11:00 / 30.04.2021
1 942

Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan chegaradagi vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi


Foto: «Novosti.kg»
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat barqarorlashdi va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov nazorati ostida. Bu haqda Qirg‘iziston davlat rahbari matbuot xizmati bayonotiga tayanib, «Interfaks» xabar berdi.

«Vaziyat barqaror va mamlakat prezidenti Sadir Japarov nazorati ostida. Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Artyom Novikov boshchiligidagi ishchi guruh Botken viloyatiga kelgan. Ishchi guruh mojaroni hal qilish uchun bir qator choralarni ko‘rdi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Matbuot xizmati ikki mamlakat hukumatlari tashabbusi bilan chegaraoldi hududlardagi qurolli mojaroni hal qilish bo‘yicha tuzilgan komissiyalar hodisa sabablari va oqibatlarini muhokama qilib, qurolli mojaroni to‘xtatish, shaxsiy tarkibi va harbiy texnikani doimiy joylariga olib chiqish to‘g‘risida bayonot imzolaganini ta’kidladi.

«Imzolangan qo‘shma bayonotga ko‘ra, tomonlar shaxsiy tarkibni va harbiy texnikani doimiy joylashtiriladigan joylarga olib chiqib ketish va ziddiyatning kuchayib ketishining oldini olish choralarini ko‘rishga kelishib oldi», — dedi Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Omurbek Suvanaliev. Davlat chegarasida keskinlik avj olmasligi uchun choralar ko‘rilmoqda.

«Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz—tojik qismida sodir bo‘lgan voqea qirg‘iz xalqining birdamligini, vatanparvarligini va fuqarolarimizning mojaroni hal qilishda yordam berishga intilishini namoyish etdi. O‘tgan kun davomida ko‘plab Qirg‘iziston fuqarolari chegaraoldi hududiga borib, mojaroni hal qilishda har tomonlama yordam berish istagini bildirdi», — deya ta’kidladi matbuot xizmati.

«Interfaks» avvalroq xabar berganidek, Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qirg‘iz—tojik chegarasidagi otishma paytida yetkazilgan zararni baholash bo‘yicha komissiya tuzdi.

«Qirg‘iz—tojik chegarasidagi otishma paytida moddiy zararni hisoblash uchun komissiya tuzildi. Ammo u notinch vaziyat tufayli ishiga tusha olmayapti», — degan  Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi Inqirozlarni boshqarish markazi boshlig‘i Muhammad Svarov.
Unga ko‘ra Qirg‘izistonning bitta chegara posti qisman yoqib yuborilgan, bir nechta xususiy uylar ham yondirilgan. Laylak tumanining sakkizta qishlog‘idagi xususiy binolarga zarar yetgan.

«Dastlabki zarar haqida gapirishga hali erta. Aloqa liniyasida ishlash juda qiyin, bu xavfli va jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Avvalo biz jabrlanganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatishimiz kerak. Komissiya Botken viloyatidagi vaziyat butunlay barqarorlashgandan so‘ng to‘liq ishlay boshlaydi», — deya ta’kidlagan Svarov.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28 aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan «Golovnoy» suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Ertasi kuni nizoga ikkala mamlakat harbiylari aralashgan, otishma boshlangan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroda jabrlanganlar soni 134 kishiga yetdi, 13 kishi vafot etdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan chegaradagi vaziyat barqarorlashganini ma’lum qildi