08:13 / 26.04.2021
2 802

Rossiya AQSHni «dushman» mamlakatlar ro‘yxatiga kiritdi


Foto: «RIA Novosti»
Rossiya hukumati «dushman» va rossiyalik xodimlarni o‘z diplomatik missiyalariga ishga yollay olmaydigan mamlakatlar ro‘yxatini shakllantirishni boshladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

«Tushunishimizcha, butun voqea AQSHning navbatdagi dushmanlarcha harakatlaridan boshlandi… Tabiiyki, ‘dushman’ mamlakatlar ro‘yxatida AQSH borligini siz ham tushunasiz va men ham tasdiqlashim mumkin», — dedi Zaxarova «Rossiya 24» telekanali efirida.

23 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z farmoni bilan Rossiyaga nisbatan «dushmanlarcha xatti-harakatlar»ni amalga oshiradigan mamlakatlar diplomatik missiyalari faoliyatini cheklab, ularga «Rossiya hududidagi jismoniy shaxslar»ni ishga yollashni taqiqlagan edi.

Avvalroq Mariya Zaxarova Rossiya hukumati AQSH va Chexiyaga Rossiya fuqarolarini o‘z elchixonalariga ishga yollashni taqiqlaganini ma’lum qilgandi.

Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi so‘nggi marta 15 aprel kuni, Amerika prezidenti Jo Bayden Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar kiritganidan keyin yuz berdi. Yangi sanksiyalar Rossiyaning AQSHdagi 2020 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashishi, AQSH hukumat idoralariga qilingan kiberhujum va Rossiyaning Afg‘onistondagi amerikaliklarga qarshi «Tolibon» jangarilari bilan til biriktirgani bilan bog‘liq. Oq uy fevral oyida Rossiyaning ushbu harakatlari uchun AQSH rasmiylari unga qarshi sanksiyalar rejalashtirayotganini aytgandi.

Shuningdek, AQSH mamlakatdan 10 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilishi haqida e’lon qildi. Polsha AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatladi. Polsha Varshavadagi uch nafar rossiyalik diplomatni persona non grata deb e’lon qildi, ular mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunga xuddi shu tarzda javob qilishini ma’lum qildi.

16 aprel kuni Rossiya prezidentning yordamchisi AQSH elchisi Jon Sallivanga maslahat uchun Vashingtonga qaytib ketishini tavsiya qildi. Jon Sallivan Kremlning tavsiyalariga qaramay, mamlakatni tark etishdan bosh tortdi. Ammo keyinroq Axios nashri Davlat departamenti vakiliga tayanib, AQSHning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan shu hafta Vashingtonga jo‘nab ketib, u yerda bir necha hafta turishi, so‘ng esa yana qaytib kelishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Rossiya—Chexiya munosabatlarining keskinlashuvi 17 aprel kuni Chexiya hukumati respublika sharqidagi Vrbetitsa qishlog‘idagi o‘q-dorilar omborlarida 2014 yilda sodir bo‘lgan portlashlar voqeasining yangi holatlariga aniqlik kiritish to‘g‘risida bayonot berganidan keyin boshlandi. Chexiya tomonining so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqeada Rossiya maxsus xizmatlari ishtirok etgan.

The Insider va Bellingcat agentliklari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvga ko‘ra, portlashlar operatsiyasiga Rossiya razvedka boshqarmasining 29155-sonli harbiy qism boshlig‘i, general Andrey Averyanov shaxsan rahbarlik qilgan. 17 aprel kuni Praga Rossiya elchixonasining 18 nafar xodimini chiqarib yuborishni e’lon qildi. Shuningdek, Chexiya Senati hukumatni Rossiya bilan do‘stlik shartnomasini bekor qilishga va Pragada faqat bir nafar rossiyalik diplomatni qoldirishga chaqirdi.

Avvalroq Deputatlar palatasi (Chexiya parlamentining quyi palatasi) ham Chexiya hukumatini shunday choralar ko‘rishga chaqirgan edi.

Rossiya ayblovlarni bema’ni va asossiz deb atadi va Chexiyaning xatti-harakatlariga javob sifatida 20 nafar chexiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya AQSHni «dushman» mamlakatlar ro‘yxatiga kiritdi