16:23 / 27.02.2021
2 083

«Mendan keyin birorta farzandim prezident bo‘lmaydi» - Aleksandr Lukashenko

«Mendan keyin birorta farzandim prezident bo‘lmaydi» - Aleksandr Lukashenko
Viktor Lukashenko / Foto: AP
Aleksandr Lukashenko Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasini deyarli 24 yil davomida boshqardi. Muxolifat respublika rahbarining to‘ng‘ich o‘g‘li MOQ prezidenti lavozimiga saylanganidan so‘ng Xalqaro olimpiya qo‘mitasi yangi sanksiyalar kiritishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning to‘ng‘ich o‘g‘li Viktor respublika Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) prezidenti lavozimida otasini almashtirdi. Bu haqda «BelTA» davlat axborot agentligi 26 fevral kuni ma’lum qildi. Lukashenko MOQni 1997 yil may oyidan buyon boshqarib kelayotgandi, uning katta o‘g‘li esa 2019 yilning noyabridan buyon MOQning birinchi vitse-prezidenti sanaladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Belarus Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkilot prezidentligiga saylovlar bo‘lib o‘tgani tasvirlangan video tarqaldi. Unda MOQ rahbarligiga Aleksandr Lukashenko va Viktor Lukashenkoning nomzodi qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

«U hozirdan men bilan raqobatlashyaptimi? Agar ikki nomzod bo‘lsa, demak raqobat», dedi Aleksandr Lukashenko

O‘z navbatida, «BelTA» davlat axborot agentligi ham tadbirdan lavhalar e’lon qildi. Unda Lukashenko qator masalalar bo‘yicha fikr bildirganini ko‘rish mumkin.

«Agar ikki nomzod taklif etilayotgan bo‘lsa, bu men uchun yangilik. Men navbatdagi muddatga saylanishni rejalashtirmagandim. Sizlarga o‘g‘limni topshiraman. Va’da beramanki, o‘g‘rilik, korrupsiya, pul mablag‘laridan noqonuniy foydalanish bo‘lmaydi. Sportchilar va murabbiylarga munosabat juda yaxshi bo‘ladi. Men baribir sport masalasidan chetlashmayman. Bu yerda hech kim, hatto olimpiya chempionlari ham men kabi sportni sevmaydi.

O‘ylaymanki, sizlar uchun bu foyda bo‘ladi. O‘g‘il otaga u yoki bu muammo haqida aytishga har doim imkon topadi. O‘z navbatida, hokimiyatni o‘g‘liga topshirish masalasi bizning oilada hech qachon muhokama qilinmagan. Belarusda mendan keyin birorta farzandim prezident bo‘lmaydi. Viktor saylanadigan bo‘lsa, u davlat xizmatchisi bo‘lmaydi, bugunoq prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimidan ozod etiladi
», dedi Lukashenko.

Belarus muxolifati Viktor Lukashenkoning tashkilotga rahbar etib saylanishi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan sanksiyalar yanada kuchaytirilishiga olib kelishi mumkinligini bildirdi. XOQning jazo choralari har ikki Lukashenkoga nisbatan qo‘llanilmoqda, dedi Inqirozga qarshi xalq boshqarmasi vakili Vadim Krivosheyev. «Ishonchim komilki, bu XOQ uchun nafaqat Belarusga qarshi sanksiyalarni uzaytirish, balki yanada kuchaytirish uchun signal bo‘ladi», deyiladi boshqarma Telegram kanalidagi xabarda.

Ayni paytda, Aleksandr Lukashenko Belarus muxolifatini qo‘llab-quvvatlagan sportchilarni xiyonatda aybladi. Respublika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bir qator amaldagi va sobiq sportchilar «xalqaro tashkilotlarning qabulxonalarida o‘tirib, bizning olimpiya harakatimiz va mamlakatimizga qarshi sanksiyalar so‘ramoqda». «Vatanga xiyonat orqali baxtga erishib bo‘lmaydi», deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.

Belarusda qariyb 7 oydan beri Aleksandr Lukashenkoning prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganiga qarshi qaratilgan ommaviy norozilik namoyishlari to‘xtamayapti. Namoyishchilar rasmiylarni ovozlarni soxtalashtirishda ayblamoqda va yangi, adolatli saylovlarni o‘tkazish hamda siyosiy mahbuslarni ozod qilish, shuningdek, kuchishlatar tuzilmalarning namoyishchilarga qarshi o‘zboshimcha harakatlariga barham berishni talab qilmoqda. Muxolifat vakillari hokimiyatni topshirish uchun Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzdi, ammo oxir-oqibat Muvofiqlashtiruvchi kengash rayosatining barcha a’zolari hibsga olindi yoki chet elga chiqib ketdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Mendan keyin birorta farzandim prezident bo‘lmaydi» - Aleksandr Lukashenko