14:28 / 06.04.2021
2 914

Aykido tamoyilini xush ko‘rgan «millatlar otasi». Iosif Stalinning hokimiyat tepasiga kelishi

Aykido tamoyilini xush ko‘rgan «millatlar otasi». Iosif Stalinning hokimiyat tepasiga kelishi
Foto: Google Photos
Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill o‘z kundaliklarida rus xalqini dunyo uchun og‘ir va mashaqqatli davrida daho va ahdida qat’iy bo‘lgan Stalin boshqarayotgani Rossiya uchun baxt hamdir degan edi. «Daryo» nashri kolumnisti Jahongir Ergashev sana munosabati bilan buyuk qo‘mondon, shu bilan birga inson huquqlari faollarining ko‘plab tanqidlariga uchragan «xaqlarning otasi» Iosif Stalinning hokimiyatga kelishi tarixi haqida hikoya qiladi.

1879 yil
Chorizm va Sovet imperiyasi davrining ashaddiy inqilobchisi Iosif Stalin 1879 yilning 21 dekabr sanasida Gruziyadagi Gori shaharchasida dunyoga keladi. Stalinni ayrimlar nazarida buyuk inqilobchi, dunyoni fashizmning dahshatli kunlaridan xalos qilgan shaxs sifatida e’tirof etsa, ayrimlar Rossiyadagi qatag‘onlar, ochlik va qashshoqlik, terrorda ayblab keladi. Stalinning siyosati shu sababdan ko‘plab qizg‘in bahslarga sabab bo‘ladigan mavzu.

Oilada uchinchi farzand bo‘lgan Stalin akasi va singlisidan erta ayrilib qoladi va oiladagi yagona farzandga aylanadi. Ustiga ustak, foytun arava Sosoni urib yuboradi va natijada bo‘lg‘usi dohiyda chap qo‘l sohasining ishlashi borasida muammolar yuzaga keladi. Qolaversa, Stalinning otasi o‘g‘lini ko‘p kaltaklashi oqibatida Stalinda bosh miya sohasida jarohat asoratlari bilan birgalikda psixoemotsional ruhiy zo‘riqish yuzaga keladi. Stalinning onasi Yekaterina Georgiyevna farzandiga otasi berolmagan mehrni to‘ldirish uchun bor kuchini sarflaydi.

Sahardan shomga qadar ishlab charchagan ayol o‘z o‘g‘liga munosib ta’lim berish uchun uni kelajakda ruhoniy qilishga ahd qiladi. Ammo Yekaterina Georgiyevnaning orzulari sarobga aylanadi. Stalin cherkov xodimi emas, ammo ko‘p vaqtini ko‘cha bezorilari bilan o‘tkazadigan o‘smirga aylanadi. 1888 yilda Stalin Gori provoslav cherkovi maktabi o‘quvchisiga keyinchalik, Tiflis diniy seminariyasini tinglovchisiga aylangan bo‘lsada, keyinroq o‘z xatti-harakatlari oqibatida seminariydagi talabalar safidan chetlashtiriladi.

Foto: Google Photos
1922 yil
Vladimir Lenin Stalin haqida gap ketganida «bu oshpaz faqat mazali taomlarni tayyorlaydi» deganida juda adashgandi. Stalin eski bolsheviklardan biri sifatida o‘z boshidan ko‘plab surgun va qamoq jazolarini kechirgandi. Bu esa uning o‘spirinligi jang-u jadallarda o‘tganligidan darak edi. U fiqarolar urushida faol qatnashadi, Sarisin himoyasida jangovor birodarlariga yordam beradi.

Stalin yoshligida o‘zgalarning mulkini tortib olishdan ham tab tortmay harakat qilardiki, Lenin bolsheviklarning mazkur xatti-harakatlarini tanqid qilgan davrlar ham bo‘ladi. 1907 yilda «Koba Ivanovich» (Stalinning maxfiy taxallusi) guruhi davlat banki pullari ortilgan foytunga hujum qiladi va ancha miqdordagi pulni o‘z qo‘liga oladi. Lenin Stalinning bu harakatini ma’qullamagan bo‘lsada, o‘sha kezlarda bu pullar partiya uchun kerakligi uchun Stalinning harakatiga ko‘z yumadi. O‘sha talonchilikda Kobe guruhi 250 ming rublni qo‘lga kiritgan va bu pullarning barchasi Leninga yuborilgandi. Stalinning bu xatti-harakati ayrim mensheviklarga ma’qul emasdi va ular Stalinni Tiflisdagi yig‘inda partiya a’zoligidan ham o‘chiradi. Shunda Stalin mensheviklarning yetakchilaridan biri Martovga «seni partiya tribunaliga topshiraman» degan tahdidini ham eshitishga majbur bo‘ladi.

