14:21 / 22.05.2021
4 028

«Ehtiyot bo‘ling, odamxo‘rlar kelyapti!» – Vatanidan badarg‘a qilingan baxtiqaro millat...


«Xalqlar otasi» Stalin farmoni bilan amalga oshirilgan surgun amaliyoti genotsid deb e’lon qilgan.
Rustam Eminov chizgan «O‘lim poyezdi» nomli rasm

Bundan 77 yil oldin sho‘ro dohiysi Iosif Stalinning farmoni bilan 250 mingdan ziyod Qrim tatarlari vatanidan badarg‘a qilingan edi. Ochlik, tashnalik, turli xastaliklar hamda ona yurt firoqi sabab ularning yarmi yo‘lda vafot etadi. «Anadolu» agentligi ushbu mudhish fojianing shohidlari bilan suhbatlashdi.

83 yoshli Neshet Zekeriyayevlar oilasi Qrimning Arganchik nomli qishlog‘ida yashagan. Uning hikoya qilishicha, subhi sodiqda qishloqqa bostirib kelgan askarlar o‘nlab oilalarni vagonga bosib noma’lum tomonga olib ketgan. Uning singlisi Zahro yo‘lda nobud bo‘lgan. Zekeriyayevlar oilasi o‘n minglab qrim tatarlari qatorida O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan qo‘nim topadi.

1946 yili otasi vafot etadi. 6 farzandini boqishga qurbi yetmay qolgan keksa ona esa o‘g‘li Neshetni mehribonlik uyiga topshiradi. Jafokash oila qatag‘onning bosh «me’mori» Stalin o‘lganidan keyin ham ko‘p zamonlar Qrimga qayta olmaydi. Neshet Zekeriyayev 1980-yillarga dunyoga kelgan qiziga surgun payti bevaqt vafot etgan singlisi xotirasiga hurmat ramzi o‘laroq Zahro deb ism qo‘yadi.

Neshet va Abdurahmon ota 77 yilki mash’um surgun xotiralari ichida yashaydi. Foto: «AA»
85 yoshli Abdurahmon Xalilov o‘sha mash’um surgun vaqti 8 yoshda bo‘lgan. Tonggi soat 4 da Qoraboy qishlog‘iga kelgan askarlar besh farzandli oilani dastlab Uralga badarg‘a qilgan.
«Uydan biror buyum, hatto uch-to‘rt so‘m pul olishimizga ruxsat berishmadi. Bo‘xchamni olishimga ham izn tegmadi. Hammani poda kabi bir vagonga qamashdi», – deb xotirlaydi A.Xalilov.

Qayd etilishicha, sho‘ro arboblari mahalliy aholiga jafokash millat vakillari haqida «Odamxo‘rlar kelmoqda, ulardan ehtiyot bo‘linglar», deb uqtirgan. Xalilovlar oilasining Uraldagi umrguzaronligi 10 yildan oshmadi. 1954 yili ularni Andijon viloyatiga badarg‘a qilishadi.

«Bizni erkimizdan mahrum etishgan edi. Uch nafardan ortiq kishi yig‘ilishi man etilgan, askarlar kaltaklar edi. Gohida uydan ostona hatlab ko‘chaga chiqish mumkin emas edi», – deb xotirlaydi A.Xalilov.
Ushbu oila ham uzoq yillar davomida kindik qoni to‘kilgan zaminga qayta olmagan.

Ikkinchi jahon urushi davrida sovet armiyasi Qrim yarimorolini nemislarga berishga majbur bo‘lgan. Qrim tatarlar sho‘ro armiyasi safida natsistlarga qarshi sidqidildan kurashgan. Ammo qizil armiya yarimorolni hitlerchilardan qaytarib olgach,  sho‘ro davlati qrim tatarlarini nemislarga xiyonatda ayblab badarg‘a etish haqida qaror chiqargan. 

Vatanidan badarg‘a qilingan 250 ming qrim tatarlarning yarmi ochlik va turli xastaliklar sabab yo‘lda halok bo‘ladi. Foto: «Wikipedia»
Surgun I.Stalin imzo qo‘ygan hujjatga ko‘ra 1944 yil 18 may tunida boshlangan. Insoniyat tarixidagi eng mudhish amaliyotlaridan biri sanalgan operatsiya o‘sha yilning iyunida yakunlangan. Turkiy qavmning ko‘plab musibatlarga duch bo‘lgan vakillari – qrim tatarlar asosan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondan qo‘nim topgan. Sho‘ro davlati qrim tatarlari yarimorolni tark etgach, ularning tarixiy xotirasini o‘chirishga zo‘r berib harakat qilgan. Xususan, Qrimdagi turkiy toponimlar ruscha nomlarga almashtirilgan.

1989 yilning noyabrida SSSR Oliy soveti qrim tatarlarining surgun etilishini jinoyat deb tan olgan.
2015 yili Ukraina Oliy radasi ushbu tarixiy fojiani rasman genotsid deya e’lon qilgan. 
Qrim 2014 yil 21 aprelda Rossiya tomonidan ishg‘ol etilganidan keyin ham mahalliy aholiga nisbatan bosimlar bo‘lgani aytiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Ehtiyot bo‘ling, odamxo‘rlar kelyapti!» – Vatanidan badarg‘a qilingan baxtiqaro millat...