18:45 / 28.04.2021
3 368

AQSH harbiylari Afg‘onistonni tark etmoqda. G‘olib kim, mag‘lub-chi?


20 yil ichida afg‘on zaminida AQSHning 2300 ga yaqin askari halok bo‘ldi. Ushbu urush Amerika soliq to‘lovchilariga bir necha trillion dollarga tushdi. Foto: «NYT»
20 yillik urushdan keyin AQSH harbiylari Afg‘onistonni tark etmoqda. Prezident Jo Bayden qo‘shin 1 maydan olib chiqila boshlashi, jarayon 11 sentabrga qadar to‘liq yakunlanishini ma’lum qilgan.

«Tariximizdagi eng uzoq davom etgan urushga xotima yasash va qo‘shinimizni vatanga qaytarish vaqti keldi», – dedi J.Bayden 15 aprel kuni Amerika xalqiga murojaatida.

2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondan panoh topgani aytilgan terrorchilarga bomba yog‘dirishga kirishdi. Ko‘p o‘tmay afg‘on zaminiga qo‘shin kiritildi. O‘tgan yillar davomida Amerika askarlari soni 100 mingdan oshib ketdi. 2014 yilda AQSH rahbariyati Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarni yakunlash haqida bayonot berdi. Ammo vaziyat qaltisligi, Tolibon harakati amaldagi hukumatni siqib chiqarayotgani vajidan qo‘shinni olib chiqish rejasi ortga surildi. Nihoyat, Tolibon harakati bilan bir necha oyga cho‘zilgan muzokaralardan keyin prezident Donald Tramp ma’muriyati 2020 yil fevral oyida qo‘shinni olib chiqish haqidagi bitimni imzoladi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, AQSH hamda NATO mamlakatlari 14 oy davomida harbiylarini olib chiqib ketadi. Tolibon harakati esa buning evaziga tinch muzokaralarga rozi bo‘lishi hamda o‘z nazoratidagi hududlarda «Al-Qoida» terrorchi tashkilotchi faoliyatiga chek qo‘ymog‘i lozim. Tolibon harakati Afg‘oniston qamoqxonalaridagi minglab tarafdorlarini ozod qilish talabini ham qo‘ygan.  

Ayni payda afg‘on zaminida 2,5 mingga yaqin amerikalik askar xizmat o‘tamoqda. NATO harbiy kontingenti esa 9,6 ming kishini tashkil etadi. 20 yillik urushdan keyin ham Tolibon harakati mamlakatda hamon katta kuch va ta’sirga ega bo‘lib qolmoqda. Shu bois ayrim tahlilchilar ittifoqchilar chiqib ketishi ortidan Afg‘onistonda fuqarolar urushi avj olishi mumkinligini ham istisno etmayotir. Xususan, Urush va tinchlik masalalarini yoritish institutining Kobuldagi ijrochi direktori Tamim Asey siyosiy kelishuvga erishilmasa, Afg‘onistonda Suriyadagi kabi fuqarolar urushi avj olishidan xavotir bildiradi. 

Fevral bitimiga muvofiq, ajnabiylar qo‘shini chiqib ketgach, Tolibon harakati Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar olib borishi va pirovardida umummilliy sulh e’lon qilinishi kerak.

O‘zaro bitimga ko‘ra, AQSH ma’muriyati qo‘shinni olib chiqib ketish, Tolibon esa terrorchilik harakatlariga chek qo‘yish majburiyatini olgan. Foto: AFP
Tahlilchilarga ko‘ra, AQSH askarlari 2019 yilga qadar Tolibon jangarilarining harbiy yurishlariga to‘sqinlik qilib kelgan.  2020 yilga kelib vaziyat o‘zgardi. Tolibon bilan kelishuv doirasida Qo‘shma Shtatlar askarlari soni qisqartirila boshladi. Buning ortidan Tolibon jangarilari so‘nggi olti oy ichida bir qator harbiy yutuqlarga erishdi va kattagina hududni qaytarib oldi. «Foreign Affairs» nashriga ko‘ra, qo‘li baland kelib turgan bir paytda Tolibon harakati muzokaraga bormasligi va og‘zidagi oshini bermasligi tayin.

«Jang maydonlaridagi g‘alabalardan ruhlangan Tolibon qo‘mondonlari harbiy yurishlarni davom ettirmoqchi. Ularning ayrimlari asosiy maqsad to‘laqonli g‘alaba ekanini baralla aytmoqda. Bayden ma’muriyati sentabrga qadar qo‘shinni to‘liq olib chiqib ketsa, toliblar bir necha oy ichida mamlakat janubi va sharqini egallashi hech gap emas. Bu esa amaldagi hukumatning kuni bitganini anglatadi», – deb yozadi «Foreign Affairs» nashri.

Tramp ma’muriyatida Afg‘oniston bo‘yicha siyosatga mas’ul bo‘lgan Liza Kertisga ko‘ra, prezident Ashraf G‘ani 5000 ga yaqin toliblarni qamoqdan ozod qildi, ammo Tolibon harakati calomga yarasha alik olmadi. Aksincha, zo‘ravonlikni kuchaytirib, ko‘proq tarafdorlarini ozod etishni talab qilmoqda.

«The Economist» nashrining yozishicha, Afg‘oniston qurolli kuchlari Tolibon jangarilariga qarshilik ko‘rsata oladigan salohiyatga ega emas. AQSHning Afg‘onistonni tiklash bo‘yicha maxsus noziri Jon Sopko ham Kongressga bergan hisobotida afg‘on qurolli kuchlari halokatli darajada og‘ir holatda ekanini qayd etgan. 

AQSH ma’muriyati kelgusida ham Afg‘onistonga iqtisodiy-gumanitar ko‘makni davom ettirishini ma’lum qilgan. Ammo bu borada aniq mexanizm hali e’lon qilinganicha yo‘q.

Endilikda Afg‘oniston qurolli kuchlari Tolibon jangarilariga qarshi yolg‘iz kurashishiga to‘g‘ri keladi. Foto: «Getty Images»
G‘arb harbiylarining tark etishi ortidan Afg‘onistonda Rossiya, Hindiston, Eron kabi davlatlarning ta’siri oshishi kutilmoqda. Stenford universiteti xalqaro tadqiqotlar instituti rahbari o‘rinbosari Ketrin Stounerning ta’kidlashicha, Rossiya Afg‘onistonda barqarorlikni saqlash uchun faollik ko‘rsatishi mumkin. Siyosatshunosga ko‘ra, Afg‘onistondagi boshqaruv shakli Moskva uchun u qadar muhim ahamiyat kasb etmaydi.

1989 yili Afg‘onistondan sovet qo‘shini olib chiqilishidan ko‘p o‘tmay SSSR qo‘liga qarab qolgan hukumat qulagan edi. Tahlilchilar ayni holat yana takrorlanishidan xavotirda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH harbiylari Afg‘onistonni tark etmoqda. G‘olib kim, mag‘lub-chi?