08:00 / 28.04.2021
2 298

Ukraina Chernobil AESdagi avariyaga oid maxfiy hujjatlarni e’lon qildi


Foto: Getty Images
Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) Chernobil AESdagi texnogen ofatning 35 yilligi munosabati bilan o‘z arxividagi ba’zi maxfiy hujjatlarni e’lon qildi. Bu haqda idoraning Facebook’dagi bayonotiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Idora, xususan, Chernobil AES direktori Viktor Bryuxanovning voqea haqidagi birinchi hisoboti va voqea sodir bo‘lgan paytda stansiya operatorlari o‘rtasidagi muzokaralar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujjatlarda 1986 yil 26 aprelga qadar ham Chernobil AESda baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgani to‘g‘risida dalillar mavjud. Xususan, 1982 yilda birinchi energiya blokida sezilarli darajada radioaktiv moddalar ajralib chiqqan. Ammo KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) hisoboti odatdagidek, ‘vahima va provokatsion mish-mishlarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rildi’ degan jumla bilan yakunlangan», — deyiladi UXX bayonotida.

Bundan tashqari, 1984 yilda uchinchi va to‘rtinchi energiya bloklarida favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan, deya ta’kidladi xizmat.

Foto: avr.org.ua
Xabarda aytilishicha, 1986 yil iyul oyida avariyaning barcha tafsilotlarini, shu jumladan, uning sabablari, halokat xarakteri, portlash paytida havoga tashlangan aralashmaning tarkibi, shuningdek, radiatsion vaziyatni, kasallanish va uni bartaraf etish bo‘yicha ishlar ko‘lamini tasniflaydigan ko‘rsatma paydo bo‘lgan.

2020 yilning yozida ham UXX va Ukraina Milliy xotira instituti Chernobil AES qurilishi va avariya to‘g‘risidagi hujjatlarni oshkor qilgan edi. Ular «KGBning Chernobil bo‘yicha hujjatlari. Qurilishdan baxtsiz hodisaga qadar» nomli kitobga kiritilgan. Umumiy hisobda, ushbu kitobga 70 yillarning boshidan 1986 yil noyabrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan 229 ta hujjat kiritilgan.

Avvalroq Chernobil AESdagi avariyadan so‘ng hodisaning sababi sifatida terrorchilik hujumi versiyasi jiddiy ko‘rib chiqilgani haqida xabar berilgandi. Xabarga ko‘ra, oxir oqibat avariya sababi «to‘rtinchi energiya bloki xodimlarining xatti-harakatlari, reaktorni portlashi muqarrar bo‘lgan holatga keltirgan inson omili» deya xulosa qilingan.

Chernobil AESdagi avariya 1986 yil 26 aprelga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Atom elektr stansiyasida to‘rtinchi energiya blokining RBMK-1000 reaktori portlashi tufayli yuz bergan avariya oqibatlari o‘ta halokatli bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Chernobil AESdagi avariyaga oid maxfiy hujjatlarni e’lon qildi