10:20 / 07.05.2021
2 456

Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan mojarodan keyin chegaraga bordi


Foto: «Live.kg»
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz—tojik mojarosidan keyin mamlakatning Tojikiston bilan chegaradosh mintaqasiga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmatiga tayanib «Interfaks» xabar berdi.

«Japarov ish safari bilan Botken viloyatiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari yaqinda davlat chegarasining qirg‘iz—tojik qismida sodir bo‘lgan voqealardan zarar ko‘rgan qishloqlarga tashrif buyuradi va mahalliy aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazadi», — deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Tojikiston bilan chegaradagi qurolli to‘qnashuv natijasida Qirg‘izistonda 220 ta uy va ob’ekt vayron bo‘lganini ma’lum qildi.

«Favqulodda vaziyatlar vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 136 ta uy va 84 ta ob’ekt buzilgan: ulardan bittasi maktab, bitta feldsher-akusherlik punkti, bitta bolalar bog‘chasi, bitta tibbiy markaz, bitta stomatologiya, ikkita dorixona, bitta kutubxona, 27 ta gaz stansiyasi, 34 ta do‘kon, 3 ta oshxona, 3 ta restoran, shuningdek, hukumatga tegishi 7 ta bino», — deyiladi vazirlikning matbuot xizmati xabarida.

«Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus komissiyasi moddiy zararni aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda», — deya ta’kidladi matbuot xizmati.

Avvalroq Tojikiston bilan chegaradagi mojaro paytida Qirg‘iziston qishloqlarida 78 ta uy zarar ko‘rgani ma’lum bo‘lgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Botken viloyatiga 972 tonna gumanitar yordam yetkazib berildi.

Asia-Plus xabariga ko‘ra, Tojikiston mojaroda 19 nafar tojikistonlik halok bo‘lganini rasman tasdiqlamoqda. Qayd etilishicha, So‘g‘d viloyati ma’muriyati 19 kishining halok bo‘lgani va 87 kishi jarohat olganini tasdiqladi va ularga yordam ko‘rsatildi.
«19 nafar qurbon va 87 nafar jarohatlanganlarning oilalariga yordam berish uchun 3 million somoniy (265 ming dollar) jo‘natildi», — deb xabar qildi So‘g‘d viloyati raisi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, 5 may kuni prezident Emomali Rahmon nomidan So‘g‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda va Tojikiston chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Rajabali Rahmonzoda chegara mojarosida halok bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlari uyiga tashrif buyurdi. Ular qurbonlarning har birining oilasiga hamdardlik bildirdi va 70 ming somoniy (6,2 ming dollar) miqdorida yordam ko‘rsatdi.
Halok bo‘lgan fuqarolarning qahramonligi hech qachon unutilmasligi va ularning Vatanni himoya qilish yo‘lida o‘z jonini ayamagani tarix sahifalarida abadiy qolishi ta’kidlandi.

Avvalroq Tojikiston va Qirg‘izistonning davlat chegarasini aniqlash va belgilash bo‘yicha hukumat delegatsiyalari qo‘shma yig‘ilishidan so‘ng mamlakatlar o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyatni hal qilish uchun ko‘riladigan choralar e’lon qilingan edi.

Xususan, tomonlar chegara chizig‘ining ayrim uchastkalarini tavsiflash uchun 1924—1927 yillardagi milliy-hududiy chegaralash va 1989 yilgi yaxlitlik komissiyasining hujjatlari va materiallaridan foydalanishga kelishib oldi. Topografik ishchi guruhlarga 2021 yil 5 maydan 9 maygacha ushbu uchastkalarda tojik—qirg‘iz chegarasining loyiha chizig‘ini tavsiflash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasidagi nizo 28 aprel kuni mahalliy aholi o‘rtasidagi janjal bilan boshlangan edi. U esa tojikistonlik harbiylar bahsli hududda joylashgan «Golovnoy» suv taqsimlash punkti yaqinidagi elektr ustuniga videokuzatuv kameralarini o‘rnatganidan keyin kelib chiqqan. Qirg‘iziston chegara xizmatining axboroti bo‘yicha 29 aprelda ikki davlat harbiylari o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan.

Shuningdek, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z qo‘shinlarini davlat chegarasidan olib chiqib ketishni yakunlagani, shuningdek, nizo chog‘ida garovga olingan o‘n nafar Qirg‘iziston fuqarosi Tojikistonda asirlikdan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bilan mojarodan keyin chegaraga bordi