11:06 / 19.05.2021
3 027

To‘rt ssenariy. AQSH Afg‘onistonni tark etsa nimalar bo‘lishi mumkin?


Amerika Qo‘shma Shtatlari va «Tolibon» vakillari tomonidan 2020 yil 29 fevralda tuzilgan shartnomaga ko‘ra, AQSH hamda NATO ittifoqchilari 14 oy ichida o‘z qo‘shinlarini Afg‘oniston hududidan olib chiqishi nazarda tutilgan edi. Bu jarayon saylovlarda Jo Baydenning g‘alabasidan keyin savol ostida qolganiga qaramasdan, AQSHning yangi prezidenti 2021 yil 11 sentabrgacha barcha qo‘shinlar Afg‘onistondan olib chiqilishini ma’lum qildi.

Xalqaro terrorizm markazi sifatida e’tirof etiladigan, giyohvand moddalar yetishtirishda yuqori o‘rinlarda boruvchi va 30 yildan oshiq vaqt davomida fuqarolar urushi girdobida bo‘lgan Afg‘oniston xalqaro aksilterror kuchlar chiqib ketishidan so‘ng mintaqadagi siyosatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Birinchi ssenariy: «optimistik taraqqiyot»
Shunisi aniqki, Qo‘shma Shtatlar harbiy kontingentining evakuatsiya qilinishi mamlakatni siyosiy vakuum holatida qoldirib ketadi. Agar rasmiy hukumat va «Tolibon» vakillari o‘zaro kelishuvga erisha olsa hamda xalqaro shartnomada kelishilgan bandlarga amal qilishsa, Afg‘oniston tinchligi va taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan keng ko‘lamli islohotlarni boshlash imkoniyati yaratiladi. Buning uchun, avvalambor, rasmiy Kobul va «Tolibon» vakillari davlat tuzilish shakli, boshqaruv tizimi va xalqaro hamkorlari borasida yagona kelishuvga erishishi talab etiladi.

Vaholanki, ushbu masalada bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan savollar bisyor: Afg‘oniston federatsiyaga aylantiriladimi yoki respublikaligicha qoladimi? Davlat boshqaruv shakli «Tolibon» talab qilayotgandek diniy yo‘nalishda quriladimi yoki dunyoviy boshqaruv amaliyoti qo‘llanadimi? Agar dunyoviy davlat bo‘ladigan bo‘lsa, «Tolibon» «yangi hayot tarzi»ga qanchalik tolerantlik ko‘rsata oladi? Asosiy xalqaro hamkor sifatida «Tolibon» xohlayotgan Pokiston tanlanadami yoki rasmiy hukumat aloqalarini rivojlantirib borayotgan Hindistonmi? Holbuki, Hindiston va Pokiston geosiyosiy nuqtayi nazardan strategik raqib davlatlar hisoblanishadi.

Ikkinchi ssenariy: «Vetnam sindromi»
Qo‘shma Shtatlar tomonidan qoldiriladigan siyosiy vakuum mintaqadagi o‘zining yirik dasturlarini ilgari surayotgan Xitoy tomonidan to‘ldirilishi mumkin. Aynan Afg‘oniston hududiga kiruvchi Vahan koridori tarixan Buyuk ipak yo‘lining tog‘lar orasidan kesib o‘tuvchi darasi bo‘lgan. Pekinning ushbu yo‘l orqali savdo-sotiq va infratuzilmani qayta tiklash borasidagi ambitsiyalari Xitoy hukumatining Afg‘oniston borasidagi siyosatini faollashtirishi mumkin. Shuningdek, dunyoda yetakchi davlatga aylanishga urinayotgan Xitoy shu orqali sharqiy chegaralarida o‘ziga xos «bufer zona» ham yaratib oladi. Lekin aynan nega Qo‘shma Shtatlar strategik raqobatchisiga Afg‘oniston bo‘ylab harakatlanishi uchun «yashil yo‘lak» ochib berdi?

Javobi esa, tarixchilar yaxshi bilganidek, afg‘on xalqlarini industrial dunyonining hech bir «buyuk davlati» taslim eta olmaganidadir. Buyuk Britaniya uch marta (1839-1842 yillar, 1878-1880 yillar, 1919 yil) Afg‘onistonda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, sobiq ittifoq o‘zining 10 yillik (1979-1989 yillar) harbiy harakatlari davomida sezilarli natijaga erisha olmagan. Aksincha, afg‘on urushi Sobiq Ittifoq uchun 15 000ga yaqin harbiy xizmatchining hayoti yo‘qotilishi va iqtisodiyoti sezilarli zaiflashuvi bilan yakunlandi. Ayrim tahlilchilarning fikricha, aynan Afg‘onistondagi urush sobiq ittifoqning tanazzuliga sabab bo‘lgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari, bir qutbli dunyo tartibotining yagona «superpower» davlati 2001 yildan beri 20 yil davomida 1 trillion dollardan oshiq bo‘lgan mablag‘ sarfladi. Holbuki, Afg‘onistondagi urushda ko‘rilgan zarar hamda Iroq urushidagi moliyaviy yo‘qotishlarni qo‘shib hisoblaganda, Qo‘shma Shtatlarnig eng og‘riqli muammosiga aylangan ichki infrastukturani qayta tiklash ishlarini qoplashi mumkin edi.

