19:39 / 21.05.2021
1 967

Xorijiy davlatlar qonunchiligida tuhmat uchun javobgarlikka tortishning o‘ziga xos xususiyatlari


Bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda axborot olish va uni tarqatish vositalari ham ko‘payib, takomillashib bormoqda.
Mazkur texnologiyalar orqali tarqatilayotgan son-sanoqsiz ma’lumotlarning qaysi biri ishonchli va to‘g‘riligini aniqlashning
esa imkoni yo‘q. Bu esa, o‘z navbatida, yolg‘on va haqiqatga mos kelmaydigan faktlarni yuzaga kelishi orqali ayrim fuqarolarning obro‘si,
 qadr-qimmatining yo‘qotilishiga, yuridik shaxslarning esa ishchanlik obro‘siga putur yetib, ularga nisbatan moddiy va ma’naviy zararlar yetkazilishiga olib kelmoqda.

Qonunchiligimizda tuhmat deganda bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, kishining sha’ni, qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keluvchi yolg‘on ma’lumotlar berish nazarda tutiladi. Tuhmat qilgan shaxsga qilmishining og‘irlik darajasiga qarab ikki xil ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali biror shaxsga  yoki tashkilotga boshqa shaxslar yoki turli guruhlar tomonidan tuhmat qilish holatlari tez-tez sodir etilmoqda.

Ushbu maqolada tuhmatning nima ekanligi hamda mazkur hatti-harakat uchun xorijiy davlatlar qonunchiligida qanday javobgarlik belgilanganligi haqida so‘z yuritamiz.

Xo‘sh, xorijiy davlatlar qonunchiligida bu borada qanday amaliyot mavjud?
So‘nggi yillarda Rossiya Federatsiyasi qonunlarida tuhmat uchun javobgarlikni kuchaytirilganini ko‘rish mumkin. Tuhmat uchun jinoiy javobgarlik 2011 yil 7 dekabrdagi 420-son Federal qonun bilan dekriminalizatsiya qilinib, 129-modda Jinoyat kodeksidan chiqarib tashlangan edi. Biroq tuhmat uchun javobgarlik “Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi 2012 yil 28 iyuldagi 141-son federal qonun bilan jinoiy qilmishlar safiga qayta kiritildi.

Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 1281-moddasida tuhmat qilishning ayrim o‘ziga xos jihatlarini ko‘rish mumkin. Masalan, mazkur moddaning 3-qismida o‘z mansabidan foydalanib tuhmat qilish 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish hamda 4-qismdagi hukumat tasdiqlagan ro‘yxatda keltirilgan jamiyat uchun xavfli bo‘lgan kasallikka chalinganlikda ayblab tuhmat qilish uchun 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilangan. 2020 yilda mazkur ro‘yxatga koronavirus infeksiyasi ham qo‘shildi. Shu bilan birga 2020 yil dekabr oyida internet jahon axborot tarmog‘i orqali tuhmat qilish bo‘yicha jazo turlari kengaytirildi. Ushbu moddaning 2-3 qismlariga axloq tuzatish ishlari, qamoq hamda ozodlikdan mahrum qilish jazolari qiritildi.

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko‘ra, tuhmat uchun jinoiy javobgarlik yuridik shaxsga qo‘llanilmaydi. Jabrlangan taraf
o‘z huquqlarini fuqarolik sudi orqali himoya qilishi mumkin. Bunda tabiiy ravishda savol tug‘iladi. Shaxslarning qadr qimmati va sha’nini kamsituvchi harakatlar sodir etilsa, uning jinoiy yoki fuqarolik qonunchiligi normalari bilan tartibga solinishini qanday aniqlasa bo‘ladi? Bunda ma’lumotni tarqatuvchi shaxs yolg‘on ma’lumotni bila turib, qasddan tarqatsa, u jinoiy hatti-harakatni, agar ehtiyotsizlik oqibatida, ma’lumotlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bilmay turib sodir etsa, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan bo‘ladi.

E’tiborli jihati shundaki, umumiy xarakterdagi: firibgar, poraxo‘r, o‘g‘ri kabi ayblovlar tuhmat hisoblanmaydi.
Shveysariya Jinoyat kodeksida tuhmat uchun javobgarlikni yumshatishga oid normalar ko‘proq qo‘llanilishini ko‘rish mumkin. Masalan, kodeksning 188-moddasi 2-qismi hamda 193-modda 2-xatboshisiga binoan tuhmat qilishda aybdor shaxs o‘z so‘zlarini haqiqatga mos kelmasligini tan olib, qaytib olsa, unga yengilroq jazo berilishi yoki butunlay javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Angliya qonunchiligida tuhmatning ikki xil: og‘zaki (slander) hamda yozma (libel) ko‘rinishlari mavjud. Mamlakatda har bir jismoniy yoki yuridik shaxs o‘z sha’ni va ishchanlik obro‘sini tuhmatdan himoya qilish, sud tartibida buzilgan huquqlarini tiklashi kafolatlangan. 

