10:00 / 05.04.2021
3 504

Yevropani yuvinishga o‘rgatgan arablar

Yevropani yuvinishga o‘rgatgan arablar
Hozirgi zamonda sumkachasida atir bo‘lmagan ayolning o‘zi yo‘q. Mashhur Chanel atirlarining narxi osmonda. Ammo dastlab yevropalik boylar tanadagi yoqimsiz hidni yo‘qotish uchungina atirdan foydalanishgan desa, ishonasizmi? Hatto XIX asrning ikkinchi yarmigacha Yevropa xalqi sovun nima ekanligini ham bilmas edi.

Hammomni hayotida faqat ikki marta: tug‘ilish paytida va to‘y kechasi oldidan ko‘rgan yevropalik malikalarni tasavvur qiling-a... Bu o‘ylab topilgan narsa emas: Ispaniya qirolichasi Kastiliya Izabella xuddi shunday yashagan.

Ichki kiyimlarini yillar davomida almashtirmagan ayollar ham bo‘lgan. O‘rta asrlarda Yevropa tom ma’noda ifloslikka botgan edi. Bit-kanalar, tanadagi yara-chaqalar va iflosliklardan kelib chiquvchi kasalliklar Yevropa aholisining doimiy hamrohi edi.

O‘sha paytda Yevropada kanalizatsiya tizimlari bo‘lmagan, shuning uchun katta shaharlarning aholisi hojatxona axlatini ham derazadan to‘kib qo‘ya qolgan. O‘sha paytlarda piyodalar ko‘chalarda juda ehtiyotkorlik bilan harakatlanishlari kerak edi, chunki istalgan daqiqada kimningdir derazasidan yo‘lovchining boshiga to‘kilishi mumkin edi. Qirralari, soyaboni keng bo‘lgan shlyapalar ixtiro qilinishi ham bekorga bo‘lmagan. Gigiyenaga beparvolik Yevropaga juda qimmatga tushgan. XIV asrda fransuzlarning uchdan bir qismi o‘latdan qirilib ketgan bo‘lsa, Angliya va Italiya esa aholisining yarmigacha yo‘qotishgan.

Tozalik qoidalariga rioya qilmaslikning sabablaridan biri, aholining aksariyat qismi uchun sovun qimmatlik qilar edi. Ammo sovunning yo‘qligi yagona sabab emas edi. Suv tanqisligi, aniqrog‘i, Yevropada issiq suv bilan ta’minlangan binolarning bo‘lmaganida edi.

Shuningdek, gigiyena talablariga rioya qilmaslikka hukmdorlarning diniy qarashlari ham ta’sir qilgan. Masalan, Ispaniya qiroli Filipp II tananing bir qismini ochish axloqsizlik deb hisoblangani sababli, o‘z mamlakatida cho‘milishni taqiqlagan.

Xuddi o‘sha paytda arab dunyosida poklik va gigiyenani saqlash hayotning asosiy belgisi bo‘lgan. Har bir musulmonning uyida doim tahorat uchun toza suv bo‘lgan va ishlatilgan suv oqova quvuriga quyilgan. Arablar bu borada ko‘proq bilimga ega edilar. Shuningdek, arablar hammomga borishni juda yaxshi ko‘rishardi. Hammomdan so‘ng odatda, kiyim va ichki kiyimlar, albatta, tozasiga almashtirilgan.

Ispaniyada, Shimoliy Afrikada yashagan arablardan yevropaliklar gigiyena, tozalik va tashqi qiyofaga e’tibor berishni o‘rganib olgan. Shunday tariqa yevropaliklar arablar va islom dunyosi tufayli yuvinish ular o‘ylagandek gunoh yoki sog‘likka zarar emas, aksincha foyda ekanini bilib olishgan.

Ammo hozir ko‘pchilik bu haqiqatni bilmaydi va G‘arbning tarixiy mavzuda olingan filmlaridagi ichiga gul yaprog‘i solingan vannalar har doim ham shunday bo‘lgan, deb o‘ylashadi. Tarixchilarning ham ko‘pchiligi “iflos, kirli Yevropa” haqida gapirmaslikni ma’qul ko‘rishadi.

Yoqub Umar tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropani yuvinishga o‘rgatgan arablar