11:57 / 09.04.2021
1 979

Rossiyada yirik loyihalarni amalga oshirish uchun mehnat muhojirlari yetishmayotgani ma’lum qilindi

Rossiyada yirik loyihalarni amalga oshirish uchun mehnat muhojirlari yetishmayotgani ma’lum qilindi
Foto: «RBK»
Rossiyada COVID-19 pandemiyasi tufayli sezilarli darajada kamaygan mehnat muhojirlarining soni mamlakatdagi yirik loyihalarni amalga oshirish uchun yetarli emas. Bu haqda prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tdi, deb yozadi «RBK».

Rossiyaliklarning muhojirlarga munosabati haqidagi savolga javob berar ekan, Peskov ushbu mavzu bo‘yicha sotsiologik tadqiqotlar natijalari bilan tanish emasligini aytdi.

«Men faqat shuni aytishim mumkinki, bir yil ichida muhojirlar soni juda kamayib ketdi. Bizda ulkan rejalarimizni amalga oshirish uchun mehnat muhojirlari haqiqatan ham yetishmayapti», — dedi davlat rahbarining matbuot kotibi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap qurilish va qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi loyihalar haqida bormoqda. «Pandemiya sababli ularning soni kamaygan. Shuning uchun muhojirlarning yetishmasligi shubhasiz», — deya ta’kidladi Peskov.

Prezident matbuot kotibi muhojirlarning farzandlarini ro‘yxatdan o‘tkazish haqida gapirar ekan, hukumat ularning kimligi va soni qancha ekanini bilishi kerakligini aytdi. «Shuningdek, albatta, Rossiya davlat sifatida muhojirlarning farzandlari uchun sharoit yaratib berishi kerak, shunda ular ko‘p millatli, turli e’tiqodli rus jamiyatiga moslashishi mumkin», — deya qo‘shimcha qildi Peskov.

Mart oyi oxirida Vladimir Putin Rossiya maktablaridagi muhojir bolalar ulushi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib borish zarurligini aytgan edi. «Ba’zi Yevropa mamlakatlari va AQSHda maktabdagi muhojir bolalar darajasi ma’lum foizga yetganidan so‘ng mahalliy aholi o‘z farzandlarini mazkur maktablardan olib ketadi. Ushbu mamlakatlarda deyarli 100 foiz muhojir bolalardan iborat maktablar tashkil etilgan. Rossiyada har qanday vaziyatda ham bunday holatlarning rivojlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak», — dedi Putin.

Putinning ta’kidlashicha, muhojir bolalarning maktablardagi ulushi ularni rasmiy ravishda emas, balki rus tili va madaniy muhitiga moslashishiga imkon berishi kerak.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Rossiyadagi muhojirlar soni 6,3 million kishiga — deyarli ikki baravarga kamaydi, ilgari mamlakatda o‘rtacha 9-11 million muhojir bo‘lgan. Taxminan, bir million muhojir mamlakatda yashash uchun guvohnoma yoki vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomaga ega.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet el fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun muhojirlarga davlat xizmatlarini elektron shaklda olish imkonini beradigan yagona axborot platformasi yaratilishini ma’lum qildi. Yaratilayotgan tizimda muhojirlarning raqamli profillari ochiladi. Profillar chet el fuqarosining huquqiy holati, uning biometrik ma’lumotlari, yashash va ish joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, vazirlik «alohida vaziyatlarga tushib qolgan» noqonuniy muhojirlarni rasmiylashtirishni soddalashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada yirik loyihalarni amalga oshirish uchun mehnat muhojirlari yetishmayotgani ma’lum qilindi