E’tiborli jihati shundaki, tuhmat va haqorat uchun aybdorlarni sudga berish na markaziy va na mahalliy hokimiyat organlariga berilgan. Agar biror davlat tashkiloti mansabdor shaxslariga tuhmat qilinsa, ularning o‘zi o‘z hisobidan sudga da’vo arizasi kiritishi mumkin. Lekin davlat tashkiloti sudda tomonlardan biri sifatida ishtirok eta olmaydi. Bu Angliyada, avvalo, so‘z erkinligi, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ta’qib qilishdan tiyilish, qolaversa, mansabdor shaxslar faoliyatidan xalqning noroziligi soliq to‘lovchilarning puli evaziga himoya qilinmasligi bilan izohlanadi.

Angliyada so‘z erkinligini, jurnalistlar faoliyatini hamda davlat tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash maqsadida 2013 yilda
The defemation act 2013 qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda tuhmat uchun javobgarlikni belgilashga oid huquqiy normalar o‘z aksini topgan.

Ma’lumki, London shahri “Tuhmat migratsiyasi”ning (Libel tourism) poytaxti deb e’tirof etiladi. Bunga sabab sifatida esa London arbitraj sudlari tomonidan tuhmat bo‘yicha mashhur insonlar orasida ko‘plab sud nizolari ko‘rib chiqilgani e’tirof etiladi. 

Masalan, mashhur Forbes jurnalining o‘tgan asrning 90 yillari oxiridagi Rossiyalik oligarx Boris Berezovskiy bilan bog‘liq mojarolari (Godfather of the Kreml maqolasi), Saudiya shayxlaridan Xolid ibn Maxfuz  va uning oila a’zolari tomonidan asli isroillik AQSH fuqarosi bo‘lgan Reychel Ehrenfeldning “Iblisni moliyalashtirish” nomli kitobidan norozi bo‘lib, Angliya xalqaro arbitraj sudiga shikoyat qilganligini aytib o‘tish mumkin.

Reychel Ehrenfeld o‘z kitobida Xolid ibn Maxfuzni ayrim terroristik guruhlarni pul mablag‘lari bilan ta’minlab turishda ayblagan. London sudi qaroriga ko‘ra shayx Xolid aybsiz deb topilib, kitob muallifiga katta jarima jazosi tayinlanganidan keyin, dunyo bo‘ylab ko‘p davlatlarda Tuhmat migratsiyasi so‘z erkinligiga asosiy tahdid va katta foyda ko‘rishga qaratilgan vosita deya unga qarshi harakatlar boshlanib ketdi.

2008 yil 13 yanvarida Nyu-York shtati Qonunchilik kengashi a’zosi Roriy Lansmen hamda senator Den Skelos “Tuhmat migratsiyasidan himoyalanish to‘g‘risida akt”ni ikkita qonunchilik palatasiga ham tanishtirdi. Mazkur qonun so‘z erkinligigi ta’minlash va Nyu-York fuqarolik sudlarini isloh qilish uchun ishlab chiqilgani ta’kidlab o‘tildi.

Qonun loyihasi Nyu-York shtati Qonunchilik kengashi tomonidan bir ovozdan ma’qullandi va gubernator Peterson tomonidan 2008 yil
 29 aprelda imzolandi. Tuhmat migratsiyasidan himoya to‘g‘risidagi qonun Nyu-York sudlariga shtatda istiqomat qiluvchi noshirlar va yozuvchilarga qarshi xorijiy davlat sudining tuhmat bo‘yicha chiqargan qaroriga ega da’vogar shaxslarga oid ishlarni o‘z yurituviga olishiga, shuningdek, AQSH Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan “so‘z erkinligi va matbuot himoyasi”ga zid bo‘lgan xorijiy davlatlar sudlari qarorlarini ijro etilishini cheklashga vakolat beradi.

Shu bilan birga, AQSHda 2008 va 2009 yillarda qabul qilingan “So‘z erkinligi himoyasi to‘g‘risida”gi aktlarga xorijiy sudlar tomonidan Amerika fuqarolariga tuhmat uchun javobgarlik yuklaydigan hukmlarni, modomiki mamlakat qonunlari bo‘yicha uning rezidentlari aytgan so‘zlar tuhmat xususiyatiga ega bo‘lmasa, AQSH sudlari tomonidan ijro etilmasligi bo‘yicha normalar kiritilgan. Shu munosabat bilan 2010 yil 10 avgustda Vakillar palatasi va Senat tomonidan the 2010 Speech Act qonun loyihasi bir ovozdan ma’qullanib, usha davrdagi prezident Barak Obama tomonidan imzolangan.

Albatta, ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishida AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan so‘z erkinligiga oid o‘zgartirish ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, qonun ijodkorlari tomonidan mazkur ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi normalar davr talabadan kelib chiqib muntazam ravishda takomillashtirilib borishi kerak.

Shubhasiz, jamiyat shu yo‘l orqaligina so‘z erkinligini suiste’mol qilib, boshqalarni obro‘sizlantirish yoki asossiz tuhmat deya kimningdir so‘z erkinligiga bo‘lgan huquqini cheklash holatlarini farqlab, ushbu holatlarga barham bera oladi.

Anvar Abduxolikov 
Adliya vazirligi Davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini
 tahlil va monitoring qilish boshqarmasi katta maslahatchisi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xorijiy davlatlar qonunchiligida tuhmat uchun javobgarlikka tortishning o‘ziga xos xususiyatlari