15:53 / 06.03.2021
1 247

Zelenskiy Mixail Saakashvilini lavozimidan mahrum qildi

Zelenskiy Mixail Saakashvilini lavozimidan mahrum qildi
Foto: «RIA Novosti»
Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Ukrainaning shaharsozlikdagi muammoli masalalarni hal qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashidan chiqarildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning farmoni uning rasmiy veb-saytida e’lon qilindi, deb yozadi «RIA Novosti».

Lavozimdan ozod qilish to‘g‘risidagi hujjat 4 mart kuni kuchga kirdi. Kengashdagi bo‘sh o‘ringa Islohotlar ijroiya qo‘mitasi eksperti Georgi Sxakayya tayinlandi.

Ma’lumot uchun, ilgari Gruziya prezidenti bo‘lgan Saakashvili 2013 yilda unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan keyin mamlakatni tark etgandi.

Keyinchalik Ukraina fuqaroligini olgan Saakashvali 2015 yil bahorida Odessa viloyati gubernatori etib tayinlangan. Biroq 2016 yil noyabr oyida Ukrainaning o‘sha paytdagi prezidenti Petro Poroshenko Saakashvilini ishdan bo‘shatgan va 2017 yilda uni fuqaroligidan mahrum qilgan.

2018 yil fevral oyida Ukraina hukumati siyosatchini Polshaga quvg‘in qildi. Saakashvali 2017 yilning kuzida chegarachilar bo‘linmasini yorib o‘tib, noqonuniy ravishda yana Ukrainaga kirib keldi.

Yangi prezident Vladimir Zelenskiy 2019 yil 28 mayda Saakashviliga fuqaroligini qaytarib berdi va bir yildan so‘ng uni Milliy islohotlar kengashi ijroiya qo‘mitasi rahbari etib tayinladi.

Avvalroq Mixail Saakashvili Gruziya muxolifatini noroziliklarni to‘xtatmaslikka chaqirgani haqida xabar berilgandi. U, shuningdek, Tbilisida «Yagona milliy harakat» muxolif partiya raisi Nikanor Meliyaning hibsga olinishini qoraladi. Saakashvilining aytishicha, uni qo‘lga olganlarning o‘zlari «juda uzoq vaqt qamoqda o‘tiradi».

Eslatib o‘tamiz, Gruziya politsiyasi 23 fevral kuni «Yagona milliy harakat» (YAMH) muxolifat partiyasi yetakchisi Nikanor Meliyani hibsga olgandi. U 2019 yilda tartibsizliklar uyushtirganlikda va Gruziya parlamentiga qilingan hujumda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.

Gruziyadagi «Yagona milliy harakat» partiyasi gruziyalik siyosat arbobi Mixail Saakashvili tomonidan tashkil etilgan. U partiyani boshqarish davomida hokimiyatga egalik qilib kelgan, ammo 2012 yilgi parlament saylovlarida partiya biznesmen Bidzina Ivanishvili tomonidan asos solingan «Gruziya orzusi» ittifoqiga yutqazgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Mixail Saakashvilini lavozimidan mahrum qildi