Agar Xitoy optimistik tahlillarga tayangan holda, AQSH taqdim etayotgan imkoniyatdan foydalansa, iqtisodiyoti uzoq muddatli xarajatlarga sabab bo‘luvchi tuzoqqa tushish ehtimoli mavjud. Vaholanki, bu kabi tajribalarni AQSH Vetnamda (shuning uchun «Vetnam sindromi» deyiladi) va sovetlar davlati Afg‘onistonda boshdan kechirgan.

Uchinchi ssenariy: «Rossiya-Tolibon qarama-qarshiligi»
Vetnam urushidagi istiqbolsizlikni sezgan Vashington 1969-1972 yillar davomida Amerika kontingentini qisqartirishi, yakunda sotsialistik Vetnam qo‘shinlarining janubga shiddatli hujumi va Janubiy Vetnam davlatining qulashi bilan yakunlangan edi. Shaklan ikkinchi ssenariy kabi «Vetnam sindromi»ga bog‘liq bo‘lsa-da, shartlari qisman o‘zgaradi. Rasmiy hukumat va «Tolibon» yagona kelishuvga erisha olmaydi, Xitoy ham Afg‘onistonda tezkor g‘alaba qozonish mumkinligi haqidagi boshqa «buyuk davlatlar» qilgan va yakunda xato bo‘lib chiqqan optimistik qarashlarni amalda qo‘llashdan bosh tortadi, siyosiy-tarixiy tahlillardan kelib chiqib Afg‘oniston ishlariga aralashmaydi hamda siyosiy bo‘shliq saqlanib qoladi.

Qo‘shma Shtatlar radikal jangarilar va shimol o‘rtasida o‘ziga xos devorni olib tashlaydi, ya’ni qo‘shinlarini olib chiqib ketishi oqibatida «Tolibon»ning xuddi Vetnam sotsialistlarining AQSH qo‘shinlari ketganidan so‘ng jadallashgan harbiy harakatlari kabi faollashuvi, 1990-yillarda Shimoliy Kavkazda bo‘lgani kabi Rossiyaning janubi va Kavkaz hududlariga ta’sir etish ehtimoli oshadi. Natijada esa, Moskvaning xavfsizlik siyosatida Turkiya, Pokiston, Eron va Markaziy Osiyo respublikalari bilan xalqaro munosabatlarni rivojlantirish muhim o‘rin tuta boshlaydi.

To‘rtinchi ssenariy: «Yangi Sudet taktikasi»
1938 yil Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada G‘arbning «buyuk davlat»lari agressiya xavfi kuchayib borayotgan Germaniyaning harbiy istilolarini sharqqa burib yuborish maqsadida Chexiyaning Sudet hududi nemislarga berilishiga rozi bo‘lishadi. Bu urinish garchi Ikkinchi jahon urushini to‘xtatib qola olmagan bo‘lsa-da, G‘arb davlatlarining bu kabi siyosiy o‘yinlari sharqiy frontni asosiy frontga aylantirgandi. Natijada, sovetlar davlati urushni eng ko‘p qurbonlar bilan yakunladi.

Bu ssenariyni uchinchi ssenariyning mantiqiy davomi sifatida ko‘rish mumkin. Afg‘onistondagi vaziyat beqarorlashuvi va bunday xavf Markaziy Osiyo, Kavkaz va Rossiyaning janubiy hududlariga tarqalish ehtimoli Kremlni janubiy chegaralarga katta e’tibor qaratishga majbur etib turadi. Yakunda esa Vashington so‘nggi oylarda rus harbiylari bosimi ostida qolayotgan Ukraina, Boltiqbo‘yi hamda Sharqiy Yevropaning NATOga a’zo davlatlarini Moskvaning asosiy siyosiy ambitsiyalaridan ozod qilishga muvaffaq bo‘ladi. Shu yo‘l bilan AQSH Yevropadagi yaqin ittifoqchilarini siyosiy raqobatchisi Rossiya tazyiqidan qutqarib olishi mumkin bo‘ladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, yuqoridagi to‘rt ssenariy hozirda mavjud ma’lumotlardan kelib chiqib qilingan tahlildan iborat, xolos. «Qora oqqush effekti» kabi hodisalar ro‘y bermasligini inkor eta olmaymiz, ya’ni davlatlarning qaror qabul qiluvchi guruhlari kutilmaganda biz o‘ylamagan yurishlarni amalga oshirishlari mumkin. Biroq shuni unutmasligimiz kerakki, ssenariylarning sodir bo‘lish ehtimoli AQSH o‘z so‘zlarini bajargan holda Afg‘oniston kontingentini yopgandagina paydo bo‘ladi.

Shahboz Jo‘rayev va Doston Ahrorov, 
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mustaqil tadqiqotchilar

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » To‘rt ssenariy. AQSH Afg‘onistonni tark etsa nimalar bo‘lishi mumkin?