15:00 / 17.02.2021
1 668

Isroilda vaksinatsiya koronavirusni yengishni boshladi, bunga «britancha» shtamm ham to‘siq bo‘lmayapti

Isroilda vaksinatsiya koronavirusni yengishni boshladi, bunga «britancha» shtamm ham to‘siq bo‘lmayapti
Tel-Avivda koronavirusga qarshi emlanish uchun navbat. 2021 yil 9 fevral
Foto: Sinxua

Isroil aholini koronavirusga qarshi emlash tezligi bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lib qolmoqda. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining 16 fevraldagi ma’lumotlariga ko‘ra, butun aholining 28 foizdan ortig‘i, kattalarning (16 yoshdan oshganlar) esa 39 foizga yaqini to‘liq emlangan, deb yozadi Meduza. Bunday natijaga Pfizer kompaniyasi bilan tuzilgan maxsus kelishuv sababli erishilgan deyiladi xabarda.

«2021 yil marti oxiriga kelib, 16 yoshdan katta bo‘lgan isroilliklarning barchasi Pfizer/BioNTech vaksinasi bilan emlana oladi», — deya mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu fevral boshida e’lon qilgan edi.

Bitim doirasida Isroil «butun bir mamlakatni tezkorlik bilan emlashning xalqaro modeli»ga aylandi, deya tushuntirdi bosh vazir. Netanyaxuning o‘zi uchun muvaffaqiyatli emlash kampaniyasi — uning 23 martdagi parlament saylovidan keyin lavozimga qayta saylanishiga yordam berishi kerak bo‘lgan siyosiy vazifa hamdir, deb eslatadi The Guardian.

Isroilda birinchi bo‘lib emlanishni boshlagan 60 yoshdan katta odamlar orasida kasallanish darajasi allaqachon tezlik bilan pasaya boshladi (bu guruhda vaksinaning zarur bo‘lgan ikkala dozasini ham qabul qilganlar ulushi 72—83 foizga teng). Ushbu toifadagilar orasida kasalxonaga yotqizishlar soni yanvar o‘rtalaridagi ko‘rsatkichdan 34 foizga qisqardi, yoshroq odamlar orasidagi kasalxonaga yotqizishlar soni esa o‘sha darajada qoldi va hattoki, biroz oshdi, ya’ni bu effekt mamlakatda 2021 yil yanvarida navbatdagi lokdaun joriy qilinishi bilan bog‘liq emasga o‘xshaydi.

«Keksa odamlar orasida yoshroq aholiga nisbatan ta’sir kuchliroq, yoshroq aholi keyinroq emlanishi kerak edi va bu qonuniyat avvalgi izolyatsiya vaqtida kuzatilmagan edi», — dedi Isroil SSV uchun ma’lumotlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy guruh rahbari va biology professor Eran Segal.

Mamlakatdagi eng yirik tibbiy tashkilotlardan biri, yarim million kishini vaksinaning ikkala dozasi bilan ham emlashga ulgurgan Makkabi klinikalar tarmog‘ining ma’lum qilishicha, emlanganlarning 544 nafari yoki 0,1 foizidagina keyinchalik koronavirus aniqlangan. Ushbu kasallanish darajasini emlanmagan odamlar nazorat guruhidagi ko‘rsatkich bilan taqqoslab, Makkabidagilar vaksinaning samaradorlik darajasini 93 foiz deb baholadi.

Ammo Isroil SSV aholining hali vaksinatsiya bilan qamrab olinmagan yoshroq guruhlari orasida kasallanish darajasi o‘sishidan xavotirda. «60 yosh va undan katta odamlar orasida koronavirus bilan jiddiy kasallanishlar soni yaqqol pasaymoqda, — deyiladi muassasaning 14 fevraldagi hisobotida. — Ammo yoshroq aholi guruhlari orasida og‘ir ahvoldagi bemorlar soni oshmoqda».

SSV ma’lumotlariga qaraganda, o‘tgan dam olish kunlari, 12—13 fevralda, COVID-19 tashxisi qo‘yilgan odamlarning qariyb 75 foizi 40 yoshdan kichik va atigi 7 foizi — 60 yoshdan katta bo‘lgan. 60 yoshdan kichik odamlar hissasiga hozir kasallikning og‘ir kechish holatlarining 38 foizi to‘g‘ri keladi va bu bir oy avvalgi ko‘rsatkichdan 53 foizga ko‘p demakdir.

SSV eslatishicha, koronavirusning «britancha» shtammi tarqalish darajasi bo‘yicha ustunlikka erishgan, u esa so‘nggi tadqiqotlarga qaraganda, yanada yuqumliroq va kasallikning yanada og‘irroq kechishini keltirib chiqaradi.

Shunday bir vaziyatda Isroil hukumatini vaksinatsiya sur’atlarining tushishi jiddiy xavotirga soldi. Yanvarda kuniga 150 minggacha odam emlangan bo‘lsa, fevralda — endi 16 yoshdan oshgan barcha fuqarolar emlanish imkoniyatiga ega bo‘lganiga qaramay — bu raqam muntazam ravishda pasayib, kuniga 60 ming kishiga tushib qoldi.

Hukumat bunga chora-tadbirlarning butun bir kompleksi bilan javob qildi. SSV vaksinatsiyaga qarshi qaratilgan dezinformatsiya bilan kurashish uchun ishchi guruhni kuchaytirdi. U har kuni bir nechta tilda ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilib, ulardan bunday postlarni bloklashni talab qiladi.

Isroilliklarni rag‘batlantirish usullari ham qo‘llanilgan: 21 fevraldan boshlab hukumat emlangan fuqarolarga sport va trenajyor zallari, basseynlar, mehmonxonalar va madaniyat muassasalaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Hozir u yerlar lokdaun tufayli yopiq (ammo ko‘cha do‘konlari, savdo markazlari, muzey va kutubxonalar barcha uchun ochiladi). «Trenajyor zallari va madaniy tadbirlarga borish huquqini qo‘lga kiritasizmi yoki orqada qolasizmi? Vaksina oling!» — deb yozdi sog‘liqni saqlash vaziri Yuliy Edelshteyn Twitter’da.

Emlanganlarga yoki kasallanib o‘tganlarga «yashil pasport» deb ataluvchi maxsus hujjat beriladi. «Yashil passport» egalari uchun ruxsat berilgan muassasalarga kirish imkoniyatini tashkillashtirish uchun maxsus mobil dastur ishga tushiriladi. Kimda smartfon bo‘lmasa — bular asosan o‘ta ortidoks jamoalar vakillari — shtrixkodli sertifikatni chop ettirishi mumkin, u kirishda skanerlanadi.

Bundan tashqari, «yashil pasport» karantinsiz Gretsiya va Kiprga, shuningdek, O‘lik dengiz kurortlariga borish imkonini beradi — ular Isroil bilan tegishli bitimni imzolagan.

Hukumat hisobot berishicha, bu choralar allaqachon o‘z samarasini bergan va vaksinatsiya sur’atlari o‘sib, dastlabki ko‘rsatkichlarga chiqib olgan. «Kecha 156 ming kishi emlandi», — deya 16 fevral kuni ma’lum qildi sog‘liqni saqlash vaziri.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilda vaksinatsiya koronavirusni yengishni boshladi, bunga «britancha» shtamm ham to‘siq bo‘lmayapti