08:00 / 01.03.2021
1 454

Chexiya prezidenti Putindan «Sputnik V» so‘radi

Chexiya prezidenti Putindan «Sputnik V» so‘radi
Chexiya prezidenti Milosh Zeman Rossiya prezidenti Vladimir Putindan «Sputnik V» vaksinalari yetkazib berilishi bo‘yicha ko‘mak so‘radi. «Men janob prezident Vladimir Putinga «Sputnik V» vaksinalari yetkazib berilishida yordam ko‘rsatishini so‘rab maktub yozdim. Pragadagi RF elchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yaqin vaqtlar ichida ushbu vaksinalar partiyasi yetib keladi», degan Zeman CNN’ning Pragadagi telekanali Prima News uchun bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu tashabbusni Chexiya bosh vaziri Andrey Babish bilan muhokama qilgan. Bosh vazir bundan oldinroq Yevropa Dori-darmon agentligi (EMA) rossiyaliklar vaksinasini ma’qullamaguncha Chexiya hukumati uni qo‘llamasligini aytgandi. Ayni vaqtgacha agentlik bu vaksinani foydalanish uchun tasdiqlamagandi.

CNN Prima News uchun bergan intervsida Babish Chexiya hukumati endi EMA sanksiyasini kutmasligini aytgan. Shu bilan birga, Chexiya dori-darmonlar agentligi «hujjatlashtirish ishlarini o‘rganib chiqishi kerakligi»ni ta’kidlagan. «Agar ular uni ma’qullamasa, sog‘liqni saqlash vazirligi istisno qilishi mumkin... kim istasa, emlanadi», deya Babishning so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

Chexiya bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakati Vengriyadan o‘rnak olishi mumkin, ushbu davlat rahbari Viktor Orban xitoyliklarning Sinopharm vaksinasi bilan emlangandi, bu vaksina ham Yevroittifoq miqyosida foydalanish uchun tasdiqdan o‘tmagan.

2020 yil dekabrida Chexiyada BioNTech, Moderna va AstraZeneca kompaniyalari vaksinalari bilan emlash ishlari boshlangandi. Birinchi bosqichda 10,6 milliondan ortiq aholiga ega mamlakatning taxminan 650 ming fuqarosi emlangan.

Chexiyada 1 martdan yangi cheklov choralari amalda bo‘ladi. Unga ko‘ra, boshlang‘ich maktablar ham masofaviy o‘qishga o‘tadi. Avvalroq o‘rta sinflar va yuqori sinf o‘quvchilari uchun ham maktablar yopilgandi.

Politsiya ko‘chalarda navbatchilik qilib, odamlar to‘planishining oldini oladi va sababsiz hududlar orasida harakatlanish taqiqlanganidan ogohlantiradi.

Chexiya - dunyoda koronavirusdan eng jiddiy jabr ko‘rgan davlatlardan biri sanaladi, bu yerda 1,2 mln kishi virusga chalingan, 20 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Chexiya prezidenti Putindan «Sputnik V» so‘radi