11:30 / 12.04.2021
2 976

Kreml Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ehtimolini istisno qildi

Kreml Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ehtimolini istisno qildi
Foto: AP Photo / Dmitriy Peskov
Rossiya Ukraina bilan urushga qarab harakatlanmoqchi emas, hech kim bunday urush imkoniyatini muvofiq deb hisoblamaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deb yozadi «RIA Novosti».

«Albatta, hech kim urush tomonga harakatlanmoqchi emas, va hech kim bunday urush imkoniyatini umuman muvofiq deb o‘ylamaydi», — dedi u «Rossiya 1» telekanali efirida.

Peskov qayd etishicha, «shuningdek, hech kim Ukrainada fuqarolar urushi imkoniyatini qabul qilmaydi».

Shu bilan birga, Peskov Kiyev ichki muammolarini kuch ishlatish yo‘li bilan hal qilishga urinishi mumkinligini Moskva istisno qilmasligini aytdi, u holda vaziyat Rossiya uchun xavfli tus oladi, dedi u.

«Bu biz uchun xavflimi? Albatta xavfli. Biz o‘z xavfsizligimizni ta’minlash uchun choralar ko‘rishimiz kerakmi? Kerak. Biz aynan shu bilan shug‘ullanyapmiz», — dedi u.

Donbassdagi vaziyat mart oyida keskinlashdi. Ukraina hamda o‘zlarini xalq respublikalari deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda ayblamoqda, ikkala tomon ham qurbonlar haqida xabar bermoqda.

Mart oyi oxirida The New York Times gazetasi 4 ming rus qo‘shini Ukraina chegaralariga, xususan, Rostov, Bryansk, Voronej viloyatlari va Qrimga yuborilgani haqida xabar berdi. Hammasi bo‘lib, Rossiya Qurolli Kuchlarining 28 ta taktik batalyon guruhi chegaralar bo‘ylab joylashtirilgan. Conflict Intelligence Team surishtiruv guruhi Rossiya qo‘shinlarining Rossiya—Ukraina chegarasi hududida to‘planishini 2014—2015 yillardan beri eng keskin ko‘rsatkich deb atadi.

Kiyev o‘z chegaralari yaqinida rus qo‘shinlari to‘planganini tasdiqladi va uni «o‘z kuchini ko‘z-ko‘z qilish» deb atadi. AQSH Rossiyadan mazkur «provokatsiyalar»ga izoh berishni talab qildi, shuningdek, AQSH prezidenti Jo Bayden lavozimiga kelganidan beri birinchi marta Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi. Kremlning ta’kidlashicha, Rossiya o‘z hududida o‘z qo‘shinlarini harakatga keltirmoqda va «bu hech kimni bezovta qilmasligi kerak, qo‘shin hech kimga tahdid solmaydi».

Rossiya qo‘shinlarining Donbassga tortilishi fonida Ukraina NATOga qo‘shilish masalasini qayta ko‘tardi. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan suhbatda Zelenskiy NATO Donbassdagi urushni to‘xtatishning yagona yo‘li ekanini aytdi. AQSH bu g‘oyani hozircha nazariy jihatdan qo‘llab-quvvatlamoqda, Kremlning fikricha, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Donbassdagi inqirozni yanada kuchaytiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kreml Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ehtimolini istisno qildi