11:00 / 11.02.2021
3 684

Gelenjikdagi «Putinning qasri» qurilishida o‘zbeklar ham ishtirok etgan

Gelenjikdagi «Putinning qasri» qurilishida o‘zbeklar ham ishtirok etgan
Foto: «Navalniy.com»
Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KKF) «Putinning qasri» haqidagi surishtiruvini e’lon qilgach, ko‘plab nashrlar va agentliklar bu mavzuda o‘z tekshiruvlarini boshlab yubordi. Xususan, BBC Russia «qasr» qurilishida turli vaqtlarda qatnashgan 15 nafarcha ishchilar bilan suhbatlashib chiqdi.

Ulardan biri, «qasr» hududida 2011 yil kuzida bo‘lgan ishchining aytishicha, «qasr»ni 2011 yil 8 oktabr kuniga (7 oktabr — Putinning tug‘ilgan kuni) qurib bitkazish va topshirish uchun shoshilishgan. «Shu kuni ‘doda’ kelishi kerak edi, ular qasr egasini shunday deb atashardi», — deya aniqlik kiritdi u. Ushbu sanani boshqa ishchi ham tasdiqladi. Ammo o‘sha kuni qasr egasi kelganmi, yo‘qmi — ularning xabari yo‘q.

«Xuddi Misr piramidalari qurilishiga tushib qolgandek his qiluvdim o‘zimni — birinchi taassurotim shunday bo‘lgandi. Taxminimcha, o‘shanda qurilishda 1,5 mingga yaqin odam ishlagan. Harbiylar, o‘zbeklar, ruslar, barchasi aralash edi. Juda shoshayotgan edilar», — deya eslaydi u.

Shuningdek, maqolada qurilishning boshqa turli ishtirokchilari shuncha vaqt davomida bunyod etilgan qasr ayni paytda butunlay qayta qurilayotgani, uning ba’zi qismlarini mog‘or va zamburug‘ bosib ketgani haqida ham gapirib bergan.

Eslatib o‘tamiz, 19 yanvar kuni asoschisi muxolifatchi Aleksey Navalniy bo‘lgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi «Putin uchun qurilgan qasr» haqida katta surishtiruvni e’lon qildi.

Aleksey Navalniy iddao qilishicha, Rossiya prezidenti Gelenjik yaqinida, Qora dengiz sohilida «butun boshli qirollik»ga egalik qiladi, uning maydoni «Monakodek 39 ta knyazlik hududiga teng».

Fond xabar berishicha, majmuaning qurilishini bir qator kompaniyalar, shu jumladan, «Rosneft» va «Transneft» davlat kompaniyalari qalbaki ijara to‘lovlari va boshqa korrupsiyaviy sxemalar yordamida moliyalashtirgan.

Tadqiqot mualliflari bu sxemani «dunyodagi eng katta pora» deb atab, qasr va uzumzorlarga sarflangan jami pul qiymatini kamida 100 milliard rubl (1,35 milliard dollar)ga baholamoqda.

Hujjatlarga tayangan holda Aleksey Navalniy ma’lum qilishicha, «qasr»ning maydoni — 17 691 metr² ga teng bo‘lib, bu mamlakatdagi eng katta shaxsiy turar joydir.

Qasr FQX tomonidan qo‘riqlanadi, u yer uchish taqiqlangan hudud, shuningdek, qasrga dengiz tomondan suzib borib ham bo‘lmaydi, deyiladi surishtiruvda.

Keyinroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KKF) surishtiruvida tilga olingan Gelinjikdagi qasrga na u, na uning qarindoshlari egalik qilishini bildirdi. «U yerda mening mulkim sifatida ko‘rsatilgan narsalarning hech biri na menga, na mening yaqin qarindoshlarimga tegishli emas va hech qachon tegishli bo‘lmagan. Hech qachon», — dedi Vladimir Putin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gelenjikdagi «Putinning qasri» qurilishida o‘zbeklar ham ishtirok etgan