14:04 / 14.05.2021
1 648

AQSHda COVID-19’ga qarshi emlangan fuqarolar niqob taqmasligi va masofa saqlamasligi mumkin bo‘ldi


Foto: novyny.org
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) mamlakatning koronavirusga qarshi to‘liq emlangan aholisiga niqob taqmaslik, ko‘chada va bino ichida ijtimoiy masofa saqlamaslik uchun ruxsat berdi. Yangi tavsiyalar CDC direktori Roshel Valenski tomonidan taqdim etildi, deb yozadi Meduza.

«To‘liq emlangan har qanday kishi bino ichida va ochiq havoda niqobsiz va masofa saqlamasdan yurishi mumkin. Agar  to‘liq emlangan bo‘lsangiz, pandemiya sababli to‘xtatib qo‘ygan ishlaringizni davom ettirishingiz mumkin. Barchamiz odatiy hayotga qaytish imkonini beradigan ushbu daqiqani orziqib kutdik», — dedi CDC rahbari.

Shu bilan birga, to‘liq emlangan amerikaliklar, federal yoki shtat qonunlari, shuningdek mahalliy biznes qoidalari talab qilgan taqdirda, niqob taqish va masofani saqlashda davom etishi kerak. Shuningdek, ular jamoat transportida, aeroportlarda va temir yo‘l stansiyalarida niqobda bo‘lishi lozim.

CDC standartlariga ko‘ra, fuqaro vaksinaning oxirgi dozasini qabul qilganidan keyin ikki hafta o‘tgach to‘liq emlangan hisoblanadi.

Hozirgi kunda AQSHda uchta vaksina tasdiqlangan: ikki dozasi talab qilinadigan Pfizer va Moderna hamda bitta dozasi yetarli bo‘lgan Johnson & Johnson.

CDC ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar AQSHda 154 million kishi (aholining 46 foizi) kamida bitta doza qabul qilgan. 117,6 million kishi (aholining 35 foizi) to‘liq emlangan hisoblanadi.

Oq uy hisob-kitoblariga ko‘ra, 4 iyul — AQSH Mustaqilligi kuniga qadar mamlakatda to‘liq emlanganlar soni 160 millionga yetadi.

Mart oyi boshida AQSHning Texas va Missisipi shtatlari niqob taqish majburiyatini bekor qilib, tadbirkorlar uchun cheklovlarni olib tashlagan edi. Oq uy esa mazkur qarorning xato ekanini aytgan.

Aprel oyida Isroilda koronavirus bilan kasallanish darajasining pasayishi munosabati bilan aholiga ko‘chada niqob taqish majburiyati bekor qilindi. Shuningdek, Isroil koronavirusga qarshi emlanganlar uchun 23 may kuni o‘z chegaralarini ochishini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda COVID-19’ga qarshi emlangan fuqarolar niqob taqmasligi va masofa saqlamasligi mumkin bo‘ldi