20:51 / 13.02.2021
1 441

Oq uy Jo Baydenning Guantanamodagi qamoqxonani yopmoqchi ekanligini tasdiqladi

Oq uy Jo Baydenning Guantanamodagi qamoqxonani yopmoqchi ekanligini tasdiqladi
Foto: The New York Times
AQSH prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kubaning Guantanamo shahrida joylashgan harbiy bazadagi qamoqxonani yopmoqchi ekanligi haqidagi xabarlarni tasdiqladi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki bergan ma’lumotga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Baydenning prezidentlik muddati tugagunga qadar qamoqxona yopiladimi yoki yo‘qmi degan savollarga matbuot kotibi: «Bu bizning maqsadimiz va niyatimiz» — deb javob berdi.

AQSH Mudofaa vazirligi vakili Jon Kirbining so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonaning yopilishini vazirlik rahbari Lloyd Ostin ham qo‘llab-quvvatlab, ushbu jarayonda sherik bo‘lishni rejalashtirmoqda.

Reuters manbalariga ko‘ra, yaqin hafta yoki oylarda Bayden qamoqxona taqdirini qayta belgilaydigan hujjatni imzolaydi. Ammo ob’ektning darhol yopilishi kutilayotgani yo‘q.

Guantanamo harbiy bazasidagi xalqaro terrorchilar jazoni o‘taydigan qamoqxona AQSHning sobiq prezidenti Jorj Bush tomonidan 2001 yildagi 11 sentabr teraktlaridan so‘ng terrorizmda ayblangan jinoyatchilarni jazoga mahkum qilish uchun ochilgan. 2003 yilda Guantanamodagi qamoqxonada deyarli 700 nafar mahbus jazoni o‘tagan.

Sobiq prezident Barak Obamaning 2008 yildagi birinchi saylov kampaniyasidagi asosiy saylovoldi va’dalaridan biri mazkur qamoqxonani yopish bo‘lgandi. Keyinchalik Obama uning birorta taklifi Kongress tomonidan ma’qullanmaganini aytgan. Obamaning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilda qamoqxona uchun 445 million dollar sarflangan, sobiq prezident buni pulni behuda isrof qilish deb atagan.

Donald Tramp ushbu qamoqxonadagi mahbuslarni o‘ta xavfli deb atagan va 2018 yilning yanvarida qamoqxonani saqlab qolish haqida farmon imzolagan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozir Guantanamoda 40 nafar mahbus bor, ulardan faqat to‘qqiz nafari sudlangan yoki aybdor deb topilgan. Huquq himoyachilari ushbu ob’ektni yopishni talab qilmoqda.

Avvalroq Jo Bayden AQSH qanday vaziyatda harbiy kuchdan foydalanishini ma’lum qilgandi. Prezident oliy bosh qo‘mondon sifatida Amerika xalqi va AQSH ittifoqchilarining hayotiy muhim manfaatlarini himoya qilish uchun kuch ishlatishdan tortinmasligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Bayden prezidentlikning birinchi kuniyoq Trampning eng bahsli farmonlarini bekor qildi. Xususan, musulmon mamlakatlar aholisi uchun cheklovni olib tashladi, Meksika bilan chegarada devor qurilishini to‘xtatdi, AQSHga ba’zi nochor mamlakatlar fuqarolarining kirishiga ruxsat berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oq uy Jo Baydenning Guantanamodagi qamoqxonani yopmoqchi ekanligini tasdiqladi