13:25 / 23.02.2021
1 679

Perseverance marsoxodining Marsga qo‘nishi aks etgan video e’lon qilindi

Perseverance marsoxodining Marsga qo‘nishi aks etgan video e’lon qilindi
AQSH Aeronavtika va fazoviy bo‘shliqlarni tadqiq qilish milliy agentligi (NASA) Perseverance roverini Marsga qo‘ndirish vaqtida olingan videoyozuvni e’lon qildi, deb yozadi «RBK».

Kadrlarda marsoxodni tushirishning barcha bosqichlari — Mars atmosferasida parashyut ochilishidan boshlab, Perseverance sayyora yuzasiga tegishi bilan qo‘nish modulining ajralib chiqishigacha bo‘lgan lahzalar aks etgan.

NASA’da ma’lum qilishlaricha, video to‘rtta videokamera orqali tasvirga olingan, ularning ikkitasi marsoxodning o‘ziga, bittasi — qo‘nish moduliga, to‘rtinchisi esa parashyut mahkamlangan tashqi qoplamaga o‘rnatilgan.

«Parashyut ochilgan lahzadan boshlab, kameralar tizimi butun ishga tushirish jarayonini qamrab olmoqda va marsoxodning Marsdagi Yezero krateriga murakkab sayohatining bir qismini ko‘rsatmoqda. Kosmik kema bortidagi yuqori aniqlikka ega kameralardan olingan kadrlar Mars yuzasidan 7 mil (11 km) balandlikda boshlanib, o‘zga dunyoga yuborilgan eng katta parashyutning tovushdan tez ochilishini ko‘rsatadi va marsoxodning kraterga qo‘nishi bilan tugaydi», — deyiladi NASA xabarida.

Bundan tashqari, marsoxod Mars yuzasida yozib olingan tovushlarni Yerga yuborgan. NASA’da aytishlaricha, rover dastur bilan bog‘liq muammolar tufayli, qo‘nish vaqtida ovozlarni yozib ololmagan, ammo Mars yuzasida turib, ikkita qisqa audio yozgan. «Bir necha soniya davomida Mars shamolini, shuningdek, marsoxodning yuza bo‘ylab harakatlanishi mexanik tovushlarini eshitish mumkin», — deyiladi xabarda.

19 fevralga o‘tar kechasi Amerikaning Perseverance tadqiqot apparati Marsga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi. Qo‘nish taxminan yetti daqiqa davom etgan. Bu vaqt mobaynida barcha operatsiyalar avtomatik rejimda amalga oshirilgan. NASA’dagilar ma’lum qilishicha, apparatning harakatlanish tezligini pasaytirish uchun uning parashyuti ochilgan, keyinroq esa marsoxodning uni yuqori haroratlardan himoya qilishga mo‘ljallangan qoplamasi ajralib chiqqan. Qo‘nishning yakuniy bosqichida qo‘nish modulining tormoz dvigatellari ishlab ketgan, shundan so‘ng apparat zanjirlar orqali sayyoraning yuzasiga tushirilgan.

Olimlar fikricha, Marsdagi Yezero kraterida hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin, marsoxod shularni qidirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, rover sayyora iqlimini o‘rganib, tog‘ jinslari va cho‘kindilar namunalarini to‘playdi. Apparat Marsda 687 kun davomida ish olib boradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Perseverance marsoxodining Marsga qo‘nishi aks etgan video e’lon qilindi