21:10 / 26.03.2021
2 535

Uzoq yillik hukmronlikning boshlanishi. Vladimir Putinning saylovdagi ilk g‘alabasi tarixi

Uzoq yillik hukmronlikning boshlanishi. Vladimir Putinning saylovdagi ilk g‘alabasi tarixi
1999 yil oxirida Boris Yelsinning iste’foga chiqishi 2000-yil 26-martda Rossiya Federatsiyasi prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi. Bu saylovlarda mamlakatning hozirgi paytdagi prezidenti Vladimir Putin g‘alaba qozondi va ilk bor Rossiya prezidenti etib saylandi. «Daryo» ushbu voqealar tarixidan hikoya qiladi.

Ilk g‘alaba
Siyosiy tahlilchilar, sotsiologik xizmatlar va ommaviy axborot vositalarining fikriga ko‘ra, 1999-yilda bosh vazir va prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Vladimir Putin g‘alaba qozonishga eng yaqin nomzodlardan edi. Asosiy savol Putin birinchi turdayoq g‘alaba qozonadimi yoki ikkinchi tur, ya’ni qayta ovoz berishga to‘g‘ri keladimi, shunda edi.

«Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq saylov kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaganidan keyingi birinchi yakshanbaga belgilanishi kerak edi. Ya’ni, agar Boris Yelsin o‘z prezidentlik muddatini oxirigacha o‘taganida navbatdagi saylovlar 2000-yil 9-iyulga to‘g‘ri kelardi. Ammo u 1999-yil 31-dekabrda «Prezident saylovlari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi va shu kuni iste’fo berdi. Qonunga muvofiq muddatidan oldingi prezident saylovlari uch oy ichida o‘tkazilishi kerak edi.

Saylovlar uchun Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 12 nomzod ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ular:

1. Govoruxin Stanislav Sergeyevich
2. Jabrailov Umar Aliyevich
3. Jirinovskiy Vladimir Volfovich
4. Zyuganov Gennadiy Andreyevich
5. Pamfilova Ella Aleksandrovna
6. Aleksey Podberezkin
7. Putin Vladimir Vladimirovich
8. Savostyanov Evgeniy Vadimovich
9. Skuratov Yuriy Ilyich
10. Titov Konstantin Alekseyevich
11. Tuleyev Aman-geldi Moldagazevich
12. Yavlinskiy Grigoriy Alekseyevich

Ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar soni 109 372 046 nafar edi. Saylovlar yakunida 74 369 773 ta byulleten haqiqiy deb topildi. Putinning saylovoldi shtabi rahbari Dmitriy Medvedev Rossiya prezidentligi saylovlaridagi dastlabki natijalarini «mutlaqo demokratik» deb ataydi.

Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi raisi Gennadiy Zyuganov ovoz berish paytida qonunbuzarliklar ro‘y berganligi ehtimoli bilan bog‘liq ayblovlar haqida gapirganda Dmitriy Medvedev Putinning saylov shtab-kvartirasida jiddiy qonunbuzarliklar to‘g‘risida dalillar mavjud emasligini ta’kidlaydi. Bu bayonotlarni «mag‘lub bo‘lgan tomonning bayonotlari» deb ta’riflaydi u.

Putin kim?

To‘rt marta Rossiya «taxt»iga o‘tirgan Vladimir Vladimirovich Putin 1952-yil 7-oktabrda Leningradda tavallud topgan. Leningrad davlat universiteti (LDU) yuridik fakultetini tamomlagan Putin SSSR KGB Leningrad boshqarmasi tergov bo‘limida razvedka liniyasida ishlagan. 1991-yil 20-avgustda u KGBdan podpolkovnik unvoni bilan iste’foga chiqqan. 1999-yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati boshlig‘i etib tayinlangan.

1999-yil 31-dekabrda Rossiya prezidenti Boris Yelsinning qarori bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganidan so‘ng Putin davlatning birinchi shaxsiga aylandi. Shu tariqa Putin 2000, 2004, 2012 va 2018-yillarda davlat rahbari lavozimiga saylangan. Mamlakat konstitutsiyaga kiritilgan ayrim o‘zgartirishlardan so‘ng Putin 2024-yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan yangi prezident saylovlarida ham qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Putinning oilasi
Putin 1983-yil 28-iyulda 30-yoshida 25-yoshli Lyudmila Aleksandrovna Shkrebnevaga uylandi. 2013-yil 6-iyun kuni «Rossiya 24» telekanaliga bergan intervyularida ular oralaridagi nikoh o‘zaro kelishuv asosida yakunlanganligini e’lon qildilar. Ushbu nikohdan prezidentning ikki nafar qiz farzandi bor.

Rossiyaning to‘rt karra prezidenti Putin nomi butun dunyoda mashhur. Uning sharafiga yuzlab qo‘shiq, film, suratlar – san’at asarlari yaratilgan. Bundan tashqari u yuzlab mukofot va orden medallar bilan taqdirlangan.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uzoq yillik hukmronlikning boshlanishi. Vladimir Putinning saylovdagi ilk g‘alabasi tarixi