlanishiga yordam bergan. Durov shaharning butun dunyodan kelgan tadbirkorlar uchun markazga aylanganini tasdiqladi.

«Men bozor qiymati 20 milliard dollardan ziyod va foydalanuvchilari 570 milliondan ortiq bo‘lgan Telegram platformasining asoschisi Pavel Durov bilan uchrashdim va undan BAA o‘lkasida tug‘ilgan ilhomlantiruvchi muvaffaqiyat tarixi haqidagi tafsilotlarni bilib oldim», — deb yozdi shayx o‘z Twitter’ida.

Pavel Durov 2017 yilda Dubayga ko‘chib borgan va u yerda Telegram ofisini ochgan edi. U Bloomberg’ga tushuntirishicha, bu shaharni soliqlar pastligi uchun tanlagan. «Daromadimizning deyarli yarmi soliqlarga ketishi mumkin. Aslida bu bir yilda 180 kun hukumat foydasiga ishlaysiz degani. O‘ylaymanki, o‘zim ishlab topayotgan pullarni jamoat foydasi uchun qo‘llashning yaxshiroq yo‘lini topa olaman», — degan edi Durov.

Durov Rossiyani 2014 yilda «VKontakte» bosh direktorligidan ketgach va UCP jamg‘armasi bilan yuzaga kelgan mojaro sabab ijtimoiy tarmoqning o‘ziga tegishli bo‘lgan 12 foiz aksiyasini sotib tark etgan. O‘sha vaqtda u «VKontakte» asoschisi bo‘la turib, o‘zining shaxsiy Telegram loyihasini rivojlantirayotganlikda ayblangan.

2013 yilda Durov Karib orollarining Sent-Kits va Nesiv davlati fuqaroligini olgan. U hech qachon bu davlatda bo‘lmagan va fuqarolikni Yevropadan turib olgan, bu orqali u Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga vizasiz tashrif buyurishni maqsad qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Telegram asoschisi Pavel Durov Dubay valiahd shahzodasi bilan uchrashdi