09:46 / 21.04.2021
1 566

“Ehtimol, O‘zbekistonga 50 emas, balki 20 gektar yer beramiz” - Tashiyev

“Ehtimol, O‘zbekistonga 50 emas, balki 20 gektar yer beramiz” - Tashiyev

Qirg‘izistonning Qora-Suv tumanida Savay qishloq okrugi aholisi 14 apreldan beri Kampirobod suv ombori atrofidagi 50 gektar yerni O‘zbekistonga berilishiga qarshi miting o‘tkazmoqda. Bu haqda Sputnik xabar qildi.

Miting joyida mingga yaqin kishi to‘plandi. Ular bilan yig‘ilish o‘tkazish maqsadida u yerga Qirg‘iziston milliy xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev yetib keldi.

Tashiyev Kampirobod suv ombori haqida gapirganda, O‘zbekiston tomoni bilan yerlarni almashtirish to‘g‘risidagi kelishuv xususida to‘xtaldi.

U O‘zbekiston bilan kelishuv "juda foydali va qulay" ekanligini ta’kidladi. Mahalliy aholi bunga javoban protokolni bekor qilish (denonsatsiya) va suv ombori yonidagi yerni bermaslik kerak, deb aytishdi. Ammo MXDQ rahbari buning iloji yo‘qligi, chunki protokol doirasida boshqa muammolar ham hal qilinmoqda, deb ta’kidladi.

"Suv ombori yonidagi yerlarni hisobga olgan holda biz 4,4 ming gektar maydonni beramiz va uning o‘rniga 5,1 ming gektarni olamiz. Agar hozir hal qilmasak, keyingi avlodda muammolar bo‘ladi. Suv ombori to‘g‘oni yonida 50 gektar yer bor, O‘zbekiston tomoni bu uchastkani so‘ragan. Uning evaziga xuddi shu miqdordagi yer berishadi. Bitimda nima yoziladi? Mahalliy aholi suvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular chorva mollariga suv berish, baliq ovlash, nasos yordamida suv olishi mumkin. Ya’ni cheklovlar bo‘lmaydi. Uni to‘ldirish uchun suv resurslarini birgalikda boshqarish kerak, suv bizning qishloqlarga kanallar orqali kirib borishi uchun 900-gorizontaldan yuqori bo‘lmasligi kerak", - deb tushuntirdi Tashiyev.

Mahalliy aholining e’tirozidan so‘ng Tashiyev yana bir taklif bildirdi. "O‘ylaymanki, boshqacha qilish mumkin - ular to‘sib qo‘ygan 20 gektar yerni almashtirish. 50 emas, balki 20 gektar".

Aksiyada ishtirok etgan kishilar O‘zbekiston bunday shartlarga rozi bo‘lmasligi mumkin, deb javob berishdi. Tashiyev o‘zbek tomonini ishontirish uchun barcha imkoniyatni ishga solishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Tashiyev boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Toshkentda 23-25 mart kunlari chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi. Ikki tomon hududlarni almashtirish to‘g‘risida protokol imzoladilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » “Ehtimol, O‘zbekistonga 50 emas, balki 20 gektar yer beramiz” - Tashiyev