12:07 / 21.04.2021
2 302

Tramp Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga va uni Xitoy tomon itarmaslikka chaqirdi


Foto: Reuters
AQSH hukumati Rossiya va Xitoyning bir-biriga yaqinlashishi uchun sababchi bo‘lish o‘rniga, ular bilan munosabatlarini iziga solishi kerak, dedi AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

«Biz Rossiyani Xitoy tomon itarish o‘rniga, u bilan til topishishimiz kerak», — dedi u.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham, Xitoy rahbari Si Szinpin bilan ham «yaxshi munosabat o‘rnatgan».

«Prezident Putin bilan munosabatlarimiz juda yaxshi edi, u menga yoqardi, men esa unga», — dedi Tramp Rossiya prezidenti bilan munosabatlari haqida gapirar ekan.

2020 yilning sentabr oyida Tramp Rossiya yetakchisi bilan yaxshi munosabatda bo‘lishning hech qanday salbiy jihatlarini ko‘rmayotganini aytib, atrofdagilar uni har doim tashqi siyosatdagi boshqa muammolardan chalg‘itib, Rossiyani muhokama qilishga majbur etaverishidan shikoyat qilgan edi.

Shu bilan birga, 2020 yilning noyabr oyidagi saylovlardan oldin Donald Tramp Putin AQSHning keyingi prezidenti sifatida Demokratlardan nomzod bo‘lgan Jo Baydenni afzal ko‘rishini taxmin qilgan edi.

Trampning 2016 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlardagi g‘alabasidan keyin AQSH Demokratik partiyasi uni Moskva bilan til biriktirganlikda gumon qilgan. Ushbu masalani tekshirgan maxsus prokuror Robert Myuller komissiyasi Donald Tramp va Rossiya o‘rtasida hech qanday bog‘liqlikni aniqlay olmagan edi.

Oxirgi marta Vashington Moskvani 2020 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan AQSH prezidentligi saylovlariga aralashishga urinishda va kiberhujumlarda ayblab, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritganidan keyin Rossiya va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Cheklovlar Rossiyaning davlat qarzlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, AQSH Rossiyaning 10 nafar diplomatini vataniga qaytarishga qaror qilganini ma’lum qildi.

Bunga javoban Rossiya ham AQSHning 10 nafar diplomatini mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalashtirayotganini e’lon qildi. Bundan tashqari, yana olti nafar yuqori martabali amaldorga nisbatan cheklovlar joriy qilindi va ularning mamlakatga kirishi taqiqlandi. Rossiya tomoni amerikalik elchi Jon Sallivanga maslahatlashish uchun Vashingtonga qaytishni tavsiya qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Rossiya bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga va uni Xitoy tomon itarmaslikka chaqirdi