Hokimiyatga erishishning «Aykido tamoyili»
Aykido tamoyili – rus psixoterapevti Mixail Litvak tarafidan ilgari surilgan tamoyil bo‘lib, bunda shaxs o‘z raqibining qarshi fikrlariga samarali tarzda javob qaytarish va raqibning asosli fikrlarini qabul qilish usulidir.

Foto: Google Photos
Stalin Lenin vafot etganidan so‘ng hokimiyatga intilar ekan, o‘zi mansub bo‘lmagan g‘oyalarni Leninning hammaslaklaridan oqilona foydalana bildi va partiya qurish borasidagi tezislarni astoydil o‘rgandi. Boshqacha qilib aytganda, Stalin o‘z raqiblarining mafkuraviy g‘oyalaridan unumli foydalandi. Nikolay Buxarin (Buxarchik Stalin ta’birida) Stalinga sovet davlatining poydevorini yaratishda o‘z g‘oyalari bilan yordam berdi, garchi Buxarin keyinroq Stalin tarafidan repressiya qurboniga aylangan bo‘lsada, Stalin Buxarinning «partiyaning asosiy maqsadi», Zinovevning «uch shahar inqilobi» g‘oyalaridan unumli foydalana oldi.

Hattoki Stalin o‘zining ashaddiy siyosiy raqibi bo‘lgan Trotskiyning «dehqonlar hisobiga sanoatlashtirish» g‘oyasini ham qabul qilib oldi. Agarda Sovet Ittifoqida 1927 yildan keyingi besh yillik rejali iqtisodiyotdagi islohotlar Buxarin g‘oyalariga asoslangan bo‘lsa, 1928 yil boshlariga kelib Stalin bu g‘oyalarni qayta ko‘rib chiqish va yaxshilash borasida farmon beradi.

Kadrlar millatning taqdirini hal qiladi
Stalin karerasi haqida gap ketganda, aksariyat kishilar uning hokimiyat tepasida 30 yildan ortiq vaqt mobaynida davlatni shafqatsiz ravishda boshqarganligiga urg‘u bersada, Stalin hukumat tepasiga kelgan vaqtlarda Kommunistik partiya bosh kotibligi Sovet Ittifoqida hali asosiy siyosiy post emasligini nazardan qochirishadi. Bosh kotib partiyaning yetakchisi bo‘lar ekan, o‘sha kezlarda u partiyaning bor imkoniyatini davlatning barcha sohalariga dahldorligiga asos solgan tizimni barpo qila oldi.

1935 yilda komunistik partiya yig‘inidagi nutqida Stalin «kadrlar barcha muammolar»ni hal qiladi deganida, ikkiyuzlamachilik qilmagandi. Kadrlar qaysi bir soha bo‘lmasin Stalinning obro‘sini oshirishga yordam berardi. Stalin eng yaxshi kadrlardan biri va kadrlar masalasini yaxshi tushunishi bilan ajralib turar va hokimiyat tepasiga kelishi bilan komunistik partiya kotibiyati orqali tayinlanadigan kadrlarni tanlab olish islohotini amalga oshirdi. Bu siyosat avvalo, Stalinga o‘z siyosiy hokimiyatini mustahkamlab olishga yo‘l ochgan bo‘lsa, ikkinchidan, o‘z vazifasiga layoqatli bo‘lgan kadrlarning kelishiga turtki bo‘ldi.

Ammo kadrlar borasidagi Stallinning qatag‘onlari ham nihoyatda shafqatsiz kechdi. Stalinning kadrlar masalasidagi uslubiy yondashuvi rus tarixchilari, xususan, Mixail Voslenskiy nazarida sovet nomenklaturasini yaratishda xizmat qiladi. Amerikalik tarixchi Richard Payps nazarida Stalinning kommunistik partiya rahbariyatchiligini isloh qilishga erishishi Stalinning byurokratik tizimining Sovet ittifoqida keng yoyilishiga olib keladi.

Foto: Google Photos
Trotskiy bilan kechgan kurash
Hokimiyatga erishish uchun kurash Stalin va uning siyosiy sahnadagi eng katta raqibi, dastlab konstitutsion monarxiya tarafdori, keyin mensheviklar bilan ittifoqqa kirgan Lev Davidovich Trotskiy o‘rtasida kechadi. Trotskiy inqilobdan keyingi davrda Qizil Armiyani tashkil qilgan, dunyo inqilobining tarafdori, qiziqqon va shaxsiy egosini ustun qo‘yuvchi inqilob qahramoni edi. Troskiy va Stalin dushmanligi 1918 yillarda boshlangan, o‘sh vaqtda Stalin Leninga yozgan bir maktubida «kecha bizga qo‘shilgan Trotskiy partiya a’zolarini xulq odobiga o‘qitmoqda» deb yozgandi. Troskiyning rahbarlik qobiliyati Rossiyadagi fuqarolar urushi davrida sayqallanadi, ammo uning harbiy strategiyasi tinchlik davrida ruslar uchun hech qanday foyda keltirmagan siyosat sifatida tanqid qilinadi.

