19:50 / 31.05.2021
2 219

Xitoyda oilalarga uch nafardan farzand ko‘rishga ruxsat berildi


Foto: Getty Images
Xitoy hukumati turmush qurgan juftliklar endilikda uch nafar farzand ko‘rishi mumkinligini e’lon qildi. Tegishli qaror Xitoy Kommunistik partiyasining Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi majlisida qabul qilingan, deb yozadi «RBK».

Rasmiylarning fikriga ko‘ra, aholining tez keksayishini hisobga oluvchi yangi ruxsatnoma mamlakatda demografik vaziyatni yaxshilashga yordam beradi.

Xitoy hukumati XX asr o‘rtalarida — Xitoy aholisi rekord darajada o‘sgan payt demografik portlash sababli oilani rejalashtirish siyosatini olib borishni boshlagan edi. Dastlab hukumat siyosati kontratsepsiya vositalarini tarqatish va kech nikohlarni targ‘ib qilishga qaratilgan edi, ammo keyinchalik mamlakat rasmiylari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tug‘ilish darajasini cheklash siyosatini boshladi.

1979 yildan boshlab XXR «Bir oilaga — bir bola» siyosatini yuritishni boshladi: ba’zi istisnolardan tashqari, oilalarga bittadan ortiq bola ko‘rish taqiqlandi, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ota-onalar katta miqdorda jarimaga tortildi.
Ushbu qarorlar tufayli 1990 yillarda aholi o‘sishi sekinlasha boshladi.

2013 yilda ota-onadan birortasi oilada yagona farzand bo‘lgan oilalarga ikkinchi farzand tug‘ilishga ruxsat berildi. «Bir oilaga — bir bola» siyosati nihoyat 2015 yilda bekor qilinib, barcha oilalarga ikki nafar farzand ko‘rishga ruxsat berildi.

Tug‘ilishning pasayishi tufayli Xitoy yangi muammoga duch kelmoqda — aholi keksayib bormoqda. Mehnatga layoqatli aholi soni kamayishni, qariyalarning ulushi ko‘payishni boshladi, bu esa ijtimoiy xarajatlarning tez o‘sishi xavfiga olib keldi.

Pekinning Sehe tibbiyot instituti va Xitoy Keksalar salomatligi assotsiatsiyasi 2026 yilga kelib Xitoy 65 yosh va undan kattalar aholining 14 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladigan «jamiyati qarib borayotgan mamlakat»ga aylanishini prognoz qildi.

2020 yil yanvar oyida Xitoy Milliy statistika byurosi mamlakatdagi tug‘ilish koeffitsiyenti Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan 1949 yildan beri eng past darajaga tushganini xabar qildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘rtacha 1000 kishiga 10,48 bola to‘g‘ri kelgan.
Milliy statistika byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil holatiga Xitoy aholisi 1,412 milliard kishini tashkil qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda oilalarga uch nafardan farzand ko‘rishga ruxsat berildi