09:00 / 24.03.2021
1 856

Qozog‘iston olimlari radiatsiyaga qarshi dunyodagi birinchi dorini yaratdi

Qozog‘iston olimlari radiatsiyaga qarshi dunyodagi birinchi dorini yaratdi
Foto: «RIA Novosti»
Qozog‘iston tibbiyot olimlari odatda qon ketishni to‘xtatishda foydalaniladigan «aminokaproik kislota» preparati inson tanasini nurlanishdan samarali himoya qilishga qodir ekanini aniqladi. «Yevraziya» (Rossiyaning «Birinchi kanal»i filiali) syujetida ushbu kashfiyot shov-shuvli deb ataldi, deb yozmoqda Tengrinews.

Xabarga ko‘ra, kerakli tajribalar laboratoriya kalamushlari ustida o‘tkazilgan. Ushbu kemiruvchilar Chernobil yoki Fukusimadagi atom elektr stansiyasi falokati paytida omon qolgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanmoqda. Yarim asr davomida insoniyatga ma’lum bo‘lgan «aminokaproik kislota» kalamushlar tanasiga kiritilgandan so‘ng ular ikki marta ionlashtiruvchi nurlanish bilan nurlantirilgan. Kemiruvchilar o‘lmagan, hatto radiatsiya ta’sirini sezmagan.

«Biz dorini kukun shaklida berdik. Ushbu dori tabletkalar shaklida ham ishlatilishi mumkin. Uning biologik ulushi juda yuqori. Shpris bilan yuborish shart emas. Shuningdek, u oshqozon-ichak yo‘lining ichki organlarini parallel ravishda himoya qiladi. Radiatsiyadan keyingi eng keng tarqaladigan va xavfli ta’sir — ingichka ichakning shikastlanishidir», — dedi B.Atchabarov nomidagi fundamental va amaliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti direktori Timur Soliyev.

Xabarlarga ko‘ra, tajriba davomida «aminokaproik kislota»ning qo‘shimcha foydali xususiyatlari topilgan. U erkin radikallarni yo‘q qilishga va yoshni uzaytirib, shu orqali umrning davomiyligini oshirishga qodir. Kislota asosida yaratilgan dori Alsgeymer kasalligining oldini olishga ham yordam beradi, ammo hozircha olimlar uning nurlanishdan himoya qilish xususiyatlarigagina e’tibor qaratmoqda.

«Haqiqiy radioprotektor sifatida foydalanish uchun rasman tan olingan dorilar yo‘q. Bunday dorilarning yuqori, past va o‘rta dozadagi ionlashtiruvchi nurlanish ta’siridan keyin tanani himoya qilishiga kafolat berilishi kerak. Menga ma’lum bo‘lishicha, AQSH va Yevropadagi hech bir farmatsevtika kompaniyasi yoki dorixonada bunday xususiyatga ega rasman tan olingan dori yo‘q», — deya tushuntirdi Timur Soliyev.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, qozog‘istonlik olimlar ushbu dori uchun patent olgan. Undan AES ishchilari yoki radiatsiya ta’sirida bo‘lgan odamlar uchun profilaktika chorasi sifatida foydalanish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston olimlari radiatsiyaga qarshi dunyodagi birinchi dorini yaratdi