07:30 / 05.04.2021
1 348

Ukraina-Rossiya inqirozi: ziddiyat qanday keskinlashmoqda?

Ukraina-Rossiya inqirozi: ziddiyat qanday keskinlashmoqda?
Ukraina sharqidagi Donbasc hududida ayirmachilar va Ukraina qo‘shinlari o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotgani dunyo afkor ommasining e’tiborini yana ushbu mintaqaga qaratdi. Rasmiy Kiyevning ta’kidlashicha, Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shin yig‘moqda. Moskva esa Ukrainani provokatsiyada aybladi va uni «fuqarolar urushi»dan ogohlantirdi.

AQSHdan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bayonot keldi. Shunday qilib, Ukraina-Rossiya inqirozi yana bir bor xalqaro kun tartibning dolzarb mavzusiga aylandi.

Rus aholi va rusparastlar ustun bo‘lgan Donbassda (Donetsk va Lugansk) bir tomonlama mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng, ayirmachilar va Ukraina armiyasi o‘rtasida kechayotgan to‘qnashuvlar 2014 yildan beri davom etmoqda.

Donetskning Shumi shahrida 26 mart kuni merganlar tomonidan otilgan o‘qlar tufayli to‘rt nafar ukrain askari halok bo‘ldi, ikki nafari esa yaralandi.

Shundan so‘ng, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Donbassdagi keskinlikning kuchayishi ortidan xalqaro hamjamiyatni «Rossiyani qattiq qoralash»ga chaqirdi.

Ukraina Bosh shtabi boshlig‘i Ruslan Xomchak Rossiya harbiy mashqlar niqobi ostida Ukraina chegarasidagi Bryansk va Voronejga, shuningdek, Qrimga harbiy yuklar yetkazib berganini aytdi.

Xomchak, shuningdek, Rossiya-Ukraina chegaralari, Qrim va Donbassda Rossiya armiyasining 28 bataloni mavjudligini, yaqinda Rossiya chegara va Qrimga qo‘shimcha ravishda 25ta batalon yuborishni rejalashtirayotgani, bu holat esa Ukrainaning harbiy xavfsizligiga tahdid solayotganini bildirdi.

30 mart kuni New York Times nashri Ukraina sharqidagi vaziyat keskin yomonlashgani, xususan, chegara bo‘ylab Qrimga harbiy bo‘linmalar yuborilgani haqida maqola e’lon qildi.

Mart oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda bir necha marta rossiyalik harbiylar texnikasi harbiy poligondan tashqarida, xususan, Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakatlangani aks etgan foto va videolar tarqalgandi.

Ukraina razvedkasi: «Rossiya keng ko‘lamli provokatsiyaga tayyorlanmoqda»
Ukraina mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi Rossiya Ukrainaga qarshi «keng ko‘lamli» provokatsiyaga tayyorlanayotganini iddao qildi.

«Bosqinchilarning dushmanlik harakatlariga nisbatan Ukraina harbiy javob berish»ni maqsad qilgani aytilgan mazkur bayonotda «Donetsk va Lugansk xalq respublikalari» deb atalgan hududlarda Rossiya o‘z harbiy kuchlarini ko‘paytirishni rejalashtirayotgani ta’kidlanadi.

Razvedka agentligi «Rossiya bosqinchi qo‘shinlari» Ukraina hududiga kirib borishga urinishlari ham sodir bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Zelenskiy: «Biz har qanday provokatsiyalarga tayyormiz»

Ukraina chegarasida tobora ko‘payib borayotgan Rossiya harbiy kuchlarini «mushaklarning namoyishi» deb ta’riflagan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiya shu yo‘l bilan tahdid muhitini yaratib, sulh bo‘yicha muzokaralar jarayoniga bosim o‘tkazmoqchi ekanligini aytdi.

