13:57 / 13.03.2021
1 839

«Sputnik V» vaksinasining «britancha» shtammga qarshi samaradorligi haqida ma’lum qilindi

«Sputnik V» vaksinasining «britancha» shtammga qarshi samaradorligi haqida ma’lum qilindi
Foto: «RBK»
Rossiyaning koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi ham «klassik» COVID-19’ga, ham koronavirusning «britancha» turiga qarshi bir xil samaradorlikni ko‘rsatdi. Bu haqda Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».

«Koronavirusga qarshi ‘Sputnik V’ vaksinasi mutatsiyaga uchragan ‘britancha’ shtammdan odatdagi shtammdan kam bo‘lmagan darajada samarali himoya qiladi», — deydi sog‘liqni saqlash vaziri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan «Sputnik V» bilan emlangan ko‘ngillilar qon zardobining «britancha» shtammga nisbatan neytrallashtiruvchi (zararsizlantiruvchi) faolligi tadqiq qilingan. Ushbu shtammni zararsizlantiruvchi antitanalarning darajasi «asl SARS-CoV-2 shtammiga qarshi antitanalar darajasidan sezilarli darajada farq qilmaydi».

Shuningdek, Amerikaning Novavax biotexnologik kompaniyasi vaksinasi ham «britancha» shtammga qarshi samarali bo‘lib chiqdi. Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan klinik sinovlarning uchinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, vaksinaning koronavirusning birlamchi variantiga qarshi samaradorligi 96,4 foizni, «britancha» variantga qarshi samaradorligi esa 86,3 foizni tashkil qilgan.

Shu bilan birga Pfizer/BioNTech kompaniyasining vaksinasi Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot chog‘ida COVID-19’ning simptomli holatlarida 97 foiz, simptomsiz holatlarida esa 94 foiz samaradorlik ko‘rsatdi. SSV tomonidan tahlil qilingan holatlarning 80 foizdan ortig‘ida gap koronavirusning birinchi marta Buyuk Britaniyada aniqlangan B.1.1.7 shtammi haqida borgan. Pfizer ma’lum qilishicha, bu vaksinaning B.1.1.7 shtammi bilan kasallanishga qarshi samaradorligini isbotlaydi.

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi o‘rtalarida Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi mutatsiyasi aniqlangandi. Rossiyalik virusolog yangi variantning tez tarqalayotgani sababli u asta-sekin eski shtamm o‘rnini bosishini aytgan. Ayni paytda «britancha» shtamm aniqlangan mamlakatlar soni 111 taga yetgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Sputnik V» vaksinasining «britancha» shtammga qarshi samaradorligi haqida ma’lum qilindi