21:40 / 23.05.2021
2 788

Lukashenkoga muxolifatchi bo‘lgan bloger u uchayotgan samolyotda aldov yo‘li bilan qo‘lga olindi


Minskda Belarusdagi namoyishlarni faol yoritgan Nexta telegram-kanalining sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. Uni Afinadan Vilnyusga uchgan samolyot «minalashtirish» haqidagi xabardan so‘ng Minskdagi aeroportga qo‘ndirilgan samolyot bortidan tushirib qoldirishgan.


23 may kuni kunduzi Gretsiya poytaxti Afinadan Litva poytaxti Vilnyus shahri tomon uchgan Ryanair aviakompaniyasi samolyoti shoshilinch tarzda qo‘ndirildi.
«Roman Protasevich qo‘lga olindi. U Ryanair aviakompaniyasining Afina-Vilnyus reysida uchayotgandi», - deya xabar qildi «Vesna» manbasi.

Svetlana Tixanovskayaning maslahatchisi Franak Vyachorka samolyot bortida jurnalist, Nexta telegram-kanalining sobiq muharriri Roman Protasevich bo‘lgani (u Nexta dan ketgach boshqa bir muxolifatchi kanal «Belarus golovnogo mozga» uchun ishlay boshlagan) haqida xabar berdi.

Litva prezidenti va tashqi ishlar vaziri zudlik bilan samolyotni va barcha yo‘lovchilarni ozod qilishni talab qildi.
Ko‘p o‘tmay Belarus IIV Protasevich Minsk aeroportida qo‘lga olinganini tasdiqladi.

Undan avvalroq «Minsk» xalqaro aeroporti Afinadan Vilnyusga uchgan Ryanair samolyoti mina o‘rnatilgani haqidagi xabardan keyin shoshilinch qo‘ndirilgani haqida xabar bergandi. Keyinroq bomba haqidagi xabar tasdiqlanmadi, ammo bortdagi barcha yo‘lovchilar tekshirilgani ma'lum qilindi.

O‘z navbatida, samolyot yo‘l olgan Litvadagi aeroport vakili «Reyter» agentligiga bortda yo‘lovchilardan biri va ekipaj a'zolari o‘rtasida janjal kelib chiqqanidan so‘ng samolyot Minskka qo‘ndirilgani haqida aytib berdi.

Belarusdagi Onliner nashrining qayd etishicha, Minskda yo‘lovchilar samolyotdan tushirilgan va qayta tekshiruvdan o‘tkazish uchun aeroport ichkarisiga olib ketilgan, shu vaqtda Protasevich qo‘lga olingan.

Nexta ma'lumotiga ko‘ra, parvozdan oldin Protasevich o‘zini kuzatishayotganini sezgani haqida xabar bergan: o‘rta yoshlardagi, rus tilida so‘zlashuvchi erkak uning hujjatlarini suratga olishga harakat qilib, tushunarsiz tarzda savollar bergan. Shundan so‘ng hujjatlarni tekshirish chog‘ida keyingi navbat uniki bo‘lsa-da, qatordan chiqib ortga ketgan.


«Mutlaqo ayonki, bu jamoat faoli va bloger Roman Protasevichni qo‘lga olish maqsadida samolyotni to‘xtatish uchun maxsus xizmatlar tomonidan amalga oshirilgan amaliyotdir», deya ma'lum qildi Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Svetlana Tixanovskaya.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Belarus hukumatidan Protasevichni ozod etishni talab qilgan va samolyot majburan Minskka yo‘naltirilib, aeroportga qo‘ndirilganini qayd etgan.
«Men NATO va YeIni Belarusdagi rejim tomonidan xalqaro fuqarolik aviatsiyasiga qilingan tahdidga tezkorlik bilan reaksiya qilishga chaqiraman. Xalqaro hamjamiyat bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun zarur qadamlarni tashlashi kerak», dedi Litva prezidenti.

Nauseda bu vaziyatni YeIning dushanba kungi sammitida ko‘tarib chiqishni va'da qilgan.
Litva TIV Minskka qo‘ngan Ryanair samolyoti ekipaji va yo‘lovchilarini ozod qilish talabi bilan Belarus vakilini chaqirtirgan.
Britaniya parlamentining xorijiy ishlar bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi Tom Tugendhat «muxolifat ovozini o‘chirish maqsadida samolyotni zo‘rlik bilan qo‘ndirish demokratiyaga hujum hisobanishi»ni qayd etgan.

FR4978 reysi belgilangan marshrutni o‘zgartirishi flightradar124 saytida qayd etilgan, unda samolyot Litva chegarasiga yetay deb qolganida ortga qayrilib, sharq tomonga, Minskka uchgani aks etgan.

Ryanair kompaniyasi hozircha vaziyat yuzasidan izoh berish bo‘yicha so‘rovlarni javobsiz qoldirmoqda.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning administratsiyasiga yaqin bo‘lgan «Pul Pervogo» kanali samolyot bilan bog‘liq vaziyat davlat rahbari nazoratida turganini ma'lum qilgan.

Xabar qilinishicha, «bosh qo‘mondon topshirig‘i bilan yo‘lovchi samolyotga hamrohlik qilish uchun qiruvchi samolyot havoga ko‘tarilgan».
2020 yil noyabrida Belarus KGB Protasevichni Nexta kanalining yana bir boshqa asoschisi Stepano Putilo bilan birga terrorchilar ro‘yxatiga tirkagandi.

Bundan tashqari, Belarus Tergov qo‘mitasi Putilo va Protasevichga qarshi Minskda ommaviy tartibsizliklar tashkillashtirish, hukumat vakillari va militsiyaga nisbatan ijtimoiy dushmanlik uyg‘otish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Bu moddalar mos ravishda 15 va 12 yillik ozodlikdan mahrum etish jazolarini ko‘zda tutadi. 

Nexta telegram-kanali va uning logotipi Belarus hududida ektremistik materiallar deb e'lon qilingan.
Nexta — 2020 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyin Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlari boshlanishi natijasida ommaviylikka erishgan birinchi raqamli muxolifat resursi hisoblanadi. Kanal tahrirriyati Polsha poytaxti Varshavada joylashgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenkoga muxolifatchi bo‘lgan bloger u uchayotgan samolyotda aldov yo‘li bilan qo‘lga olindi