«Davlatimiz birdamlikda. Biz har doim har qanday provokatsiyalarga tayyormiz», dedi Zelenskiy Ukraina kuchli armiyaga ega ekanligini ta’kidlar ekan.

Rossiyadan «fuqarolar urushi» haqida ogohlantirish
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya tomoni «Ukrainaning provokatsion harakatlari mamlakatda fuqarolik urushiga olib kelishi mumkin»ligidan xavotirdaligini ta’kidladi.

Peskov Rossiyaning Ukraina chegarasida o‘z harbiy kuchini oshirgani va Qrimga qo‘shin yuborgani haqidagi ayblovlarga ham munosabat bildirdi.

«Rossiya Federatsiyasi o‘z xohishiga ko‘ra o‘z qurolli kuchlarini o‘z hududida harakatlantirmoqda. Bu hech kimni bezovta qilmasligi kerak, bu hech kimga xavf tug‘dirmaydi», dedi u.

Peskov, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari hech qachon Ukrainadagi mojarolarda ishtirok etmaganini aytdi: «Bu tamoman Ukrainaning ichki mojarosi. Rossiya qo‘shinlari unda hech qachon qatnashmagan».

Pentagonning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi
Mintaqadagi keskinlik ortishi asnosida Ukrainaga yordam berilishi haqida Vashingtondan bayonot keldi. «Tanglik kuchayayotgani va sulh tartibining buzilish holatlari ortayotgani sababli NATOdagi ittifoqdoshlarimiz bilan mintaqadagi keskinlikni muhokama qilyapmiz», dedi AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) matbuot kotibi Jon Kirbi.

AQSH rasmiysi sulh bitimi buzilishidan xavotirda ekanliklarini bildirar ekan, ziddiyatni Rossiya kuchaytirayotganini da’vo qildi.

Ukrainadan bir tomonlama mustaqilligini e’lon qilgan «Donetsk Xalq Respublikasi» tomonidan berilgan bayonotda esa «Ukraina armiyasining Donbassga 2 mayga qadar hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganiga oid ishoralar mavjud» ekani aytildi.

Putin, Merkel va Makron muloqoti
Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 30 mart kuni ushbu voqealar yuzasidan onlayn muzokara o‘tkazishdi.

Ukraina sharqidagi so‘nggi vaziyat muhokama qilingan mazkur onlayn uchrashuvda Putin Kiyev sulh rejimiga rioya qilmasdan mintaqadagi keskinlikni oshirganini ta’kidladi.

Shuningdek, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken telefonda kechgan muloqotda Donbass va Qrimdagi vaziyatni muhokama qilishdi.

Sulh qachon buzildi?
Rossiya-Ukraina munosabatlaridagi keskinlik Qrim Rossiyaga qo‘shib olingan 2014 yildan beri saqlanib qolmoqda.

Qrimning anneksiya qilinishi va Ukraina sharqidagi Donetsk va Luganskda rossiyaparast kuchlar tarafidan bir tomonlama mustaqillik e’lon qilinishi ortidan Kiyev ma’muriyati Rossiyani «tajovuzkor» mamlakat sifatida qayd etish to‘g‘risidagi qonunni qabul qiladi.

Rossiyaparast ayirmachilar va Ukraina armiyasi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar 2014 yildan beri davom etmoqda.

Donbass inqirozini hal qilish bo‘yicha Rossiya, Ukraina va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT)dan iborat uch tomonlama aloqa guruhi muzokaralar olib bormoqda.

So‘nggi paytlarda 2020 yilning iyulida tomonlar o‘rtasida imzolangan sulhning buzilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘tgan hafta Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimni ozod etishga qaratilgan Harbiy xavfsizlik strategiyasini tasdiqlagandi.

Zelenskiyning bayonotiga ko‘ra, yil boshidan beri mintaqada sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarda 20 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 57 kishi esa jarohatlangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Ukraina-Rossiya inqirozi: ziddiyat qanday keskinlashmoqda?