Lenin vafot etgan paytda Trotskiy Tiflisdagi sanatoriyada da’volanar ekan, Stalin o‘zining raqibiga sanatoriyadan qaytmaslikni maslahat beradi. Shu boisdan Trotskiy Lenining dafn marosimida ham qatnasha olmaydi. Qolaversa, Trotskiyning o‘zi ham poytaxtga qaytmaslikka ahd qilgan, uning nazarida Stalin Leninni zaharlagan degan ishonch bor edi. 1925 yilda Trotskiy harbiy va dengiz xalq komissarligi lavozimidan olib tashlanadi va uning o‘rniga Mixail Frunze olib kelinadi.

Trotskiyning radikal va keskin islohot dasturi uning ko‘plab tarafdorlarini ham undan yuz o‘girishga olib keladi. Hattoki Nikolay Buxarin ham Troskiyning g‘oyalaridan ko‘ngli qoladi. Sabab esa Yangi Iqtisodiy Siyosat (NЕP) borasida fikrlarning xilma-xilligi edi. Gap shunda ediki, Trotskiy NЕP orqali butun dunyoda komunistik inqilobni amalga oshirishga undardi, Buxarin esa bunday siyosat mamlakatni jar yoqasiga olib kelib qo‘yishini ta’kidlardi. Natijada, aynan Buxarin Trotskiyni surgun qilinishiga sababchi bo‘lgan shaxs bo‘ladi.

Lev Trotskiy surgun qilinadi va umrini Meksikada o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Stalin esa «trotskizm»dan mamlakatda ommaviy qatag‘onlarni amalga oshirishda yaxshigina foydalanadi.

Foto: Google Photos
Siyosiy «poklanish»
Trotskiy mag‘lubiyatga uchragach Stalin yakka hokimiyatga intilishda Zinovev va Kamenevga qarshi kurash boshlaydi. 1925 yilda Zinovev va Kamenevning so‘l muxolifat partiyasi «feodalchilik»da ayblanadi. Stalin nazarida Zinovev va Kemenev komunistik partiyani bo‘lib yubrishga urinishda ayblanadi. Stalin Leninning mero‘sxo‘ri vazifasini bajarishga kirishar ekan, Lenin tayangan Zinovev va Kamenevlar endilikda Stalin uchun xushlanmaydigan va xavfli insonlarga aylanadi. Stalin bor byurokratik kuchini ishga solib, ularni markaziy apparatdan chetlashtirishga erishadi.

Trotskiy og‘liga yozgan bir maktubida quyidagi voqeani esga oladi: «Bir kuni Stalin, Dzerjinskiy va Kamenev qandaydir bir voqeani nishonlar ekan, suhbat kim nimani ko‘proq yoqtirishiga borib taqaladi. Stalin shu suhbat chog‘ida hayotdagi eng totli narsasi qurbonini yaxshilab nishonga olish va undan keyin aniq zarba berish, shundan keyin xotirjam uxlashi» haqida aytganligini xotirlaydi. Stalin Lenin suyangan shaxslarni turli soxta siyosiy ayblovlar bilan qoraga botirar ekan, uning maqsadi yakka hukmronlik va o‘z irodasini butun xalqlar irodasi sifatida ko‘rsatishga tayangandi. Turli siyosiy tamg‘alar esa Stalinni Leninning «haqiqiy» izdoshi sifatida ko‘rsatishga xizmat qildi.

So‘ng so‘z o‘rnida
1953 yilning 5 martida Iosif Stalin vafot etadi. Bu vaqtga kelib Stalin sovet millatlarining buyuk rahnamosi sharafiga sazovor bo‘lib ulgurgandi. Uinston Cherchill ta’biri bilan aytganda «Stalin hokimiyatni «qo‘lqopsiz» egallab, o‘zidan keyin atom quroliga ega bo‘lgan dunyo mamlakatini qoldirishga» erishgandi. Biroq bunday qudratning ostida esa millionlab haq-huquqlari toptalgan, besabab totalitar tuzumning qurboniga aylangan, oilasi va yaqinlaridan ayrilgan taqdirlar yotardi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Aykido tamoyilini xush ko‘rgan «millatlar otasi». Iosif Stalinning hokimiyat tepasiga kelishi