18:40 / 04.04.2021
1 611

Ikki tomonlama josus. Qamoqdan qochgan SSSR agenti Jorj Bleykning taqdiri haqida

Ikki tomonlama josus. Qamoqdan qochgan SSSR agenti Jorj Bleykning taqdiri haqida
Foto: Google Photos
1961 yilda Buyuk Britaniyada 42 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan Rossiya razvedkachisi Jorj Bleyk hayoti haqida «Daryo» hikoya qiladi.

Jorj Bleyk kim edi?
Ikki tomonlama razvedkachi Jorj Behar (Bleyk) 1922 yilda Rotterdamda tug‘ilgan. Birinchi jahon urushida Buyuk Britaniya tomonida qatnashgan Bleykning otasi o‘sha davrlarda Britaniya fuqaroligini olgan. Otasi vafot etgach, 13 yoshida Qohiraga yuborilgan Bleyk u yerda xolasi bilan yashagan. Bo‘lajak josus u yerda avval fransuz litseyida, keyin ingliz kollejida tahsil oldi. Jorj yoshligidan juda dindor bo‘lgan edi – u ruhoniy bo‘lishni orzu qilganligi haqida ham ma’lumotlar bor.

Bleykning faoliyati
1939 yilda Jorj Ikkinchi Jahon urushi munosabati bilan Gollandiyaga qaytdi. 1943 yilda Angliyaga ko‘chib o‘tgan Behar u yerda ism-sharifini Jorj Bleykka o‘zgartirdi va ixtiyoriy ravishda dengiz flotiga qo‘shildi. 1944 yilda ofitserlar maktabini tamomlasa-da, keyinchalik suvosti kemalari xizmatiga layoqatsiz deb topildi. Keyinchalik uning o‘zi dengiz floti razvedka bo‘limida ishlaganini eslaydi. O‘sha paytlarda u rus tilini mustaqil o‘rganishga kirishgan edi.

1948 yilda u Janubiy Koreyaga MI6 rezidenti sifatida yuborildi. U Vivian Xolt rahbarligida Seuldagi Buyuk Britaniyaning elchixonasida ham ishlagan.

Koreya urushi boshlanganda Bleyk Shimoliy Koreyadagi boshqa ingliz diplomatlari bilan internatda bo‘lgan. O‘zining eslashiga ko‘ra, tinch aholiga nisbatan shafqatsiz munosabatlar uning o‘z e’tiqodining to‘g‘riligiga shubhalanishiga sabab bo‘lgan va uni qat’iy kommunistga aylantirgan. 1951 yildan u o‘z tashabbusiga ko‘ra sovet razvedkasi bilan bepul hamkorlik qila boshladi.

Jorj Bleyk 1961 yilda polshalik razvedkachi Mixal Golenevskiyga nisbatan xoinlik qilish ayblovi ostida hibsga olingan va yopiq sud jarayonidan so‘ng 42 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Foto: Google Photos
Qamoqdan qochish
Besh yil qamoqda o‘tirgandan so‘ng Bleyk tanishlarni ishga solib, ozod bo‘lish imkoniyati yo‘qligini tushunib yetdi. 1965 yilda u mahbuslar Pat Potl, Maykl Rendl va Shon Burk yordamida qamoqdan qochish rejasini tuzdi. Qochqinni taniqli ingliz rejissyori Toni Richardson moliyalashtirdi. U paytlarda mahkamalar zaruriy uskunalar bilan yetarli jihozlanmagan edi. Nihoyat 1966 yil 22 oktabrda, yomg‘irli yakshanba kuni, qamoqxonadan qochish rejasi amalga oshadi va Bleyk parom bilan qamoqxonadagi sheriklarining oila a’zolari yordamida Belgiyaga va GDR chegarasiga, undan SSSRga yetib oladi.

Bleyk Moskvada
Bleyk Moskvada sovet fuqaroligini oladi va KGBda maslahatchi bo‘lib ishlay boshlaydi. Bir necha yil u «Progress» nashriyotida tarjimon bo‘lib ham ishlagan.

Foto: Google Photos
Bleyk Moskvada iste’fodagi KGB xodimi sifatida yashagan va sodiq kommunist bo‘lib qolgan. U vataniga xiyonat qilganlik to‘g‘risidagi ayblovlarni rad etadi va o‘zini hech qachon inglizlar kabi his qilmaganligini ta’kidlaydi: «Xiyonat qilish uchun avvalo o‘zingizning tegishli ekanligingizni his qilishingiz kerak. Men hech qachon o‘zimni Angliyaga tegishli his qilmaganman. Menda o‘zimni oqlaydigan hech qanday ayb yo‘q. Men taraqqiyot yetakchisida bo‘lganlarga yordam berdim!»

Bleyk tashqi razvedka akademiyasida dars ham bergan. 1990 yilda u «Boshqa tanlov yo‘q» nomli tarjimai holini nashr ettirdi. Kitob keyinroq (2006 yil) «Shaffof devorlar» nomi ostida kichik o‘zgarishlar bilan qayta nashr etildi.

2012 yil 11 noyabrda Rossiyaning o‘sha paytdagi va amaldagi prezidenti Vladimir Putin Bleykni 90 yoshi bilan tabrikladi. Putinning telegrammasida aytilishicha, Bleyk har doim o‘ziga yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajargan.

95 yoshga to‘lishi arafasida Bleyk o‘zining to‘g‘ri hayotiy tanlov qilganini ta’kidlagan murojaat bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya razvedka xizmatchilari dunyoni yangi yadro urushi tahdididan qutqarishi kerak, chunki bu tahdid «mas’uliyatsiz siyosatchilar tomonidan yana bir bor kun tartibiga qo‘yilgan».

Bleyk umrining oxirigacha o‘zining Moskva yaqinidagi Kratovodagi dachasida yashadi. Umrining so‘nggi yillarda u ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. Jorj Bleyk 2020 yil 26 dekabrda 99 yoshida to‘satdan yurak to‘xtab qolishi oqibatida vafot etdi, 2020 yil 30 dekabrda Troyekurovskiy qabristonidagi Qahramonlar xiyobonida harbiy sharaf bilan dafn etildi.

Jorj Bleyk madaniyatda

Foto: Google Photos
Jorj Bleyk birinchi marta televizorda 1990 yil «E’tirof» hujjatli filmida ko‘rinish bergan. Uning hayoti haqida «Agent Bleykning tanlovi» filmi (rejissyor – Leonid Belozorovich, Bleyk rolida – Markus Kunze) suratga olingan.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Ikki tomonlama josus. Qamoqdan qochgan SSSR agenti Jorj Bleykning taqdiri haqida