11:30 / 10.02.2021
3 074

Koronavirus laboratoriyada yaratilganmi? Uxanga borib kelgan JSST ekspertlari xulosalari...

Koronavirus laboratoriyada yaratilganmi? Uxanga borib kelgan JSST ekspertlari xulosalari...
JSST ekspertlari Uxandagi Xuanan dengiz mahsulotlari bozorida, 2021 yil 31 yanvar
Foto: Getty Images

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ekspertlari Xitoyning koronavirus pandemiyasi boshlangan Uxan shahriga qilingan safar haqida hisobot berdi, deb yozadi Meduza.

JSST mutaxassislari jamoasi SARS-CoV-2 virusining kelib chiqishini o‘rganish uchun u yerga 14 yanvar kuni yetib brogan edi. Ekspertlar ikki hafta davomida karantinda bo‘lib, xitoylik hamkasblari bilan masofadan muloqot qildi. So‘ng ular Uxandagi bir qator ob’ektlarni borib ko‘rdi — xususan, Xuanan dengiz mahsulotlari bozori, 2019 yil dekabrida SARS-CoV-2 birinchi marta o‘sha yerda aniqlangan va ushbu virusning manbasi deb hisoblangan edi; shuningdek, shahardagi bir nechta yuqumli kasalliklar shifoxonalari va Uxan virusologiya institutiga ham bordi.

«Bizda avvaldan bo‘lgan fikr butunlay o‘zgardimi? Bunday deb o‘ylamayman», — dedi JSST ekspertlar guruhi rahbari, oziq-ovqat xavfsizligi va zoonoz (hayvondan insonga yuqadigan) yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Piter Ben Embarek. Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar COVID-19 Uxanda 2019 yil dekabrida tarqalishni boshlagani haqidagi versiyani tasdiqlagan. Infeksiyaning bundan avvalroq avj olgani bo‘yicha dalillar shaharda yoki uning tashqarisida topilmagan.

Xuanan bozori yangi kasallik manbasi bo‘lmagan: Uxanda COVID-19 bilan bog‘liq birinchi holat 2019 yil 8 dekabrda qayd etilgan, bozor bilan bog‘liq bo‘lgan birinchi holat esa 12 dekabrdagina aniqlangan. Ya’ni Xuanan shunchaki virus tarqalgan joylardan biriga aylangan, xolos: shaharda bu bozorga aloqasi bo‘lmagan odamlar ham kasallangan.

Dalillar SARS-CoV-2 tabiiy ravishda kelib chiqqanligini ko‘rsatmoqda, dedi Embarek. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu va shunga o‘xshash viruslarning tabiiy manbasi ko‘rshapalaklar hisoblanadi. Ammo Uxanda virusni bevosita odamga yuqtirishi mumkin bo‘lgan ko‘rshapalaklarning yirik populyatsiyasi yo‘q, shu sababli olimlar virus yuqishining oraliq bo‘g‘ini boshqa hayvon bo‘lgan, degan versiyaga moyillik bildirmoqda.

Aynan qanday hayvonligi hozircha noma’lum. Virusolog Marion Kupmans ta’kidlashicha, Xuanan bozorida quyon, sassiqko‘zan, bo‘rsiq, bambuk kalamushi kabi koronavirusga taxminan yoki aniq moyil bo‘lgan hayvonlar sotilgan. Shu bilan birga, JSST ekspertlari fikricha, SARS-CoV-2 muzlatilgan mahsulotlar yuzasi orqali tarqalgani haqidagi boshqa versiya ham ehtimolga yaqin.

SARS-CoV-2 laboratoriyada yaratilganligi versiyasini JSST guruhi «o‘ta past ehtimolli» deb atadi. «Bu virus yoki unga bog‘liq boshqa biri dunyodagi qandaydir laboratoriyada o‘rganilgani haqida xabarlar berilmagan. Bundan tashqari, biz Uxan virusologiya instituti laboratoriyasini o‘rganib chiqdik; bunday joydan virus sizib chiqqanligi ehtimoli juda past», — dedi Embarek.

Koronavirus Xitoyda yaratilgani, keyin esa tasodifan yoki ataylab butun dunyoga tarqatilgani haqidagi mish-mishlar pandemiya boshidan buyon aylanib keladi. AQSH prezidenti Donald Tramp virus Uxandagi Virusologiya institutida ishlab chiqilgani borasida dalillar borligini aytgan edi. Xitoy, xuddi JSST kabi, boshidan buyon SARS-CoV-2 laboratoriyada kelib chiqqanligi gipotezasini rad etib kelgan.

Ilgari Xitoy koronavirusning kelib chiqishini o‘rganishda JSST bilan hamkorlik qilishga harakat qilmasdi. 2020 yil mayida tashkilotning Xitoydagi vakili Goden Galea mamlakat hukumati bu masalani o‘rganishni boshlagani, ammo JSSTni jarayonga qo‘shilishga taklif qilmagani haqida shikoyat qilgan edi. 2020 yil dekabrida Associated Press agentligi Xitoy SARS-CoV-2 kelib chiqishi haqidagi ilmiy tadqiqotlarni qat’iy nazorat qilayotgani va ko‘rshapalaklar yashaydigan joylarga borishni cheklab qo‘yayotgani haqida xabar bergan edi.

Xitoy hukumatining maxfiylikka intilishi virus kelib chiqishi haqidagi masalaning siyosiy ekanligi va xususan, AQSH tomonidan bo‘lgan, Xitoyning pandemiyaga sababchi ekanligi haqidagi ayblar bilan bog‘liqligi bilan izohlangan edi. Bunga javoban Xitoy hukumati virusni mamlakatga aynan amerikaliklar olib kirgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Koronavirus laboratoriyada yaratilganmi? Uxanga borib kelgan JSST ekspertlari xulosalari...