23:50 / 02.04.2021
1 842

AQSH O‘zbekiston yoshlari uchun ta’lim dasturlarini kengaytiradi

AQSH O‘zbekiston yoshlari uchun ta’lim dasturlarini kengaytiradi
Mamlakatimizning Vashingtondagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSH davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi, Davlat departamentining ta’lim va madaniyat ishlari bo‘yicha byurosi rahbari Metyu Lussenxop bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston — Amerika madaniy-gumanitar hamkorligini kengaytirishning dolzarb masalalari, shu jumladan, mamlakatimiz iqtidorli yoshlari uchun akademik dasturlarni ko‘paytirish, amerikalik mutaxassislarni ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha islohotlarga jalb qilish va O‘zbekistonda ingliz tilini o‘qitish tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Metyu Lussenxop respublikamiz uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodga maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda sifatli bilim berish yo‘nalishlarida ustuvor bo‘lgan vazifalarga katta qiziqish bildirdi.

Muzokaralarda ikki mamlakat akademik muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarini rivojlantirish, «El-yurt umidi» jamg‘armasini AQSHda ta’lim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etishga jalb qilish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda Amerika tomonining grant yordamini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.

M.Lussenxop, o‘z navbatida, u rahbarlik qilayotgan byuroning hamkorlikdan manfaatdorligini tasdiqlab, Davlat departamenti bundan keyin ham mamlakatimizda tegishli dasturlarni amalga oshirish uchun faol ravishda resurs va grantlar ajratish niyatida ekanini ta’kidladi.

AQSH tashqi siyosat mahkamasi vakili O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, nodavlat maktab va universitetlar soni ko‘payayotganini olqishladi. U mamlakat bo‘ylab ingliz tili ta’lim dasturlarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor yosh o‘zbekistonliklar uchun zamonaviy va ilg‘or bilim olishda samarali vosita bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Diplomat elchixonaning mamlakatimizda AQSH ta’lim loyihalari haqida keng targ‘ibot ishlari olib borish taklifini qo‘llab-quvvatladi. «American Corners» konsalting markazlari O‘zbekistonda imkoniyatlarini kengaytirishi, shuningdek, «EducationUSA» dasturi targ‘ib qilinishi aytildi.

«EducationUSA» AQSH davlat departamentining tarmog‘i bo‘lib, unga 175 dan ortiq mamlakat va hududda joylashgan 430 dan ziyod maslahat markazi kiradi. AQSH hukumatining ushbu mamlakat oliy ta’lim tizimi haqidagi rasmiy manbasi hisoblangan «EducationUSA» tarmog‘i butun dunyo bo‘ylab yoshlarga AQSHning akkreditatsiyadan o‘tgan oliy o‘quv yurtlarida o‘qish imkoniyatlari to‘g‘risida aniq, to‘liq va dolzarb ma’lumotlarni taqdim etadi.

2020 yil holatiga ko‘ra, AQSH oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari 546 kishini tashkil etdi. Mamlakatimiz vakillarining 50 foizdan ortig‘i bakalavr, 31,5 foizi magistratura va doktorantura, 11,5 foizi malaka oshirish, 6,4 foizi diplomsiz ta’lim kurslariga to‘g‘ri keldi. O‘zbekistonliklar, asosan, Nyu-York, Florida, Kaliforniya, Missuri va Massachusets shtatlaridagi ta’lim muassasalarida o‘qishadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH O‘zbekiston yoshlari uchun ta’lim dasturlarini kengaytiradi